O‘zbekiston | 09:16 / 23.04.2020
46226
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbeklar – yuragi katta odamlar». Finlandiyalik Binyamin bilan suhbat

Hozirgi paytda global muammo bo‘lib kelayotgan koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston fuqarolari va butun dunyo aholisi qanday kun kechirmoqda? Ijtimoiy hayotda biz va rivojlangan davlatlarda qanday farqlar bor? Shu kabi savollar yuzasidan Finlyandiya davlati Helsinki shahridan biz bilan bog‘langan Binyamin Patkenan yoki “o‘zbek Binyamin” bilan suhbatlashdik.

-“Assalomu aleykum, Binyamin! Sog‘lig‘ingiz yaxshimi? O‘zbek tilida chiroyli gapirasiz, dasturimizning ko‘pchilik tomoshabinlariga qiziq. O‘zbek tilini qanday qilib o‘rganib olgansiz? 

-Assalomu aleykum! Yaxshi, rahmat. Men 1997 yili tug‘ilganman. Dadam, oyim, akam va men yoshligimizda O‘zbekistonga borganmiz. U yerda o‘zimiz uy qildik va biroz muddat o‘sha yerda yashadik. Shuning uchun o‘zbek va fin tillarini birgalikda o‘rganganman. 

-Hozir ham O‘zbekistonni eslab turasizmi, sog‘inadigan joylaringiz bormi?

-Yaqinlarimning ko‘pchiligi O‘zbekiston va Tojikistonda yashashadi. Ularni eslab sog‘inaman. 

-Bilasizki, hozirda nafaqat O‘zbekiston balki, butun dunyo aholisi boshidan og‘ir kunlarni o‘tkazmoqda. Bu koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq. Finlyandiyada ham koronavirus aniqlangan. Fin xalqi va hukumati koronavirusga qarshi qanday kurashmoqda? Mana shu savolga javob bera olasizmi?

-Bizdagi holat Italiya va Ispaniyadagidek og‘ir ahvolda emas. Lekin, shunday bo‘lsada maktablar, oshxonalar va odam to‘planadigan joylar yopilgan. Karantin davrida 1-2 metrli oraliq masofani saqlash va hamma tibbiyot niqoblaridan foydalanishi qat'iy qilib qo‘yildi.

-Hozirgi Finlyandiyada do‘kondagi oziq-ovqat  va mahsulotlarining narxi qanday? 

-Oziq-ovqat do‘konlarida barcha mahsulotlar yetarli. Faqatgina do‘konda sotib oluvchilar soni 10 nafardan oshmasligi kerak. 

-Oylik maoshsiz, pulsiz va oziq-ovqatsiz qolgan oilalarga qanday yordamlar ko‘rsatilmoqda?

-Oziq-ovqatsiz va pulsiz qolgan oilalarga hukumat tomonidan moddiy yordam ko‘rsatiladi. Ularga oziq-ovqat mahsulotlari ham yetkazilib berilmoqda. Ko‘ngilli odamlar ham yordam qiyapti. 

-Finlyandiyada transport harakati qanday? Avtobus, yengil mashinalar, metro va samolyot harakatdami?

-Ayni paytda aviaharakat 3 haftaga cheklangan. Chet davlatlar bilan aviaqatnovlar to‘xtatilgan. 

-Biz bilamizki Finlyandiya, Daniya va Norvegiya davlatlari yoshlarining ijtimoiy faolligi yuqori. Hozirgi pandemiya davrida ham hukumat va davlatning yordamisiz kasallikka qarshi qanday yordam ko‘rsatishmoqda?

-Ha, albatta bir yaqin do‘stim yangi web-sayt yaratdi va u 7 ming yoshlar e'tiborini tortdi. Web-sayt ning maqsadi yolg‘iz va yordamga muhtoj qariyalarga yordam ko‘rsatadi. Ko‘ngilli odamlar ro‘yxatdan o‘tib, xaritada o‘z yashash manziliga yaqin bo‘lgan joydagi qariyalardan xabar olmoqda.

-O‘zbekistonda tibbiyot niqobini taqmasdan ko‘chaga chiqqan fuqarolarga nisbatan ma'muriy jazo qo‘llanilishidan xabaringiz bor. Sizlarda ham shundaymi? 

-Bizda hozir niqob yetishmovchiligi muammosi mavjud. Lekin, aholimiz niqob taqib yurganda koronavirus yuqmasligini bilishadi va o‘zlarining sog‘liqlari uchun taqib yurishadi. O‘zbekiston ayollar buni tika oladi. Men ham videolarim orqali shunday qilishni targ‘ib qilyapman.

-Mana shu pandemiya sabab butun dunyo, qolaversa O‘zbekiston ham butunlay boshqacha hayotni boshdan kechirmoqda. Sizningcha bundan keyingi hayot qanday bo‘ladi?

-Menimcha keyingi hayotimiz xalqimizning o‘ziga bog‘liq. Chunki mana shu og‘ir vaziyatdan xulosa chiqarib, hayotini ijobiy tarafga o‘zgartiradi deb o‘ylayman. Hammasi odamlarga bog‘liq. Muhimi – odamlar bizga kerakligini tushundik.

-Mana ko‘p vaqt O‘zbekistonda yashadingiz, o‘zbeklarning tili va madaniyati bilan yaqindan tanishdingiz. Siz Finlyandiyadagi do‘stlaringizga ham O‘zbekiston haqida gapirib berasizmi?

-Ha, men o‘zbeklarning turmush tarzi, madaniyati va dunyoqarashi haqida do‘stlarimga aytganman. Lekin, ular ishonishmagan. Chunki finlandlar va o‘zbeklar orasida har tomonlama katta farq bor. O‘zbeklar o‘zining mehr-oqibatliligi, qariya ota-onalarini hurmat qilishi bilan finlandlardan ajralib turadi. Ayniqsa, palovi bilan. O‘zbeklar – yuragi katta odamlar.  

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid