O‘zbekiston | 20:04 / 26.02.2020
27263
6 daqiqa o‘qiladi

Nima muhimroq: o‘quvchining tashqi ko‘rinishi yoki ta'lim sifati?

“Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan Nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. 

Foto: Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati

“Taklif etilayotgan asosiy o‘zgartirishlar nodavlat ta'lim muassasalari tomonidan litsenziya olish tartibi bilan bog‘liq. Xususan, ta'lim oluvchilar nodavlat umumiy o‘rta ta'lim tashkiloti pedagogik kengashining qarori bilan tasdiqlangan namunadagi formani kiyishi, turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga xos bo‘lgan harbiy va idoraviy formali kiyim-bosh kiyib yurishga yo‘l qo‘ymaslik, o‘g‘il bola ta'lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yalgan holda kelishlariga, qiz bola ta'lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘ymaslik taklif etilmoqda”, deyiladi unda. 

Munosabatda ta'lim sifatiga, eng avvalo, pedagog kadrlarning va xizmat ko‘rsatuvchi personalning malakasi, o‘quv dasturining samaradorligi, zarur resurslar va kerakli moddiy-texnik baza bilan ta'minlanganligi kabi omillar ta'sir ko‘rsatishi ta'kidlangan. 

“Ushbu jarayonlarga o‘quvchining tashqi ko‘rinishi qanday ta'sir o‘tkazishi mumkin? Loyiha tashabbuskorlarida maktab o‘quvchisining “imijiga” qo‘yilayotgan talablarni tasdiqlovchi o‘tkazilgan tadqiqot natijalari yoki boshqa faktlar mavjudmi?

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, farzandlarni voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga ota-onalar majburdirlar, ta'lim muassasalari emas. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga murojaatnomasida ham litsenziya va ruxsatnomalar berish asoslarini tubdan qayta ko‘rib chiqib, ularning sonini kamida 2 barobar qisqartirish kerakli ta'kidlangan edi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan 17 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ham tadbirkorlik faoliyatida litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartibini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Xususan, inson sog‘ligiga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlari litsenziyalashdan chiqarib tashlanishi lozimligi alohida ta'kidlangan edi. Masalan, o‘quv markazlaridagi o‘qitish jarayoni fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga ziyon yetkazmasa-da, litsenziyalanadi”,deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, ikkinchidan, nodavlat ta'lim muassasalari o‘quvchilarining tashqi ko‘rinishiga qat'iy talablar qo‘yilishi bolalarning tanlash va o‘zini ifoda etish erkinligini cheklashga olib keladi. 

“Ular o‘zlari istaganicha kiyinish huquqiga egadirlar, albatta, umumiy qabul qilingan axloqiy me'yorlar doirasida. Masalan, kiyim juda tor yoki keng bo‘lmasligi kerak, degan talab. Ushbu mezon sub'yektivdir. Qizlarning yubkalari yoki o‘g‘il bolalar shimlarining uzunligi, mahkamlangan tugmalar soni, poyabzal poshnasining balandligi... O‘quvchiga ilm o‘rgatish, uni mavzuga qiziqtirish o‘rniga o‘qituvchilar chizg‘ich bilan yurib, etak va shimlarning uzunligini o‘lchaydilarmi? Bolalarni tanlash imkoniyatidan va o‘zini ifoda etish imkoniyatidan mahrum etish orqali ularning ruhiyatiga zarar etkazib qo‘yish va umuman ta'lim tizimiga nisbatan nafrat uyg‘otish mumkin. Talabaning tashqi ko‘rinishini huquqiy jihatdan tartibga solish qanchalik to‘g‘ri?

Bundan tashqari, hujjatning o‘zida bir qator nomuvofiqliklar mavjud. Masalan, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarning davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasasiga maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab esa majburiy ekanligi qayd etilgan. Nima sababdan 2020 yil 22 fevral kuni e'lon qilingan loyihada allaqachon yakunlangan 2018/2019 o‘quv yilini ko‘rsatilmoqda?

Umid qilamizki, hujjat tashabbuskorlari qonunchilikka kiritilishi taklif etilayotgan ushbu o‘zgarishlar yuzasidan asoslantirilgan sabablar taqdim eta oladilar”, deyiladi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan munosabatda.

Muhokamada fikr bildirganlarning aksariyati mazkur qaror loyihasiga qarshi bo‘lgan hamda kiyinishning ta'lim sifatiga ta'sir qilmasligini, bunday tarzdagi qaror inson huquq va erkinliklariga zid ekanligini ta'kidlagan.

Jumladan, Mirziyod Karimov shunday fikr bildirgan: “Bu kabi byurokratik reformalar nafaqat insonning haq-huquq erkinligiga, balki tadbirkorlar faoliyatiga ham jiddiy to‘siq hisoblanadi. Zero, nodavlat ta'lim muassasalari tadbirkorlik sub'yektlari hisoblanadi. Nodavlat ta'lim muassasalari ishiga davlatning aralashishi mutlaqo oqlab bo‘lmaydigan salbiy qarordir”.

Eslatib o‘tamiz, loyiha muhokamasi 8 martga qadar davom etadi.

Mavzuga oid