Jahon | 07:55 / 28.04.2020
5217
2 daqiqa o‘qiladi

BMTda koronavirus G‘arbiy Afrikada ocharchilikka olib kelishi mumkinligi aytildi

Koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatning chuqurlashishi G‘arbiy Afrikada ochlikdan aziyat chekuvchilar sonining yana 50 mln kishiga ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Foto: REUTERS / Afolabi Sotunde

Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) G‘arbiy Afrika bo‘yicha koordinatori Kumba Sou ma'lum qildi. 

Sou FAO saytida e'lon qilingan intervyuda ushbu mintaqada vaziyat juda qaltis ekanini ta'kidlab o‘tgan: uning aholisi uzoq vaqtdan beri ocharchilik, iqlim o‘zgarishlari, chigirtka yopirilishi va qurolli ixtiloflardan aziyat chekib keladi. Aprel holatiga ko‘ra, G‘arbiy Afrikada 11 mln kishi ocharchilikda qolmoqda. Agar qat'iy choralar ko‘rilmasa, yozda bu ko‘rsatkich 17 mlngacha oshishi mumkin.

Yevropa pandemiyadan sekin-asta chiqayotgan bir vaqtda, Afrika, ko‘rinishicha, endi unga kirmoqda. BMTning baholashicha, eng yomon vaziyatda “qora qit'a”ning butun aholisi kasallanishi, 3 mln kishi esa vafot etishi mumkin. 

Souning ta'kidlashicha, koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning yanada yomonlashishi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishiga va oziq-ovqat zaxiralarining tugashiga olib keladi. “Pandemiya chuqurlashadigan bo‘lsa, oziq-ovqat inqirozi bu mintaqada yana 50 mln kishiga ta'sir qilishi mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan mutaxassis. Uning aytishicha,  inqiroz birinchi navbatda aholining eng zaif qatlamlari – bolalar va ayollarga hamda ko‘chmanchi chorvadorlar va fermerlarga ta'sir qiladi.

Sou FAOning ushbu vaziyatdagi ustuvor vazifasi favqulodda munosabat choralarini saqlab qolish hisoblanishini aytgan. Tashkilot koronavirusdan aziyat chekkan xo‘jaliklarga yordam berishni, mavsumlar o‘rtasida ijtimoiy himoyani ta'minlashni va bozorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, G‘arbiy Afrikada 8 ming kishi koronavirusga chalingan, 205 kishi undan vafot etgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid