Jamiyat | 12:12 / 27.02.2020
6345
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklanishi mumkin

Joriy yilning 20 fevral kuni boshlangan Berlin kinofestivalida «O‘zbekkino» Milliy agentligi vakillari xorijning yetakchi kinoarboblari bilan bo‘lgan uchrashuvda Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash masalasini ham muhokama qilishdi, deyiladi «O‘zbekkino» Milliy agentligi matbuot xizmati xabarida.

Toshkent kinofestivalini qayta tiklash, uni nufuzli kinofestivalga aylantirish haqida «O‘zbekkino» Milliy agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, xorijlik kinoekspertlar o‘z fikrlarini bildirishgan.

«Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va kinematografiya sohasidagi aloqalarni kengaytirish O‘zbekiston kinosanoatining muhim va dolzarb vazifalaridan biridir. Biz Berlin xalqaro kinofestivalida dunyoning mashhur kinoarboblari bilan Prezidentimiz tashabbusi asosida afsonaviy xalqaro Toshkent kinofestivalini o‘tkazishni yana yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildik. Bu muhim vazifani xorijlik hamkorlar ishtirokisiz amalga oshirishning iloji yo‘q.

Bu yerda faqat Toshkent kinofestivalini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish emas, balki uni dunyo miqyosidagi eng nufuzli kinofestivalga aylantirish haqida gap ketmoqda» – deb ta'kidladi «O‘zbekkino» Milliy agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov. 

«Dunyo ahli uchun sevimli bo‘lgan Toshkent xalqaro kinofestivalini oradan shuncha yillar o‘tganiga qaramay, qayta tiklash haqidagi tashabbusni haqiqiy jasorat desa bo‘ladi. Bu bir paytlar buzib tashlangan, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigini qayta tiklash, deganidir. Mazkur ko‘prik vaqt zanjirini va butun boshli avlodlarni birlashtiradi, jipslashtiradi. Bunday ezgu maqsadni amalga oshirishda qo‘limdan kelgan barcha yordamni ayamayman», -  dedi FIAPF direktori Benoit Ginistu (Benoit Ginisty). 

Foto: «O‘zbekkino» Milliy agentligi

«Toshkent kinofestivalini barcha kinematografiyachilar yaxshi eslashadi. Uni qayta tiklash, yana xalqaro orbitaga olib chiqish kerak. Bu muhim masalani amalga oshirishda biz ham qo‘l qovushtirmay, yordam berishga tayyormiz. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo kinosi uchun ham eng dolzarb masaladir, - deb ta'kidladi FIPRESSI Xalqaro kino matbuoti federatsiyasi bosh direktori Klaus Eder. 

«Hozir O‘zbekistonda davlatni va jamiyatni o‘zgartiruvchi keng miqyosli ijobiy jarayonlar ketmoqda. Toshkent kinofestivalining qayta tiklanishi O‘zbekistonning dunyoga o‘z eshiklarini ochish sari qo‘ygan muhim qadamlaridan biri, deb o‘ylayman», - deb fikr bildirdi mashhur kinotanqidchi, kinoekspert Sergey Lavrentev. 

«Toshkent xalqaro kinofestivalining qayta tiklanishi kinosanoat sohasida ijodiy izlanishlar maydonchasi vazifasini o‘taydi, bu biz uchun juda foydali va qiziq jarayon. Kinofestival doirasida yosh kinematografiyachilarda o‘zaro fikr almashish, tajribalarini o‘rtoqlashish imkoniyati yuzaga keladi. O‘zbekistonda yoshlar ko‘pligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu juda muhim masaladir» - dedi Kottbuss kinofestivali dasturiy direktori Berndt Buder. 

Mazkur masala yuzasidan Berlinalening rasmiy vakili Barbara Vurm, MKF GoEast direktori Xeleyen Gerritsen, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa kinematografiyachilarining UNIFRANCE departamenti rahbari, kinotanqidchi Joel Shapron (Joel Shapron), kinoshunos, Germaniyadagi Chingiz Aytmatov jamg‘armasi filiali asoschisi Svetlana Slapke va boshqa kinoekspertlar ham so‘zga chiqib, bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar. 

Toshkent kinofestivali O‘zbekiston poytaxtida 1968 yildan boshlab o‘tkazib kelingan. U Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari kinematografiyasining dunyoga mashhur, eng katta anjumani bo‘lgan. Toshkent kinofestivali dunyo miqyosida katta mavqega ega bo‘lib, unda ishtirok etgan dunyo kinochilari kinosanoatni rivojlantirish masalalarini muhokama etishgan. Yosh kinematografiyachilar uchun esa tajriba almashish, o‘rganish imkonini bergan. 

Mavzuga oid