O‘zbekiston | 20:49 / 19.03.2020
19818
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘i karantinga qanchalik tayyor? Agentlik direktori bilan suhbat

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda kuniga 2 mln dona tibbiy niqob ishlab chiqarilyapti. Virusga qarshi dorilarning 90 foizidan ortig‘ini mahalliy tadbirkorlar yetkazib bermoqda.

O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘i koronavirus infeksiyasi davriga qanchalik tayyor, taqchillik va narxlar oshishining oldini olish bo‘yicha qanday ishlar qilinyapti?

Kun.uz shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev bilan suhbatlashdi.

– Bugungi kunda agentlik tomonidan virusga qarshi dori-darmonlar taqchilligini bartaraf qilish uchun qanday chora-tadbirlar olib borilmoqda?

– Dori-darmonlarni yetkazib berish bo‘yicha muammo yo‘q. Sababi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan virusga qarshi kurashish bo‘yicha dorilar ro‘yxati ishlab chiqilgan. Dorixonalarda barcha dorilar yetarli. Bundan tashqari, mazkur ro‘yxatdagi dorilar nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilmoqda, balki xorijdan ham keltirish choralari ko‘rilmoqda.

Tibbiy niqoblar va antiseptik vositalar hozircha taqchil. Bunga esa fuqarolarimiz tomonidan ehtiyojidan ortiqcha xarid qilishi sabab bo‘lmoqda. Niqoblarni 2ta olish kerak bo‘lgan vaqtda 20ta, 20ta olish kerak bo‘lganda 40ta olishi natijasida, yetkazib berishda uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Tibbiy niqob ishlab chiqaruvchi korxonalar oldin bir smenada ishlayotgan bo‘lsa, hozirda uch smenada ish yo‘lga qo‘yilgan. Bu degani ishlab chiqarish quvvatlari uch baravarga oshdi.

Bundan tashqari, dokalar ham tibbiy vositalar turiga kiradi. Yengil sanoat korxonalari bilan kelishgan holda niqoblar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yyapmiz. Yengil sanoat korxonalari tomonidan tibbiy niqoblarni ishlab chiqarish kuniga 2 mln donani tashkil qilmoqda.

Tibbiy niqoblarni ishlab chiqarishni osonlashtirish maqsadida litsenziyalash talabidan ozod qilyapmiz. Bu bilan vaqtdan yutyapmiz. Lekin litsenziyalashni olib tashladik, degani sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqariladi, degani emas. Ular standartlar asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishadi.

Shuningdek, agentligimiz niqoblar ishlab chiqaruvchi tekstil korxonalari bilan muntazam aloqa o‘rnatgan. Muammolar vujudga kelgudek bo‘lsa, birgalikda bartaraf etyapmiz.

Virusga qarshi dori vositalarining qanchasi import qilinmoqda va qanchasini o‘zimiz ishlab chiqaryapmiz?

– Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan virusga qarshi dori vositalari ro‘yxatining 90 foizidan ortig‘ini mahalliy ishlab chiqaruvchilar yetkazib bermoqda.

Taxminan 6-7 xil dori vositalari hozirgi kunda import bo‘lib kelmoqda. Lekin ularning ham O‘zbekistonda bir nechta turi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ya'ni bir ishlab chiqaruvchi yetkazib bera olmasa, boshqa ishlab chiqaruvchidan import qilinadi.

Taqchillik yuzaga kelgani sabab ayrim «tadbirkorlar» yoki chayqovchilar tomonidan narxlar oshirilishi kuzatilmoqda. Agentlik tomonidan narxlarni monitoring qilish ishlari qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?

– Haqiqatan ham bozorda taqchillik yuzaga kelsa, ayrim chayqovchilar yoki tadbirkorlar tomonidan bozorlarda narxlarni oshirish holatlari kuzatilishi mumkin. Niqoblar narxi borasida gapiradigan bo‘lsak, jahon bozorida niqoblar xom-ashyosining narxi oshgan. Sababi – butun dunyoda bu mahsulotga ehtiyoj bor. Albatta, bu bizning mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ularda ham tannarx oshishi kuzatildi.

Lekin hozir aholining asosiy noroziligiga olib kelinayotgan vaziyat o‘rtadagi chayqovchilar ishlab chiqaruvchilardan sotib olib, ko‘chalarda bir necha bor qimmatga sotishmoqda. Buning oldini olish uchun agentligimizda shtab tashkil etilgan. Shtab vakillari ishlab chiqaruvchilar bilan bevosita dorixonalarni bog‘lash bilan shug‘ullanyapti.

Qonunchiligimiz bo‘yicha, dorixonalarda dorilarga 20 foizdan oshiq ustama qo‘yish mumkin emas.

Qonun buzilish holatlari, narxni oshirish holatlari uchradimi?

– Bunday holatlar uchrab turibdi. Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi bilan birgalikda narx oshirgan dorixonalarga chora ko‘rish arafasida turibmiz.

Taqchillikning oldini olish uchun dorixonalarda dori vositalarni fuqarolarga sotishda qandaydir cheklovlar qo‘yish kerakdir? Bu esa dori vostilarining chayqovchilar qo‘liga chiqib ketishining oldini oladi.

– To‘g‘ri aytasiz. Ushbu taqchillikning oldini olish uchun dorixonalarga tavsiya tariqasida murojaat qilyapmiz. Ya'ni jon boshiga 10tadan ko‘p maska berishni taqiqlash bo‘yicha tavsiyalar beryapmiz.

Shu o‘rinda fuqarolarimizga aytib qolardimki, dori vositalari borasida vahimaga tushmasin. Agentlik tomonidan taqchillikning oldini olish borasida barcha ishlar qilinmoqda. Zaxiralarimiz ham yetarli darajada.

Suhbatni yuqoridagi video orqali to‘liq ko‘rishingiz mumkin.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.
Tasvirchi –
Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid