Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada ilk holat, Koreyada «virusga qarshi urush holati». So‘nggi ma'lumotlar
Shimoliy Koreya Covid-19 kasalligi global miqyosda tarqala boshlagach, mamlakatni tark etish istagini bildirgan xorijlik diplomatlarga ketishga ruxsat berdi. Seshanba kuni Ukraina hududida koronavirus tarqalishining ilk holati qayd etildi.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra 19-NCoV koronavirusi bilan zararlanganlar soni dunyo bo‘yicha 92 165 nafarni tashkil qilmoqda. Ularning 80 151 nafari Xitoyning materikdagi qismida. Virus qurbonlari soni 3127 nafar, yana 48 002 kishi sog‘ayib ketgan.
Seshanba kuni yana 5 mamlakatda - Saudiya Arabistoni, Senegal, Tunis, Marokash va Ukraina koronavirusdan zararlanishning ilk holatlari haqida e'lon qildi. Xitoy virusdan zararlanish holatlari bo‘yicha birinchi o‘rinda qolmoqda, ammo bugungi kunga kelib virus tarqalishi Xitoyda sekinlashgan, Xitoydan tashqarida tezlashgan.
Haaga sudi MH-17 reysi halokati ishi bo‘yicha keyingi haftada Ukrainada boshlanadigan jarayonga kelishni rejalashtirgan jurnalistlar va kuzatuvchilarga sudga kelmaslikni tavsiya qilgan. Sud sayti bayonotida aytilishicha, sudning birinchi yig‘ilishi www.courtmh17.com sayti orqali translatsiya qilingan.
Yevropadagi vaziyat
Italiya hamon Yevropada virusdan eng ko‘p zararlangan davlat bo‘lib turibdi - 2036 bemor va 52 qurbon. Lekin bu davlatda virusdan zararlanish bilan bog‘liq yangi holatlar kuzatilmadi.
OAVda Rim papasi Fransisk ham 19-NCoV virusidan zararlangani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Pontifik bir necha kun muqaddam diniy marosim vaqtida o‘zini yomon his qilgan, keyingi marosimlar bekor qilinib, papaning o‘zi jamoatchilikka ko‘rinish bermagandi.
Seshanba kuni Italiyadagi nashrlar 83 yoshli pontifika koronavirusni aniqlash bo‘yicha test topshirgani va unda virus aniqlanmagani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Vatikandagilar bu ma'lumotlar bo‘yicha hech qanday izoh bermagan.
Bu vaqtda virus yuqishining ilk holati Ukrainada qayd etilgan, bu haqda bosh sanitar shifokor Viktor Lyashko xabar berdi.
«Kecha men sizlarga to‘rt kishi virus yuqtirishda gumonlanayotgani haqida aytgandim. Bugun ulardan birida virus borligi tasdiqlandi», - deya uning so‘zlarini keltiradi TASS agentligi.
Fevral oyi oxirida Poltava oblastida yashovchilar Xitoydan epidemiya koronavirusi tufayli evakuatsiya qilingan fuqarolarni mahalliy sanatoriy hududiga olib kirishga to‘sqinlik qilishgan. Virus nazoratdan chiqib ketishi mumkinligidan xavotirga tushgan odamlar barrikadalar o‘rnatgan va huquq-tartibot organlari bilan to‘qnashuvlar ro‘y bergandi.
Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok bir necha haftadan keyin mamlakatdagi maktablar vaqtincha yopilishi mumkinligini ma'lum qilgan.
Britaniya hukumati seshanba kuni koronavirusga qarshi kurash rejasini e'lon qildi. Hukumat prognoziga ko‘ra, virus avj olishi o‘z cho‘qqisiga chiqsa, mamlakatdagi mehnatga yaroqli aholining beshdan bir qismi virusdan zararlanishi mumkin. Bugungi kunda mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 51 nafarni tashkil etmoqda.
Bosh vazir Boris Jonson rejani taqdim etar ekan, alohida vaziyatlarda tibbiyot xodimlariga harbiylar ham yordam berishi ko‘zda tutilgani, ko‘plab ommaviy tadbirlar, shu jumladan, futbol uchrashuvlarida cheklovlar o‘rnatilishi mumkinligini ma'lum qildi.
Ammo bu choralar faqat Britaniyada koronavirus tarqalishi keskin ortgudek bo‘lsa qo‘llanadi.
«Ko‘pchilik britaniyaliklar hayot tarziga bu choralar ta'sir ko‘rsatmaydi», degan Jonson.
Port uchun jang va shifokor o‘limi
Fransiyaning Hind okeanida joylashgan Reyunon orolida mahalliy aholi vakillari bortida 2000 kishi bo‘lgan «San Prinsess» layneri portga kirishiga to‘sqinlik qilishdi. Ushbu layner ham fevral oyida Yaponiyaning Yokogama porti yaqinida ikki haftadan oshiq davomida karantinda turgan va koronavirus tarqalishining jahondagi o‘choqlaridan biriga aylangan «Daymond prinsess» layner kruizi tegishli bo‘lgan kompaniyaga qarashlidir.
Layner Tailanddan kelgandi va mahalliy aholi vakillari unda ham koronavirusdan zararlanganlar borligidan xavfsirashgan. Avvalroq bu kemani Madagaskardagi portlardan biri ham qabul qilishdan bosh tortgan, ammo kema keyinroq JARdagi portlardan biriga kirgandi.
O‘nlab namoyishchilar Puan-de-Gale portini to‘sib qo‘yishgan va yo‘lovchilari virus bo‘yicha tekshiruvdan o‘tmagunicha uni port hududiga kiritishdan bosh tortishgan.
Jahonda virusning yana bir o‘chog‘iga aylangan Eronda ayni vaqtda rasman 2336 kishida virus aniqlangan, 77 kishi vafot etgan. Ushbu mamlakat virus yuqtirganlar soni ko‘pligi bo‘yicha Xitoy (80 mingdan oshiq, 2943 o‘lim) va Janubiy Koreyadan (5186, 28 o‘lim) keyingi uchinchi o‘rinda. «Frans press» agentligi xabariga ko‘ra, dushanba kuni hukumat 24 kishini internetda koronavirus to‘g‘risida «mish-mish tarqatish»da ayblanib qo‘lga olgan, yana 118 kishi politsiya suhbatida bo‘lgan.
Mamlakat parlamentining 23 nafar deputati koronavirusga chalingani aniqlangan, shuningdek, tez yordam xizmati rahbari o‘rinbosari ham virusdan zararlangan. Avvalroq parlament deputatlaridan biri — Muhammad Ali Ramazoniy Dastak koronavirusdan vafot etgani haqida xabarlar tarqalgandi. Eronning Vatikandagi sobiq elchisi Xadi Xisravshohiy koronavirus bilan kasallanib vafot etgan.
Eron hukumat vakillari orasida koronavirus epidemiyasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Iraj Xarirchidan boshlangan edi. Shundan so‘ng Eron vitse-prezidenti Ma'suma Ebtekarda ham koronavirusga chalingani xabar qilindi.
Xitoyda Uhandagi markaziy shifoxonaning yana bir shifokori koronavirus tufayli vafot etdi. Mey Chjunmin koronavirus haqida ilk bor xabar bergan va buning uchun politsiya tomonidan ogohlantirilgan Li Venlyan kabi oftalmologiya bo‘limi rahbari edi.
KXDR xorijliklarni Vladivostokka qo‘yib yubordi, Janubiy Koreya «harbiy holat»da
Shimoliy Koreyada 1 mart kuni yuzlab xorijliklar uchun 30 kunlik karantin yakunlangan. NKnews xabariga ko‘ra, karantinga joylashtirilgan xorijliklar orasida diplomatlar ham bor.
Ketishga ruxsat berilgan diplomatlar soni ochiqlanmagan, ammo Yaponiyaning Kiodo tsusin agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, KXDRdan ketishni istaganlar Air Koryo aviakompaniyasining maxsus reysi orqali Vladivostokka olib boriladi.
KXDR mamlakat hududida koronavirusdan zararlanganlar yo‘qligini tasdiqlagan.
Janubiy Koreya prezidenti Mun Je In mamlakat koronavirusga «urush e'lon qilgani» haqida gapirdi. Seshanba kuni mamlakatda virusdan zararlanganlar sonida keskin o‘sish kuzatildi: 851ta yangi holat. Mamlakatda jami 5186 kishida virus aniqlangan, bu borada jahonda Xitoydan keyingi ikkinchi holat.
«Tegu shahri va Kyonsan-Pukto provinsiyasidagi vaziyat o‘zining cho‘qqisiga chiqdi va butun mamlakat yuqumli kasallikka qarshi urushga kirdi», dedi prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurashga 30 trln von (25 mln dollar) yo‘naltiriladi. Prezident shuningdek barchani tibbiyot niqoblari bilan qisqa muddatda ta'minlash imkoni yo‘qligi uchun mamlakat fuqarolaridan uzr so‘ragan.
Xitoyda ham xorijliklar uchun karantin joriy etilgan. Bu tartib bir necha shaharlarga taalluqli. Pekin, Shanxay va Guandun shaharlarida infeksiyaning yirik o‘choqlari - Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron va Italiyadan keluvchilar 14 kunlik karantinga joylashtirilishi ma'lum qilingan.
Xitoy hukumati mamlakat bo‘ylab o‘z fuqarolari harakatlanishida qat'iy cheklovlar o‘rnatgan, ammo xorijdan keluvchilar infeksiya olib kelishi mumkin.
Mavzuga oid
10:43 / 26.05.2025
“Koreyada olgan tajribani qishlog‘imda qo‘llamoqchiman” – bo‘sh yerlarni o‘zlashtirayotgan shahrixonlik yigit
00:47 / 24.05.2025
Janubiy Koreya loukosteri Seul-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi
23:21 / 15.05.2025
Osiyoda COVID-19 bilan kasallanish holatlari keskin oshdi
17:25 / 07.05.2025