O‘zbekiston | 08:43 / 23.03.2020
33891
5 daqiqa o‘qiladi

Boysundagi fusunkor tabiat va tog‘ qishlog‘iga olib boruvchi yo‘l (video)

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan Dug‘oba mahallasidan tushgan murojaatni o‘rganish uchun tumanga bordik.

So‘rab surishtirdik, Dug‘oba – tuman markazi Boysun shahridan 35 km uzoqlikdagi baland tog‘lar orasidagi qishloq ekan.

U yerga borish uchun xususiy tashuvchilar kirakashlik qiladigan bekatga bordik. Mashinamiz – «Tracker», biroq mahalliy haydovchilar bu zamonaviy mashina tog‘ yo‘liga yaramasligini aytishdi. U yerga faqat xalq ichida «Villis» nomi bilan mashhur «UAZ» yo‘ltanlamaslari bora olar ekan.

Bundan hayron bo‘lib, noiloj, ulardan birini borish-kelishga savdolashdik. Haydovchimiz, o‘zining aytishicha, oiladagi 9 farzandning kenjasi Norboy bizga hamroh bo‘ladigan bo‘ldi.

Dastlab, Padang qishlog‘idan o‘tdik. Bu qishloqdan keyingi yalanglikda – tabiat qo‘ynida har yili «Boysun bahori» etnografik festivali o‘tar edi. Koronavirus sababli bu yilgisi qoldirildi. Atrof esa bahoriy fusunkor tus olgan edi.

Darvoqe, xuddi shu Padang qishlog‘idan sal yuqoriroqda «magnitli maydon» nomi bilan mashhur, tabiat anomaliyasi kuzatiladigan tepalik bor. Bir vaqtlar u yerdan ham reportaj tayyorlagan edik. Tanish joylar…

Tog‘ yo‘llaridan turtila-surtila yuqoriga o‘rmalay boshladik. Atrofni yengilgina bahor yomg‘iridan so‘ng archaning o‘tkir, biroq yoqimli hidi qoplab olgan. Inson o‘pkasining sig‘imi qancha ekanini bemalol his qiladigan musaffo havo…

Hu-uv pastda Omonxona ziyoratgohi va sihatgohi ko‘rinib turibdi. Biz esa ularni bulutlarga boshimiz tekkudek, qo‘rqa-pisa kuzatib turibmiz. Sal qadam bossang – naryog‘i tubsiz jarlik…

Tog‘da qulunlar, mol-hollar ko‘klam maysalarni erinchoqlik bilan chimdib yurishibdi. Ha, tog‘ ahli yilqichilik, chorvachilik va bog‘dorchilik ortidan kun ko‘radi.

Yo‘lboshchimiz Norboyning aytishicha, tog‘ ahli tuman markazi Boysunga faqat ro‘zg‘or uchun bozorlik qilishga borishar ekan. Un, yog‘, qand-qurs, sovun-povun degandek… 35 km yo‘l qariyb 1,5 soatda bosib o‘tiladi. Norboyning maqtanishicha, «UAZ»iga 15 ta odam sig‘adi. Harqalay, u bizdan 10ta odamning borish-kelish pulini oldi.

Oldin asfalt tugadi, keyin asfalt yuqi qolgan yo‘llar tugadi, undan so‘ngra shag‘al yo‘llar… Ko‘p o‘tmay nima uchun faqat «UAZ» bilan bilan bu yerga kelish kerakligini anglatib qo‘yuvchi yo‘llarga yetdik. Yarim metr – bir metr loy yo‘lga archa shoxlari tashlangan, «UAZ» silkina-silkina, chayqalib shu yo‘llardan olib o‘tdi. Tiqilib qolmadi, har qalay…

Nihoyat, hali qorlari erib bitmagan qoyalar oshib, Dug‘oba qishlog‘iga yetib keldik. Betakror tabiat. Uch xil tusda suv pishqirib oqayotgan daryo, soy va jilg‘a. Yangi tug‘ilgan qo‘zichoqlar va buzoqlar. Hali endi nish urgan daraxtlar. Tabiat hali bu go‘shada bahorga homilador…

Shunday go‘zal maskanlarimiz bor ekan. Haqiqiy jannatmonand yurtda yashaymiz. Ayniqsa, bahorda bu go‘shalar o‘zgacha qiyofa kasb etadi. Yo‘llar yaxshi bo‘lsa ekan, kelib, mazza qilib toza havodan simirib tursang, hali chimildiqni tark etmagan kelinchakdek go‘zal tabiatdan zavq olsang. Kim biladi deysiz, ko‘zdan pana, ovloq joylar bo‘lgani uchun ham bu yerlar shunday saqlanayotgandir…

Murojaatchilar bilan uchrashdik. Ularni tingladik. Uni alohida mavzu qilib e'tiboringizga havola etamiz. Lekin, bu qishloqqa borib kelishning o‘zi bir sarguzasht. Uni alohida bayon etishga qaror qildik.

Darvoqe, biz tog‘ qishlog‘iga borib kelgunimizcha Boysunda no‘xatdek do‘l yog‘ib ulguribdi…

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid