Iqtisodiyot | 11:00 / 13.03.2020
34922
10 daqiqa o‘qiladi

Uchtasi birda: Koronavirus, neft mojarolari va global inqiroz

Koronavirus dunyoni tiz cho‘ktirishda davom etayotgan tahlikali bir vaziyatda neft mojarosi ortidan xalqaro bozorda yuzaga kelgan vahimali vaziyat jahon afkor ommasini sarosimaga solib qo‘ymoqda. Quyidagi maqolada ushbu muammolarning kesishgan nuqtalari xususida fikr yuritamiz.   

Foto: Anadolu Ajansi

 «Gegemon barqarorlik» nazariyotchilari haqmi?

19 asrdagi «Pax-Britanica» va 20 asrdagi «Pax-Americana» zamonida yagona global figuraning siyosiy, iqtisodiy va harbiy sohalardagi yaqqol ustunligi tufayli xalqaro tizim nisbatan barqaror edi, deb ta'kidlaydigan «gegemon barqarorlik» nazariyotchilari so‘nggi yillarda yuz berayotgan notinchliklardan so‘ng o‘zlarining haq ekanlarini o‘ylashayotgan bo‘lsa ajab emas.

AQShning Obama davridagi sokinligi va Tramp davrida ancha shovqinli tarzda davom etayotgan «global barqarorlikni kafolatlovchi figura» rolidan chiqish strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimini ham, uning global iqtisodiy boshqaruv arxitekturasini ham jiddiy ravishda zaiflashtirib, xalqaro inqirozlarga qarshi kurashish qobiliyatini mahv etdi.

Bundan tashqari, avval Xitoyga qarshi boshlangan va keyinchalik boshqa davlatlarni ham qamraydigan darajada kengaytirilgan savdo urushlari erkin savdo va sog‘lom raqobat tamoyillariga asoslangan, deb baholanuvchi liberal xalqaro tizimning asoslarini yo‘q qildi. Shu bois, bir qutbli yoki ikki qutbli dunyo sifatida ko‘rishga odatlanganimiz barqarorlashtiruvchi kurash shakllari tarixning bir qismiga aylangan ko‘p qutbli global tartibga, shuningdek, turli figuralarning o‘z milliy manfaatlari yo‘lida qarama-qarshi strategiyalarni amalga oshirishi uchun zamin yaratdi. Bu zaminda bir tomondan manfaatlar to‘qnashuvi va siyosiy-harbiy mojarolar kuchayib borar ekan, boshqa tomondan, energiya manbalari yoki iqtisodiy va texnologik ustunlik omillari nuqtayi nazaridan xalqaro raqobat tobora halokatli tus olib bormoqda.

To‘pponchadan o‘q uzildi...

Biz boshida turgan 2020 yilda keti uzilmayotgan global muammolar dunyo iqtisodiyotida 2008 yildagi global moliyaviy inqiroz davridan keyingi eng notinch davr sifatida baholanmoqda. AQSh va Xitoy savdo urushlari keskinligini o‘zaro muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga urinayotgan bir paytda Sharqiy Osiyoga, keyin esa butun dunyoga tarqalgan koronavirus epidemiyasi ko‘plab mamlakatlarda kundalik hayot harakatchanligi sezilarli ravishda sekinlashishiga olib keldi, jiddiy tashvishlarni keltirib chiqardi.

Ushbu epidemiya Xitoy va Sharqiy Osiyo bilan chegaralanadi, deb taxmin qilingan bo‘lsa-da, AQSh, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari misolida global xavfga aylanishi jahon iqtisodiyotining ishlab chiqarish va talabida sezilarli qisqarish tendensiyalarini yuzaga keltirdi. Koronavirus xavfiga qarshi ko‘rilgan chora-tadbirlarning kuchli bir xalqaro koordinatsiya tarmog‘i tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagani global boshqaruv mexanizmlaridagi zaiflashuvni borgan sari kuchaytirmoqda. Ustiga ustak, ushbu epidemiyaning jahon iqtisodiyotiga uzoq muddatli ta'siri to‘g‘risida aniq baholar hali ishlab chiqilmagan bir paytda xalqaro neft bozorlarida kutilmagan voqelik sodir bo‘ldi. Ya'ni Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasida jahon nefti narxlarini belgilash va bozorlarni taqsimlash mojarosi ortidan energiya urushini boshlash uchun ishorat topponchasidan o‘q uzildi. 

Sukunatdan keyingi bo‘ron

Aslida, koronavirus epidemiyasi sabab bo‘lgan global iqtisodiy pasayish va neftga bo‘lgan talab susayishi xalqaro neft narxlari pasayishining oldini olishni maqsad qilgan Vena muzokaralarining mantiqiy davomi sifatida ko‘rilayotdi.

Zero, neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPeK) tarkibida de fakto yetakchi bo‘lgan Saudiya Arabistoni bilan OPeKdan tashqari ishlab chiqaruvchilarning vakili bo‘lgan Rossiya hukumati o‘rtasida 2016 yilda tashkil etilgan OPeK-Plyus (OPeK +) nomli mexanizm bir muncha vaqt ishlab turdi. Kelishuvga binoan, tomonlar har olti oyda bir marta ehtimoliy qisqartirish miqdorini muhokama qilishar, xalqaro bozorda neft narxi qadrsizlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tadbir olar edilar.

AQShning ko‘p qutbli dunyo tartibi mantig‘iga muvofiq, dunyo energiya bozoridagi barqarorlashtiruvchi rolidan voz kechgani va o‘zining milliy manfaatlariga e'tibor qaratgani, shuningdek, eng buyuk neft ishlab chiqaruvchi maqomini olishi rejalarni chalkashtirib yubordi. OPeK-Plyus guruhidagi birinchi ixtilof 2019 yil o‘rtalarida budjet balansini 40 dollar/barrel neft narxiga moslashtirganini xabar qilgan Rossiya va jiddiy budjet taqchilligini yopish uchun narxlarni ko‘tarishi kerak bo‘lgan Saudiya Arabistoni o‘rtasida yuzaga keldi. Taxminan bir oy davom etgan muzokaralardan so‘ng Moskva ishlab chiqarishni qisqartirishga rozi bo‘lgan esa-da, yaqin kelajakda ko‘tariluvchi bo‘ronning ilk alomatlari o‘sha paytdayoq zuhurlangandi.

Moskva-Riyod dueli

Biroq koronavirus sabab jahon iqtisodiyotining pasayishi va neftga bo‘lgan talabning susayishi fonida bir muncha vaqt ilgari e'lon qilingan qo‘shimcha ishlab chiqarishni qisqartirishga bo‘lgan talab Vena shahridagi so‘nggi muzokaralar paytida hal qilinishi kutilgan edi. Bunday muhim xalqaro kon'yunktura sharoitida global energetika sektorining yetakchi ishtirokchilari o‘zaro kelishmovchiliklarni bas qilib, umumiy manfaatlarga mos keladigan qaror qabul qiladilar, degan yakdil fikr mavjud edi.

Biroq Rossiyaning bozordagi o‘z ulushini saqlab qolish istagi ortidan ishlab chiqarishni qisqartirishdan bosh tortgani energetika diplomatiyasidagi rishtalarni uzib yubordi. Dunyo bo‘ylab neft narxi ma'lum darajadan pastga tushmagani uchun bu masalaga katta e'tibor qaratayotgan Saudiya Arabistoni Rossiyaga juda keskin munosabat bildirdi. Budjet daromadlarining kam qismi (38 foiz) neft bilan bog‘liq ekani, to‘plangan daromadlari bilan kuchli boylik jamg‘armasi tashkil qilgani va Markaziy bank zaxiralarining holati ko‘nglini xotirjam qilgani uchun energiya shaxmatini osonlikcha o‘ynagan Putin bu bilan go‘yo boshqaruvga qarshi gardankashlik qildi.

Pandora qutisi ochiladimi?

Ar-Riyod ma'muriyati endi neft qazib olish avvaldan rejalashtirilgan qisqartirishlar asosida amalga oshirilmasligini, aksincha, 9,7 million barrelni tashkil qiluvchi kunlik ishlab chiqarish 12,5 million barrelga yetkazilishini ma'lum qildi. Bundan tashqari, Saudiyaning milliy neft kompaniyasi Aramco osiyolik mijozlariga bir barrel uchun 4-6 dollar, yevropalik xaridorlariga esa 6-8 dollar/barrel miqdorida narxlarda chegirma qilishini bildirdi.

Bir tomondan, talab tobora pasayib borayotgan jahon bozorlariga neft yetkazib berishni ko‘paytirish, boshqa tomondan, bozordagi katta ulush ruslarga tegishli bo‘lgan Osiyo va Yevropada narxlar pasayishi energiya urushlari sharoitida Pandora qutisini ochish demakdir. Jahon bozorida Brent markali neftning narxi 5 mart kuni 50 AQSh dollar bo‘lgani holda, bu kabi qarorlar ortidan neft narxi 9 mart kuni 30 dollardan ham quyiga tushib, ko‘plab mamlakatlarning ishlab chiqarish xarajatlarini ham qoplamay qo‘ydi. Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi o‘zaro duel yana qancha davom etadi, jahon neft bozoridagi narxlar urushi qaysi figuraga ko‘proq zarar keltiradi – bularni kelgusi kunlarda kuzatishda davom etamiz.

«Qora dushanba» shov-shuvi

REUTERS

Biroq neft narxlari boshqa tovarlar bilan bir qatorda finansallashgani va faqat talab-istak sharoitlariga ko‘ra emas, aksincha, global iqtisodiyot va dominant ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy ahvoliga ko‘ra shakllangani, bugungi kun konyunkturasida energiya urushlarining xalqaro kapital bozoriga shok ta'sir ko‘rsatishi muqarrar edi. Shu nuqtayi nazardan, energetika sohasidagi narxlar urushi dunyo bozoridagi koronavirus epidemiyasi xavotirlari va noaniqliklarni yana bir bor kuchaytirdi. 9 mart kuni «Qora dushanba» deb nomlangan shiddatli shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Najot qayerda?

Osiyo bozorlaridagi ochilishlardan so‘ng, Yaponiya zaxiralari 6 foizdan ko‘proq qadrsizlangani holda, Italiyadagi koronavirus ta'siri tufayli Yevropa bozorlarida keskin pasayish kuzatildi. AQShda S&P 500 indeksi 7 foizga tushib ketishi ortidan Amazon va Microsoft singari «unicorn» texnologiya kompaniyalari bir kunda 5-6 milliard dollar yo‘qotdi.

Uzoq yillik faoliyatdan so‘ng AQSh fond birjalarida operatsiyalarni to‘xtatishga majbur bo‘linar ekan, 10 yillik Amerika g‘aznachilik obligatsiya stavkalari birinchi marta 0,5 foizdan pastroq bo‘ldi. Ushbu global notinch vaziyatda sarmoyadorlar xavfsiz boylik sifatida oltin, yapon iyenasi va xazina obligatsiyalariga yopishishni afzal ko‘rmoqdalar. Favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, siyosat stavkalarini 50 asosga kamaytiradigan AQSh Markaziy banki aprel oyidagi navbatdagi yig‘ilishida yana chegirma qilib, bozorlardagi vahima kayfiyatini bosish va iqtisodiy pasayishning oldini olishga urinib ko‘rishi taxmin qilinmoqda.

Biroq pul-kredit siyosati bilan amalga oshiriladigan tadbirlarning global inqirozni yengishda qay darajada samarali bo‘lishi hali aniq emas.

Otabek Tillayev tayyorladi

Mavzuga oid