O‘zbekiston | 08:04 / 11.03.2020
19242
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni aniqlashda Google Maps’dan foydalanilayotgani qonuniymi?

Google Maps ma'lumotlari O‘zbekistonda rasmiy axborot manbasi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan. Shunga qaramay undan qo‘shimcha ma'lumot sifatida foydalanilmoqda

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan “Hukumat soati”dagi hisobotida shu haqida ma'lum qildi.

Abdushukur Abdullayev

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev sud jarayonlarida fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinganini isbotlashda Google Maps ma'lumotlaridan asosiy dalil sifatida foydalanilayotganini ta'kidlab, bu qanchalik qonuniyligi, qo‘mita va Google korporatsiyasi o‘rtasida bu borada kelishuv shartnomasi bor-yo‘qligi bilan qiziqdi.

Rasul Kusherbayev

«Google Maps ma'lumotlari bizda rasmiy axborot manbasi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan. Lekin ular bilan birga ishlab kelyapmiz. Bizda milliy geografik axborot tizimi shakllantirilgan. O‘sha bo‘yicha yerlarning 21 ta qavati bor. Rejamizga ko‘ra, aynan Google korporatsiyasi bilan birgalikda bizdagi resursdan foydalaniladigan qilmoqchimiz. Biroq bunda bitta xalal beradigan omil bor edi. Birinchidan ularni ro‘yxatga olish, ikkinchidan, ularga beriladigan ma'lumotlarning hammasi ochiq bo‘lishi kerak edi.

2020 yilning 12 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining yangi qarori qabul qilindi, unga ko‘ra bizga imkon yaratildi. Google’dan olinayotgan ma'lumotlar qo‘shimcha ma'lumot sifatida ishlatiladi. Chunki O‘zbekiston yerlarning holati koinotdan turib tasvirga olinmagan. Biz koinotdan olingan oxirgi tasvirlarni uch yil oldin oldik. Yerlarning o‘zboshimchalik bilan egallab olinganini aniqlashda qishloq xo‘jaligi xaritalari, navbatchi xaritalar va bazamizdagi ma'lumotlardan foydalanamiz», deydi u.

Avvalroq 2 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 7948 gektar ekin maydonidan qariyb 30 foizi qaytarilgani ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid