Jamiyat | 12:09
2009
17 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Kollektivlashtirish: SSSRda ocharchilikdan halok bo‘lgan odamlar

1928 yilda SSSRda kollektivlashtirish boshlanadi. 4-5 yil davom etgan bu jarayonda avval boylarning, so‘ng o‘rtahollarning yerlari va mol-mulklari tortib olinadi. Ularning o‘zi quloq deb atalib, surgun qilinadi, o‘ldiriladi va qamoqxonalarga jo‘natiladi.

1917 yil fevralda Rossiyada imperator Nikolay II taxtdan ag‘dariladi va hokimiyat muvaqqat hukumat ixtiyoriga o‘tadi. 1917 yil oktyabrda o‘zlarini bolsheviklar va mensheviklar deb atagan inqilobchi to‘dalar davlat to‘ntarishini amalga oshiradi va hokimiyatni egallaydi.

Shundan so‘ng Rossiya imperiyasida imperator tarafdorlari va o‘zini «inqilobchilar» deb atagan to‘da tarafdorlari o‘rtasida fuqarolar urushi boshlanadi.

Boshqa tomondan Rossiya imperiyasi qo‘l ostida mustamlaka bo‘lgan Boltiqbo‘yi, Polsha, Ukraina, Kavkaz, O‘rta Osiyoda milliy ozodlik harakatlari boshlanadi.

Rossiyadagi imperator tarafdorlari qo‘shinlariga Chor Rossiyasi davrida armiya qo‘mondonlari bo‘lgan generallar boshchilik qiladi.

Bolsheviklar va mensheviklar deb atalgan inqilobchi to‘da hamma yoqni egallab olgani uchun ularda ta’minot bilan bog‘liq muammo kamroq, qarshi tomonda esa oziq-ovqat va qurol-yarog‘ yetishmovchiligi bor edi.

Bundan tashqari, bolsheviklar rahnamosi Vladimir Lenin «Boylarning mulki tortib olinib, kambag‘allarga bo‘lib berish va shu yo‘l bilan hammani teng qilish» haqida gapirib, Rossiya imperiyasi va uning tarkibiga kiruvchi o‘lkalarda millionlab tarafdorlar orttirgandi.

Shu sababli aholining o‘rtahol va kambag‘al qismi davlat to‘ntarishini qo‘llayotgandi. Biroq ular bir kun kelib bolsheviklar boshlariga qanday og‘ir kunlar solishini anglab yetmagan edi.

Fuqarolar urushi va ozodlik harakatlari bir necha yil davom etadi. Natijada, Boltiqbo‘yi davlatlari – Latviya, Litva, Estoniya, Finlandiya va Polsha mustaqillikni qo‘lga kiritadi.

Ukraina, Kavkaz va O‘rta Osiyo kuch bilan Rossiya tarkibida saqlab qolinadi. Bundan tashqari, 1920 yilgacha mustaqil davlat sifatida yashab kelgan Buxoro amirligi va Xiva xonligi yiqitilib, ularning hududi Rossiyaga qo‘shib olinadi.

1917 yilda Rossiyada odir bo‘lgan davlat to‘ntarishidan so‘ng Polsha, Finlandiya, Latviya, Litva va Estoniya mustaqillikni qo‘lga kiritgandi

1922 yil 30 dekabr kuni Sovet sotsialistik respublikalari ittifoqi (SSSR) tuziladi va unga Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Kavkazorti respublikalari kiradi.

Keyinchalik Kavkazorti va Turkiston parchalanadi va ularning hududida bir nechta sotsialistik respublikalar tashkil etiladi.

Bolsheviklar SSSRni tashkil etib olganidan so‘ng eng avval asosiy raqobatchilari – mensheviklarni qatag‘on qiladi. So‘ng Moskva, Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) va boshqa yirik shaharlardagi kichik savdogarlar, baqqollar, hunarmandlar va boshqalarning mulklarini tortib oladi.

Oqibatda mamlakatda ishsizlik ko‘payadi, narxlar keskin oshadi va ocharchilik xavf sola boshlaydi. Shaharlarda ishsiz qolgan sobiq hunarmandlar, savdogarlar va baqqollar jon saqlash uchun qishloqlarga qocha boshlaydi.

1927 yilda hukumat non uchun ma’lum narx belgilaydi va undan qimmat sotganlarni keskin jazolashga o‘tadi. Oqibatda, qora bozorda non narxi oshib ketadi va mamlakatning bir qancha hududlarida non uchun namoyishlar bo‘lib o‘tadi.

Ungacha hukumat Yangi iqtisodiy siyosat (NEP-Novaya ekonomicheskaya politika) nomi bilan iqtisodiy islohotlar o‘tkazgan, biroq ular naf bermagan edi.

1927 yildan boshlab mamlakatda keng miqyosda kollektivlashtirish amalga oshiriladi va oqibatda ocharchilik yuz berib, millionlab insonlar halok bo‘ladi.

Kollektivlashtirishni jadallashtirish uchun chiqarilgan targ‘ibot banneri

Kollektivlashtirish

Jamoa xo‘jaliklari tarixiga qaralsa, bunday tuzilmalar ilk bor 1918 yilda tuzilgani aytiladi. Balki shundaydir, biroq SSSRda kollektivlashtirish 1928 yildan avj olgani haqiqat.

1927 yil partiyaning XV s’yezdida mas’ul shaxslarga qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq qo‘yiladi. Shundan so‘ng butun mamlakatda ishlar boshlab yuboriladi. Biroq qishloq joylarida yashovchilarni jamoa xo‘jaliklariga jalb qilish qiyin kechadi.

1929 yil bahordan boshlab ishlarni yanada jadallashtirish uchun shahar joylarida yashovchi partiya va komsomol a’zolari bo‘lgan odamlar qishloqlarga yuboriladi.

O‘sha yili noyabr oyida Butunittifoq kommunistik partiyaning navbatdagi plenumi o‘tkaziladi. Unda kolxozlarni tuzishni jadallashtirish haqida qaror qabul qilinadi.

Oradan bir necha oy o‘tgach, 1930 yil 30 mart kuni kompartiya markaziy qo‘mitasining «Kolxoz harakatida partiya topshiriqlarini buzishga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinadi. Shundan so‘ng kolxozlarni tuzish uchun ayovsiz kurash boshlanadi.

Eng avval boylarning, so‘ng o‘rtahollarning yer-mulklari tortib olinadi. Boshqaruv organlari bu bilan cheklanmay, boylarni «quloq» deb atab, aksariyatini uzoq joylarga surgun qiladi. Ayrimlarini qamashadi, otib o‘ldirishadi.

Kollektivlashtirish davrida qishloqlardan juda ko‘p odamlar boy-quloq deb atalib uylaridan quvg‘in qilingan.

Masalan, o‘zbekistonliklar ko‘proq Sibir tomonlarga va Ukrainaga surgun qilingan. Kollektivlashtirish paytida surgun qilingan insonlarga oradan qariyb 20 yil o‘tgandan so‘ng, 1948 yilda uylariga qaytishga ruxsat beriladi. Biroq bu paytda ularning aksariyati o‘lib ketgandi.

1932 yilga kelib SSSRning katta hududlarida jamoa xo‘jaliklarini tuzib bo‘lishadi. Jarayonlarda millionlab odam o‘z yurtidan surgun qilinadi, boshqalari qamaladi, o‘ldiriladi.

Shundan so‘ng mislsiz ocharchilik sodir bo‘ladi. Ayniqsa, Ukraina, Rossiyaning markaziy hududlarida hamda Qozog‘iston shimolida kuchli ocharchiliklar sodir bo‘ladi va oqibatda millionlab insonlar o‘lib ketadi.

Ocharchilik

1928 yildan boshlab o‘tkazilgan kollektivlashtirish 1931 yilga kelib o‘zining salbiy oqibatlarini ko‘rsata boshlaydi. Qishloqlarda yashayotgan millionlab insonlar surgun qilingach, qolgan odamlarda ham sovet hukumatiga nisbatan kuchli nafrat uyg‘onadi.

Axir kimga ham yer-mulki hamda uyidagi chorva mollarining tortib olinishi va kolxozga qo‘shib yuborilishi yoqardi. Shu sababli 1931 yilda mamlakat bo‘ylab mo‘ljaldagi g‘alla hosili olinmaydi.

Boz ustiga, o‘sha yili hosilning katta qismi kuzda ekish uchun olib qo‘yiladi. Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat vakillari rejani bajarish bahonasida dehqonlar qo‘lidagi barcha donni tortib oladi.

Mahalliy hukumatlarning rejani kamaytirish haqidagi iltimosi Moskva tomonidan rad etiladi. Masalan, qozog‘istonliklar 1931 yilda Stalindan bug‘doy tayyorlash rejasini 75 million puddan 50 milliongacha tushirishni so‘raydi, ammo Stalindan «munozara qilmaslik va ishlash kerak»ligi bo‘yicha javob oladi.

Kollektivlashtirish paytida dehqonlardan donni shunaqa yo‘l bilan tortib olishgan

Xuddi shunday holat Ukraina bilan ham yuz beradi. 1932 yilda Ukraina kommunistik partiyasi rahbariyati ham Moskvaga rejani biroz kamaytirishni iltimos qiladi. Biroq Stalin bunga ham rozi bo‘lmaydi, aksincha, davlat mulkiga zarar yetkazish va boshqa ishlarga befarq qarashni ayovsiz jazolash bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

O‘sha iltimosdan so‘ng Ukrainada xalqni ayovsiz jazolashga o‘tishadi va kolxoz mulkini talon-toroj qilish»da ayblab, ko‘plab odamlarni hibsga olishadi. Ularning asosiy qismi qamaladi, 2 110 kishi esa o‘lim jazosiga hukm qilinadi.

Oqibatda 1932 yil bahoriga chiqib mamlakatning turli hududlarida ocharchilik boshlanadi. Ocharchilik ikki yil davom etadi va 1933 yilda ham millionlab yegulik topa olmagan odamlar halok bo‘ladi.

Jumladan, Ukraina, Belorussiya, Rossiyaning markaziy hududlari, Shimoliy Kavkaz, Ural, Volgabo‘yi, Janubiy Ural, Janubiy Sibir va Qozog‘istonda (Qozog‘iston o‘sha paytda RSFSR tarkibida bo‘lgan) mislsiz ocharchiliklar yuzaga keladi. Oqibatda mamlakat bo‘ylab bir necha million odam halok bo‘ladi.

Jumladan, Ukrainada sodir bo‘lgan ocharchilikda qariyb 4 mln, Qozog‘istonda esa rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 1 mln 250 ming, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 3-4 mln odam halok bo‘ladi.

Qozog‘istonda sodir bo‘lgan ocharchilikda asosan respublikaning markaziy, g‘arbiy, sharqiy va shimoliy qismida yashovchi odamlar nobud bo‘ladi. Qozog‘iston janubida yashovchi odamlar esa O‘zbekistonga qochib kelib jon saqlab qoladi.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda O‘zbekistonga yarim milliondan 1 milliongacha odam non qidirib kelgan va ularning asosiy qismi ocharchilik yillari tugagach o‘z yurtiga qaytib ketgan. Ularning bir qismi O‘zbekistonda yashab qolgan.

Kollektivlashtirishdan so‘ng kelib chiqqan ocharchilikda ko‘palb insonlar o‘lib ketgan

1932-1933 yillarda Belorussiyada rasmiy ma’lumotlarda 67 ming, norasmiy ma’lumotlarda bir necha yuz ming, Rossiyaning turli hududlarida esa 2-3 million odam nobud bo‘lgani aytiladi.

Ocharchilik sodir bo‘lgan joylar ekin ekib hosil olish bo‘yicha eng unumdor tuproqlarga ega hududlar edi. Kollektivlashtirish uchun olib borilgan ayovsiz kurash va keskin siyosat butun boshli qishloq xo‘jaligini izdan chiqargani uchun o‘sha joylarda odamlar yegulik top olmay qoladi.

Golodomor

Bugun Ukraina hukumati 1930-yillar boshlarida bo‘lib o‘tgan ocharchilikdan eng ko‘p jabrlangan millat ekanini aytadi. Ukrainaliklar «golodomor» sovet tuzumining ukrain xalqiga nisbatan amalga oshirgan genotsidi, deb hisoblaydi.

Ukrainaga Viktor Yushchenko prezidentlik qilgan davrda mamlakat xavfsizlik xizmati ocharchilikka doir 5 mingdan oshiq hujjatni arxivdan chiqaradi.

Ko‘p o‘tmay Kiyevda ocharchilikdan nobud bo‘lgan insonlar xotirasi uchun maxsus kompleks va yodgorlik barpo etiladi. Hozirda u joy xorijiy delegatsiyalar tashrif buyuradigan joyga aylangan.

Hatto 2008 yilda o‘sha paytda Rossiya prezidenti bo‘lgan Dmitriy Medvedev Viktor Yushchenkoga murojaatnoma e’lon qilib, «golodomor» nafaqat Ukrainada, balki boshqa sobiq ittifoq respublikalarida ham jiddiy talafotlar keltirganini ta’kidlagan.

2010 yilda Ukraina boshqaruviga kelgan kremlparast rahbar Viktor Yanukovich esa uni SSSR xalqlari uchun umumiy fojia deb ataydi.

Ukrainada yuz bergan ocharchilik ko‘lami juda katta bo‘lib, o‘shanda och qolganlar odamlarni yeyishga majbur bo‘lgan. Keyinchalik ocharchilik guvohlari odamlar o‘z farzandlari yoki qo‘shnilarining bolalarini yeyishga majbur bo‘lgani haqida gapirib bergan.

Ocharchilikdan eng ko‘p ukrainaliklar jabrlangan

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda 2 500 dan oshiq kishi kannibalizmda ayblanib javobgarlikka tortiladi. Ukrainalik olim Vasiliy Marochkoga ko‘ra, mazkur dahshatli jarayon 1933 yilning ikkinchi yarmida ayniqsa kuchayib ketgan.

Ocharchilikning demogarfiyaga ko‘rsatgan ta’siri

1928 yildan boshlab kollektivlashtirish uchun fuqarolarga nisbatan keng ko‘lamli qatag‘onlar boshlanar ekan, surgun qilinganlar, qamalganlar va o‘ldirilganlar hisobiga ayrim hududlarda aholi soni kamaya boshlaydi.

1931 yil kuzda ocharchilik boshlanar ekan, aholi soni keskin kamayishga o‘tadi va bu hol 1939 yil so‘ngigacha davom etadi.

Buning ustiga tirik qolgan odamlar ham zo‘rg‘a kun kechirgani uchun tug‘ilish ko‘rsatkichlari ham pasayib ketadi. Oqibatda ocharchilik hukm surgan hududlarda aholi soni keskin kamayib ketadi.

Masalan, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1926 yilda Qozog‘iston aholisi qariyb 4 mln nafar bo‘lgan. Ocharchilikdan so‘ng uning yarmi qolgani aytiladi. 1939 yilda Qozog‘istonda 2,9 mln odam bo‘lgan.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, 1930 yilda Qozog‘iston aholisi 5-6 mln nafar bo‘lgan, 1933 yilda ularning soni 2,5-3 mln nafarga tushib qolgan.

Ocharchilikda asosan qozoq xalqi jabr chekkani va kamayish asosan shu millat hisobidan bo‘lgani aytiladi. Chunki ocharchilikdan so‘ng sharqiy va shimoliy Qozog‘istonda qozoqlar soni 60 foizgacha kamayib ketadi. Qozoq millati soni 1970 yilga kelib ocharchilikdan avvalgi miqdorga yetadi.

Faqatgina XX asr oxirida qozoq millati yana dominant millatga aylanadi.

Turli manbalarda ocharchilikda halok bo‘lganlar haqida, ularning soni bo‘yicha turli ma’lumotlar berilgan. Masalan, Britannik ensiklopediyasida SSSRda ocharchilik tufayli 5 mln odam halok bo‘lgani va ularning 4 millioni ukrainlar ekani yozilgan.

Kiyevda ocharchilik qurbonlari uchun o‘rnatilgan yodgorlik

Brokgauz ensiklopediyasida esa ocharchilik yillarida SSSRda 4 milliondan 7 milliongacha odam halok bo‘lgani va ularning asosiy qismini ukrainalar tashkil etishi aytiladi.

Ma’lumot uchun, Ukrainada sodir bo‘lgan ocharchilikni 31 ta davlat sovetlarning ukrain xalqiga nisbatan sodir etgan genotsidi deb tan olgan.

Agar qozoq manbalariga, tarixiy tadqiqotlarga qaralsa, ocharchilik Qozog‘iston aholisining va qozoq xalqining keskin kamayib ketishiga sabab bo‘lgan.

Ayrim qozoq tarixchilari agar ocharchilik sodir bo‘lmaganda bugun Qozog‘istonda qozoqlar 10 milliondan oshiq emas, balki 30 mln atrofida bo‘lishini yozadi.

Shuningdek, rus tarixchilari ham Rossiya markazida rus aholining kamayib ketishiga ocharchilik sabab bo‘lganini aytadi. Ya’ni har millat o‘zini ko‘proq jabr ko‘rgan deb hisoblaydi.

Aslida esa 1931-1934 yillar orasida bo‘lib o‘tgan ocharchilikdan SSSRda yashovchi barcha millatlar jabrlangan. Jumladan, o‘zbekistonliklar ham.

 

 

O‘zbekistondagi vaziyat

Ocharchilik muammosi tabiiyki O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmagan. Sobiq sovet davlatining taniqli arboblaridan bo‘lgan Turor Risqulov shunday yozgan edi: «Turkistondagi ocharchilik chorizm ekspluatatorlik faoliyati qoldirgan meros va mahalliy xo‘jalik yuritish shakllarining qoloqligi tufaylidir».

O‘sha paytda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa respublikalarida ham odamlar nobud bo‘lgan. Boshqa hududlar bilan solishtirganda o‘lganlar soni kam bo‘lgani uchun asosiy urg‘u Rossiya, Ukraina va Qozog‘istondagi ocharchilikka urg‘u ko‘p beriladi.

Qozog‘istonda ocharchilik qurbonlariga o‘rnatilgan yodgorlik

Oktyabr inqilobiga qadar ham paxtaga keng yer ajratilib, g‘allani Rossiyadan tashib keltirishga asoslangan iqtisod inqilobdan keyin jiddiy yetishmovchilikka uchraydi. Paxtaning xarid narxlari kamayadi, g‘allaning bahosi esa keskin oshib ketadi.

Vaziyat o‘ta qaltisligi tufayli 1933 yil martida O‘zbekiston kompartiyasi bosh kotibi Akmal Ikromov Stalinga telegramma yo‘llashga majbur bo‘ladi. Unda g‘alla muammosi hal qilinmas ekan, paxta yetishtirishga ham putur yetishi haqida gap boradi.

Bu davrning o‘ziga xos xususiyati shundaki, hudud aholisi shu paytgacha iste’mol qilishga o‘rganmagan kartoshka, pomidor kabi sabzavotlarni ham yeya boshlaydi va endi ular ovqat ratsioniga qat’iy kirib boradi.

Shu bilan ahvol o‘n yillar davomida o‘nglanmaydi va og‘ir vaziyat Ikkinchi jahon urushiga ulanib ketadi. Qator hududlarda ocharchilik hatto Ikkinchi jahon urushidan keyin ham bir necha yil davom etgan.

Umuman olganda O‘zbekistonda 1950-1955 yillarga kelib odamlarning qorni nonga to‘ya boshlagan. Ungacha urush tugagan bo‘lsa ham uning asoratlari bo‘lgan.

Shuningdek, Moskva mamlakatning vayron bo‘lgan g‘arbiy qismini qayta tiklash bahonasida O‘zbekistonda yetishtiriladigan mahsulotlarning oxirgi donasigacha tashib chiqib ketgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid