O‘zbekiston | 21:55 / 29.02.2020
30240
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyatining Kogon tumaniga ham hokim tayinlandi

Foto: Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmati

Buxoroda bugun o‘tkazilgan viloyat faollarining yig‘ilishida bir qator tumanlarda hokimlar tayinlovlari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Kogon tumaniga rahbarlik qilib kelgan Yo‘ldosh Jumayev ayni paytda Buxoro viloyat hokimining o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

Endilikda ayni kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Muhiddin Esonov Kogon tumani hokimi vazifasida ish boshladi.

Ma'lumot uchun, Muhiddin Esonov 2011—2016 yillarda Buxoro viloyatiga hokimlik qilgan. Viloyat hokimligidan olingach, ma'lum muddat Buxoro tumaniga rahbarlik qilgan edi.

Avvalroq, prezident qaroriga asosan O‘zbekiston bosh vazirining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abrol Jabarovich Vahobov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi.

Mavzuga oid