O‘zbekiston | 18:51 / 22.03.2020
39788
4 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda o‘qishni yozda davom ettirish rejalashtirilmagan - Vazir o‘rinbosari

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev maktablarda o‘qishni yozda davom ettirish ko‘zda tutilmagani, bu borada maxsus ishchi guruhga taklif berilishi haqida ma'lum qildi.

«15 mart kuni bosh vazir raisligida o‘tkazilgan maxsus komissiya qarori bilan 16 martdan boshlab maktabgacha ta'lim tashkilotlari, maktab va oliy ta'lim muassasalari o‘quvchilari uchun ta'til e'lon qilingan. Ta'til davomiyligi karantinga bog‘liq.

Maxsus komissiya topshirig‘iga asosan, 26 mart kuni Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta ta'lim vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birga epedemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda ta'tilni davom ettirish yoki ettirmaslik zaruriyati yuzasidan maxsus ishchi guruhga taklif kiritadi. Ta'til vaqtida belgilangan o‘quv dasturlari televizion darslar orqali o‘quvchilarga yetkaziladi. Hozircha maktablarda yozgi ta'til davrida o‘qishni davom ettirish rejalashtirilmagan», deya Kenjayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

AOKA huzuridagi maxsus shtabda o‘tkazilgan onlayn brifing davomida vazir o‘rinbosari ta'til berilgan bo‘lsada o‘qituvchilar karantin vaqtida ham maktablarga chaqirilayotgani, ular elektron jurnal to‘ldirish uchun maktablarda majburan ushlab o‘tirilgani haqidagi e'tirozlarga ham javob berdi.

«Respublikamizdagi barcha pedagoglar joriy yilning 18 martidan boshlab haq to‘lanadigan mehnat ta'tiliga chiqarildi. Bu haqda vazirlikning tegishli buyrug‘i ham qabul qilinib, joylarga yetkazildi.

Shunday bo‘lsa ham hududlarda ta'til vaqtida o‘qituvchilarni turli tadbirlarga jalb etilayotgani yoki ishga chaqirib qandaydir ishlarni bajarish majburlanayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Vazirlik tomonidan bunday holatlar tezkor o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, ta'til vaqtida pedagoglarni hech qanday ishlarga jalb etmaslik to‘g‘risida vazirlikning rasmiy ijtimoiy tarmoqlari, veb-sayti orqali murojaat bilan chiqilgan. Savolda aniq manzil, viloyat, tuman, maktab ko‘rsatilmagan ekan. Agar bu haqda to‘liq ma'lumot berilsa, albatta bunga chora ko‘riladi.

Shu bilan birga, ta'tilda belgilangan pedagogik yuklamalarni onlayn, ya'ni masofadan turib bajarish imkoniyati yaratiladi.

Elektron kundalik masalasiga kelsak, biz televizion darslarni elektron kundalik orqali ham yetkazish, ya'ni uyga berilgan topshiriqlarni o‘qituvchilar orqali ota-onalarga yetkazish va o‘quvchilarni baholash rejalashtirilgan. Buning uchun o‘qituvchi ishga borishi shart emas, uni mobil telefon orqali uyda turib ham bajarishi mumkin.

Fursatdan foydalanib, yana bir bor barcha ta'lim muassasalari rahbarlari, mahalliy hokimliklardan o‘qituvchilarni ta'til vaqtida ishga jalb etmaslikka chaqirib qolamiz», dedi Dilshod Kenjayev.

Oldinroq Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov karantin sabab OTMlarda yozgi ta'til muddati qisqarishi mumkinligini aytgandi.

Mavzuga oid