Jamiyat | 12:44 / 29.04.2020
12339
11 daqiqa o‘qiladi

Favqulodda vaziyat ayrim inson huquqlarini cheklashi mumkin - huquqshunos

Kun.uz pandemiya va iqtisodiy inqiroz masalalariga oid turli soha vakillari bilan suhbatlar tashkil qilmoqda. Navbatdagi suhbatdoshimiz - Xalqaro Yuristlar komissiyasi konsultanti, huquqshunos Dilfuza Kurolova pandemiya vaqtida xalqaro huquq sohasida kuzatilayotgan o‘zgarishlar, inson huquqlarining himoyalanishi to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ma'lumot uchun: Dilfuza Kurolova – Toshkent Davlat yuridik universiteti (Xalqaro gumanitar huquq mutaxassisligi) hamda OSCE (Yevropa xavfsizligi va hamkorligi tashkiloti) akademiyasi (Siyosat va xavfsizlik mutaxassisligi)ning magistri bo‘lib, ayni damda Xalqaro Yuristlar komissiyasi va Xalqaro moliyaviy tashkilotlar loyihalarining huquqiy va ijtimoiy masalalari bo‘yicha konsultanti sifatida faoliyat yuritadi.

Dilfuza O‘zbekistondagi faol huquqshunos yoshlardan biri bo‘lib, TEDxMustaqillikSquare loyihasining spikerlar bo‘yicha murabbiyi va Global Shapers Tashkent Hub asoschi-kuratori hamda Mampassi Sollective (Markaziy Osiyo yosh mutaxassislari tarmog‘i) a'zosi ham sanaladi. U 2017 yilda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan MISK Global forumida ishtirok etgan. Venadagi YeXHT bosh kotibiyatining huquqiy bo‘limida malaka oshirgan. 2019 yilda John Smith Trust Fellowship dasturi bo‘yicha Buyuk Britaniyada malaka oshirib qaytgan.

- COVID 19 pandemiyasi O‘zbekistonda xuquq sohasida qanday o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin?

- Albatta, har bir davlat o‘zining iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy munosabatlari, mavjud siyosatidan kelib chiqqan holda turli chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Ayrim davlatlarda favqulodda holat e'lon qilinmoqda. Ba'zi mamlakatlarda esa favqulodda vaziyat e'lon qilinmasdan avval karantin holatiga o‘tilmoqda. Lekin mana shunday favqulodda holatlar bo‘lgan bir vaqtda hech bir davlatda inson huquqlari buzilmasligi zarur. Shu bois xalqaro huquqda qayd etilganidek, agarda favqulodda vaziyat yuzaga kelsa, ayrim inson huquqlarini cheklash yoki chegaralash mumkinligi to‘g‘risida belgilab o‘tilgan.

Xalqaro inson huquqlari sohasida eng asosiy qonunlardan biri – bu 1966 yilda qabul qilingan fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Pakt hamda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Pakt hisoblanadi. Mazkur paktlarga O‘zbekiston Respublikasi ham 1995 yildan buyon a'zo davlat sanaladi. Bu esa o‘z navbatida, O‘zbekistonning ham inson huquqlarini himoyalash kabi xalqaro majburiyatlari mavjudligini anglatadi. Shu paktlarga asosan birinchi pakt -  ya'ni siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi paktning 4-moddasida “Agarda favqulodda holat paydo bo‘lgan bo‘lsa, ayrim huquqlardan cheklash mumkin”, deb belgilab o‘tilgan. Mazkur cheklovning o‘z tegishli jarayoni mavjud. Misol uchun, “Sirakuza prinsipi”ga asosan, bunda davlat har qanday favqulodda vaziyatni aholiga e'lon qilishi kerak, ya'ni qonunan parlament yoki davlat rahbari tomonidan rasman ma'lum qilinib, qonunda belgilangan qaysi huquqlar va erkinliklarga cheklovlar qo‘yilishi ko‘rsatiladi. Masalan, “komendantlik soati” bo‘lishi mumkin yoki ayrim holatlarda jurnalistlar yoki OAVga ba'zi bir xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik talabi qo‘yilishi, ya'ni so‘z erkinligini cheklash holati bo‘lishi mumkin. Biroq bu degani inson huquqlarini to‘laqonli cheklash degan ma'noni anglatmaydi. Shunday mutlaq huquqlar mavjudki, ularni cheklash mumkin emas.

Umuman olganda, davlat tomonidan favqulodda holatlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mavjud xavfga proporsional bo‘lishi zarur. Ikkinchi navbatda, ular chindan ham zarur, o‘rinli va qonuniy bo‘lishi kerak. Uchinchidan esa, har bir ko‘rilayotgan chora-tadbirlar vaqtincha bo‘lishi shart.

Dilfuza Kurolova

- Turli mamlakatlarda, shu jumladan O‘zbekistonda pandemiyaga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlarni huquq sohasidagi ekspert sifatida qanday baholaysiz?

- Albatta, dunyo hamjamiyati koronavirusga qarshi qanday qurash olib borayotganini kuzatib bormoqdamiz. Agarda xalqaro huquq nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, ayrim mamlakatlarda politsiya xodimlari juda katta kuchga ega bo‘lmoqda, ba'zi davlatlarda inson huquqlari shu qadar cheklanganki, odamlar  o‘z fikr-mulohazalarini ham ayta olishmayapti. Aholiga nisbatan qattiq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Joriy yilning aprel oyi boshida BMT maxsus ma'ruzachilarining barchasi yig‘ilib, rasmiy sahifalarda o‘z fikrlarini aytib o‘tishdi: Albatta, koronavirus pandemiyasi tugaganidan so‘ng, butunjahon tashkilotlari va xalqaro organlar mamlakatlar inson huquqlari, manfaatlarini himoyalashda qanchalik to‘g‘ri yo‘l tutganligini nazorat ostiga olib, kuzatib borishadi.

Ma'ruzachilar qayd etganidek, ayrim davlatlarda ayni damda qonuniylik prinsiplari buzilmoqda. Shunday davlatlar borki, u yerda qurolli kuchlarga ko‘proq huquqlar berilib, fuqarolarga qarshi hattoki, qurol ham ishlatishmoqda. Yoki ayrim hollarda “komendantlik soati” qoidasini buzganlarga qarshi quch qo‘llanmoqda. Bular xalqaro huquqning normalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

-       Koronavirus pandemiyasidan so‘ng xalqaro huquq yo‘nalishida qanday jiddiy o‘zgarishlar kuzatiladi deb o‘ylaysiz?

-        Birinchi navbatda, yuqorida ta'kidlab o‘tganimdek, mavsumiy hisobotlar topshirish vaqti bo‘ladi. Har bir davlat konvension organga a'zo bo‘lganidan so‘ng, har besh yillikda o‘z hisobotlarini taqdim etadi. Mening fikrimcha, endilikda hisobotlarda koronavirusga qarshi olib borilgan davlat siyosati va chora-tadbirlar qanday qilib inson huquqlarini poymol qilmagani, shuningdek, inson huquqlaridagi chegaralar, xalqaro majburiyatlardan cheklanish, qay darajada zarur, proporsional, qonuniy va vaqtinchalik harakatlar olib borilgani to‘g‘risida tegishli bandlar ko‘rsatiladi.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasida shunday hujjat paydo bo‘ldiki, unda eng ko‘p buzilishi mumkin bo‘lgan yoki ko‘proq xavf-xatarga uchrashi mumkin bo‘lgan inson huquqlarining standartlari belgilab o‘tildi. Buni onlayn tarzda istagan odam o‘qib ko‘rishi mumkin. Hujjatda har bir davlat insonlarga boshpana berishi va ijtimoiy jihatdan ta'minlashga majbur. Agar aholi ijarada yashaydigan bo‘lsa, imkon qadar ijara haqi to‘lovini keyinroqqa surish yoki moratoriy qo‘yish siyosatini olib borish zarur. Shuningdek, nogironlar masalalari ham qayd etilgan. Nogironlar ba'zida doimiy qarovga va ko‘makka muhtoj bo‘lishi mumkin. Bizga ma'lumki, agarda karantin rejimi yoki ijtimoiy masofalanish holati bo‘lsa, bu guruh kerakli yordamni ola olmaydi. Mana shunday vaziyatlarda, nogironlar guruhi katta xatar ostida bo‘lgan insonlar guruhiga kiradi. Hujjatda esa aynan shunday xatar ostid qolgan guruhlarga o‘z vaqtida katta yordam berilishi lozimligi ta'kidlanadi.

-        Siz yaqinda koronavirus bo‘yicha xalqaro onlayn konferensiyada ishtirok etdingiz. U yerda qanday masalalar muhokama qilindi?

-        Aprel boshida Sankt-Peterburg xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir huquq sohasidagi forumlardan eng kattasi va nufuzlisi sanaladi. Mazkur forumda har yili 2-3 mingdan ziyod ekspertlar, advokatlar, sudyalar va huquqshunoslar ishtirok etib kelmoqda.

Joriy yilda koronavirus pandemiyasi tufayli ushbu tadbir ilk marotaba onlayn tarzda tashkil etildi. Uch kunlik forum davomida juda ko‘p mavzularda ma'ruzalar bo‘ldi.

Lekin men e'tiborimni tortgan ikkita muammoga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Birinchisi – bu davlatlarning olib borayotgan siyosatiga bag‘ishlangan panel bo‘lib, unda O‘zbekiston adliya vaziri Davletov ham ishtirok etib, yurtimizda koronavirusga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot berdi. Shundan so‘ng, inson huquqlariga bag‘ishlangan panel bo‘lib o‘tdi. Unda davlatlar tomonidan olib borilayotgan siyosatda inson huquqlarini himoyalash haqida to‘xtalib o‘tildi. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa konvensiyasiga asosan, agarda davlatlar inson huquqlarini chegaralamoqchi bo‘lsa, albatta, ular favqulodda holat e'lon qilishi yoki qonunda ko‘rsatib o‘tishi kerak hamda bu hech qachon doimiy shaklga ega bo‘lmasligi lozim.

Ikkinchi masala – bu sud tizimi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ham o‘z qarorini chiqardi. Qarorda sudga murojaat qilishni istagan fuqaro xat orqali yoki elektron tarzda murojaatlarini yuborishi kerak. Qaysi muammolar va murojaatlar zudlik bilan hal etilishi, qaysi birini karantin vaqtidan keyin hal etish mumkinligini hududiy sudning o‘zi belgilaydi. Shu kabi masalalar forum davomida juda ko‘p muhokama qilindi.  Barcha davlat vakillari bir ovozdan sud tizimining to‘liq onlayn shaklda o‘z faoliyatini olib borilayotgan holati butun dunyo uchun ilk bor kuzatilayotganini qayd etib o‘tishdi.

Shuningdek, Dilfuza Kurolova suhbat davomida onlayn ta'lim tizimining kamchiliklari va afzalliklari, xalqaro anjumanlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Suhbatni to‘liq shaklini Youtube orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Kun.uz muxbiri
Feruza Avazova

Mavzuga oid