Jamiyat | 08:39 / 24.03.2020
14457
3 daqiqa o‘qiladi

Tergovchiga pora taklif qilgan shaxs ushlandi

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 18 mart kuni Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituvida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tuzilgan tergov-tezkor guruhi xodimlari tomonidan Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi bir necha fuqarolarni yashash uylari va yordamchi xo‘jaliklarida tintuv tergov harakati o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, uning davomida Paxtachi tumani “Zarafshon” mahallasi, “Istiqlol” ko‘chasida yashovchi 43 yoshli Z.J.ning yashash uyidan tarkibida oltin moddasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan 950 kilogramm toshlar borligi aniqlanib, jinoyat ishi bo‘yicha tergov guruhiga jalb qilingan Samarqand viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi huzuridagi Tergov guruhi katta tergovchisi tomonidan tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Bildirilishicha, shu vaqtda fuqaro Z.J. tergovchiga holatni rasmiylashtirmaslikni, buning evaziga 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida berishini taklif qilgan, lekin tergovchi unga bu harakati noqonuniyligini tushuntirishiga qaramasdan fuqaro Z.J. 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni berishini takroran ma'lum qilgan.

Tergovchi o‘zining uyali aloqa vositasiga Z.J. bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatni yozib olgan va uni DVD diskka ko‘chirib, Z.J.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘rab, viloyat IIB boshlig‘ining nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.

Mazkur bildirgi asosida 2020 yil 18 mart kuni taxminan soat 15:00larda O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyat bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Z.J. Narpay tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi xodimlarining xizmat xonasida 7 000 000 so‘m miqdoridagi pullarni tergovchiga pora tariqasida bergan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Narpay tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro Z.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid