O‘zbekiston | 14:48 / 14.03.2020
32148
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiariq tumani hokimi o‘zgardi

Muhammadmurod Xudayberganov Yangiariq tumani hokimi etib tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

Xalq deputatlari Yangiariq tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat hokimi Farhod Ermanov nutq so‘zladi.

Viloyat rahbari o‘z so‘zida tumanda bugun to‘planib qolgan muammolar, ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga tanqidiy baho berdi.

Muhokamalardan so‘ng, Maqsud Ortiqovich Saidov ishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda orqada qolgani uchun Xorazm viloyati Yangiariq tumani hokimi vazifasidan ozod etildi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, bu haqdagi viloyat hokimining qarori Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi. Maqsud Saidov 2017 yildan beri shu lavozimda ishlab kelayotgandi.

Muhammadmurod Xudayberganov 

Farhod Ermanov Yangiariq tumani hokimi lavozimiga Muhammadmurod Sobirovich Xudayberganov nomzodini tavsiya qildi. Muzokaralardan so‘ng, Muhammadmurod Xudayberganov nomzodi Yangiariq tumani hokimi lavozimiga deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

M. Xudayberganov 1962 yilda tavallud topgan, mutaxassisligi bo‘yicha agronom. Shu paytga qadar Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan. 

Ma'lumot uchun, Yangiariq tumani viloyat hududining 6,5 foizini egallaydi. Tumandan Urganch shahrigacha 24 km. Xiva, Bog‘ot, Urganch tumanlari va Turkmaniston davlati bilan chegaradosh. 

Mavzuga oid