Sport | 12:25 / 11.03.2020
16776
12 daqiqa o‘qiladi

Mourinoning halokati va Ilichichning parvozi. YeChLda kun o‘yinlari

2019/20 yilgi mavsumda ilk chorak finalchilar «Leypsig» va «Atalanta» bo‘ldi. Nemislar o‘tgan mavsum finalchisi, bu mavsumda Joze Mourino boshqaruvidagi «Tottenhem»ni yo‘ldan olishdi, italyanlarning «Valensiya»ga qarshi safar o‘yinida esa mehmonlar forvardi Yosip Ilichich pokerga erishdi.

Nagelsmann Mourinoni «yeb qo‘ydi»

Foto: RB Leipzig

Chempionlar ligasi. 1/8 final. Javob o‘yini
«RB Leypsig» (Germaniya) — «Tottenhem» (Angliya) — 3:0 (2:0)
Gollar: Zabitser, 10 (1:0). Zabitser, 21 (2:0). Forsberg, 87 (3:0).
«RB Leypsig»: Gulachi, Xalstenberg, Klostermann, Upamekano, Mukele (Adams, 55), Anxelino, Zabitser (Forsberg, 87), Laymer, Nkunku (Aydara, 59), Shik, Verner.
«Tottenhem» (London): Lloris, Alderveyreld, Ore (Uolkott, 90+1), Tanganga, Uinks, Dayyer, Alli, Lo Selso (Fernandesh, 80), Sessenon, Lamela, Lukas Moura.
Ogohlantirishlar: Sessenon, 34. Uinks, 45+2. Laymer, 50. Tanganga, 68. Alli, 70. Zabitser, 71.
Hakam: del Serro Grande (Ispaniya).
10 mart. Leypsig. «Red Bull Arena» stadioni.
Birinchi o‘yin — 1:0.

Seshanba kungi og‘ir va xavotirli xabarlardan keyin muxlislar chalg‘ib, futboldan zavqlanishni istashardi. «Leypsig» va «Tottenhem» o‘yini ular uchun ayni muddao edi. Bu to‘qnashuvda intriga zo‘r, ikki yorqin murabbiy - ikki avlodga mansub bo‘lgan mutaxassislar to‘qnashuvi, qolaversa, boshqa uchrashuvlardagidan farqli ravishda —tribunalar muxlislar bilan to‘lgan, ajoyib atmosfera hosil qilingandi. Barcha shiddatli bahsni kutayotgandi. 

Ammo... Yo‘q, 45 ming nemis fanati hafsalani pir qilishmadi, ular o‘z darajasida muxlislik qilib, maydondagilarni olg‘a boshlab turishdi. «Leypsig» ham o‘z darajasida o‘yin ko‘rsatdi — Yulian Nagelsmann yigitlari yana bir marta qanchalik kuchli jamoa ekanini namoyish etib berishdi. Faqat «Tottenhem» ranjitdi. Londonliklar juda ilojsiz holatda ko‘rinishdi — himoyada muntazam xatolar, hujumda umidsiz harakatlar. Mourino jamoasida bu o‘yinda hech qanday imkon yo‘qligi dastlabki daqiqalardanoq ko‘rinib turardi.

Birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib Zabitser ikkinchi golni urgan, endi «Tottenhem»ning faqatgina eng sodiq muxlislarigina nimadandir umid qilishayotgandi. Londonliklar o‘tgan mavsumda «Ayaks» bilan o‘z uyida 0:1 o‘ynagan, Amsterdamdagi javob o‘yinida ham birinchi bo‘limni 0:2 hisobida yakunlashgan va ikkinchi bo‘limda uch gol urib vaziyatdan chiqib ketishgandi. Ammo bu safar umid qilgulik holat emasdi. Mourino jamoasidagi jiddiy muammolar o‘yindan oldin ham ma'lum edi - muxlislar bu mavsumda jamoadan hech narsa umid qilishmasa ham bo‘ladi.

Pressing, zichlik, sifatli paslar, futbolchilarning har bir epizodga e'tibor bilan qarash kayfiyati — bu Chempionlar ligasining 2019/20 yilgi mavsumi kashfiyoti bo‘layotgan Yulian Nagelsmanning «Leypsig»ini ifodalaydi.

Bu «Leypsig» Mourinoning «Tottenhem»ini ikki uchrashuv yakuniga ko‘ra 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Ha, portugaliyalik mutaxassisga muammoli jamoa qoldirishgan, qolaversa jamoaning asosiy forvardlari Harri Keyn va Son Xin Min jarohat tufayli safdan chiqishdi, qishki transferlar vaqtida olib kelingan yana bir futbolchi - hujum chizig‘ining yana bir vakili Stiven Bergveyn ham javob o‘yini arafasida jarohat oldi. Ammo raqib muammolari — g‘olib murabbiyning ishlarini bir chetga surib qo‘ya olmaydi. Quyida «Leypsig» muvaffaqiyatlarining asosiy jihatlari haqida.

Raqib o‘yin uslubiga moslashish

Foto: Maja Hitij/Bongars/Getty Images

«Tottenhem»ning o‘yin uchun boshlang‘ich rejasi shunday edi: 3-4-2-1 sxemasi asosida qanotlarda tezkor Serj Ore va Rayan Sessenon o‘yini evaziga oldinroqda himoyalanish. «Shporlar» intensiv pressing qo‘llashdi, «Leypsig»ni qisqa uzatmalar oshirishda qiynalishga va uzun uzatmalardan foydalanishga majbur qilishdi. Lekin Nagelsmann jamoasi raqib o‘yin uslubiga juda tez moslashdi va 10-daqiqaga kelib vaziyatni o‘nglashdi: ilk golli vaziyatda Marsel Zabitserni londonliklar forvardi Erik Lamela qo‘riqlashga majbur bo‘layotgandi, himoyachilar bu vaqtda jarima maydoni ichida u to‘pga qanday zarba berishini tomosha qilib turishgandi.

Birinchi goldan keyin «Leypsig» to‘pga egalik qila boshladi va har tomondan hujum uyushtira boshladi. O‘yin statistikasi: to‘pga egalik qilish bo‘yicha 53 foizga 47 foiz - nemislar foydasiga, zarbalar berish bo‘yicha 5-3 - nemislar foydasiga, xG bo‘yicha 1,18ga 0,25 - nemislar foydasiga.

Tig‘iz o‘yin
«Leypsig» ikkinchi bo‘limda ham birinchi bo‘limdagi kabi himoyada deyarli xatosiz harakatlandi — holbuki Nagelsmann ikkinchi bo‘lim boshida qarshi hujum taktikasidan foydalanishga o‘tgandi. 5-2-3 — nemislar jamoasi to‘psiz shunday taktikada harakatlanishdi (hujumga chiqilganida 3-4-3 sxemasiga o‘tildi), bu orqali raqibga kesik paslar uzatishga va himoyachilar ortidan ochiladigan Dele Alliga to‘pni tashlab berishga imkon berilmadi. «Leypsig»ning markaziy himoyasida Dayot Upamekano a'lo darajada o‘yin ko‘rsatdi, u butun maydon bo‘ylab vaziyatlarga ulgurardi: 84-daqiqada u hatto markaziy hujumchi rolida paydo bo‘lgandi. O‘yin davomida u 6 marta to‘pni olib qo‘ydi, 5 mart to‘pni himoya hududidan uzoqlashtirdi, 2 marta to‘pni to‘sib qoldi, 5 marta taktik fol ishlatdi (sariq kartochka olmasdan) — bu uning o‘yin mobaynidagi statistikasi.

Bundan tashqari, nemislar to‘p egallanganidan keyin ko‘p marta to‘pni o‘zlarida uzoq vaqt ushlab turishdi (bu borada ayniqsa havbek Konrad Laymerni e'tirof etish kerak) hamda maydonning turli uchastkalarida son jihatdan ustunlik qilishdi.

Oldinga chiqish
Nagelsmann uslubidagi muhim jihat — kontrpressing: «Leypsig» futbolchilari butun o‘yin mobaynida to‘p yo‘qotilganidan keyin zudlik bilan uni qaytarish harakatida bo‘lishdi (23 marta to‘p yo‘qotildi, «Tottenhem» esa — 41 marta). To‘p qaytarib olingach esa tezkor qarshi hujumlarga chiqildi: jarima maydoni hududidan yoki maydon o‘rtasidan. «Leypsig» bunday hujumlarda chap qanot himoyachisi Anxelino yoki Timo Vernerning tezkorligidan foydalanishga harakat qildi, shuningdek, bitta uzun pas bilan hujum chizig‘i vakillari oldinga tashlandi. Nagelsmann jamoasi vaziyatlarni juda yaxshi his qilishdi, kerak vaqtda qisqa masofalarga pas berildi, kerak vaqtda qarshi hujumni kechiktirmaslik uchun uzun paslar berildi. Nemislarning uchinchi goli — o‘yin davomida qarshi hujumga chiqish uchun ideal namuna bo‘ldi: raqib futbolchilari shunchaki o‘z jarima maydonida to‘g‘ri pozitsiyalarni tanlashga ulgurmadi.

Axnelino

Foto: RB Leipzig

U o‘yindagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘ldi. «Leypsig» hujumlari uning qanoti orqali rivojlantirildi: bu qanotda Ore juda sekin harakat qildi va juda ko‘p hududlarni bo‘sh qoldirdi. Ikkinchi va uchinchi gollarda Anxelinoning qanotidan muhim paslar berildi. «Manchester Siti»dan kelgan ispaniyalik futbolchining «Tottenhem» bilan o‘yindagi faol harakatlari kartada ham aks etgan: u standart vaziyatlarni ijro etish uchun ham qarama-qarshi qanotga o‘tgan:

Foto whoscored.com

Anxelino Verner bilan hujum chizig‘ida muhim bog‘lam hosil qildi, shu bilan birgalikda himoyadagi ishlarini ham unutmadi: 1 marta to‘pni olib qo‘ydi, 1 marta to‘pni olib qo‘yib hujum boshladi, 3 marta to‘pni uzoqlashtirdi va 2 pas yo‘lini to‘sib qoldi.

Xulosa

Foto: Maja Hitij/Bongars/Getty Images

«Men Mourino ustidan g‘alabam haqida o‘ylab yurganim yo‘q Barcha fikrim «Tottenhem»dan o‘tib olishda. Avval ham aytganimdek, men hali Jozening darajasidan yirokdaman. Faoliyatimda u kabi ko‘p sovrin yuta olaman deb o‘ylay olmayman», — dedi 32 yoshli Nagelsmann o‘yindan oldin UYeFA saytiga bergan intervyusida.

Kamtarlik hammaga yarashadi. Ammo bu g‘alaba yana bir bor laptop-murabbiylar foydasiga bo‘ldi. Nagelsmann shunday tipdagi murabbiylarning dastlabkilaridan bo‘lgan Mourinoni mag‘lub etdi. U portugaliyalik «Speyshil uan»ga munosib o‘rinbosar.

 

Ilichich YeChL rekordchisi

Foto: @Atalanta_BC

«Valensiya» (Ispaniya) — «Atalanta» (Italiya) — 3:4 (1:2)
Gollar: Ilichich, 3 — penalti (0:1). Gameyro, 21 (1:1). Ilichich, 43 — penalti (1:2). Gameyro, 51 (2:2). Torres, 67 (3:2). Ilichich, 71 (3:3). Ilichich, 82 (3:4).
«Valensiya»: Sillessen, Vass, Xose Gayya, Diakabi (Gonsalu Gedesh, 46), Parexo, Koklen (Cheryshev, 74), Kondogbya, Soler, Gameyro, Rodrigo (Florensi, 79), Torres.
«Atalanta» (Bergamo): Sportello, Palomino, Xatebur, Kaldara, Djimsiti, Gozens, de Ron (Sapata, 44), Pashalich (Tamez, 83), Froyler, Gomes (Malinovskiy, 78), Ilichich.
Ogohlantirishlar: Koklen, 33. Diakabi, 42. Kondogbya, 58. Vass, 64. Froyler, 85.
Hakam: Xatsegan (Ruminiya).
10 mart. Valensiya. «Mestalya» stadioni.
Birinchi o‘yin — 1:4.

Bu kechadagi haqiqiy to‘qnashuv Valensiyada bo‘lib o‘tdi, mahalliy jamoa «Atalanta»ning quvnoq yigitlariga bo‘m-bo‘sh stadionda ochiq futbol taklif qildi. Bu o‘yinda yorqin futbol uchun tribunalar to‘la bo‘lishi ham shart emasdek ko‘rindi — albatta, muxlislar bo‘lgani yaxshi. Ko‘rinishidan, «Atalanta»ga qayerda va kim bilan o‘ynashning, atrofda nimalar bo‘layotganining farqi yo‘q — bu futbolchilar shunchaki maydonga chiqishadi va shou-taym boshlanadi.

O‘yin qahramoni Ilichich bo‘ldi. Xarakteri murakkab bo‘lgan sloveniyalik forvard bir necha marta Chempionlar ligasida o‘ynab gol urishni va bu ishni aynan «Atalanta» bilan qilishni istashi haqida gapirgan. Uch hafta muqaddam orzu amalga oshgan, «Valensiya»ga qarshi birinchi o‘yindagi gollardan biriga u mualliflik qilgandi. Endi esa — birato‘la poker va tarixdan joy egallash. U YeChL tarixida safar o‘yinida het-trik va pokerga erishgan eng yoshi katta futbolchiga aylandi (32 yoshu 41 kun). Shuningdek, Ilichich Chempionlar Ligasi pley-off doirasida mehmondagi bahsda pokerga erishgan birinchi futbolchi sifatida tarixga kirdi.

Ishonish qiyin, ammo Ilichich Chempionlar ligasining bu mavsumida bir o‘yinda to‘rtta gol urgan uchinchi futbolchiga aylandi — bungacha Levandovski va Gnabri bu ishni uddalashgandi.

Muxlislar koronavirus tufayli turnir to‘xtab qolishini istashmayapti — ular bu «Atalanta»ning keyingi o‘yinlarini ham ko‘rishni istashmoqda.

Mavzuga oid