Jahon | 16:32 / 02.05.2020
5385
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy AQShning bosh infeksionistiga kongressda ko‘rsatma berishni taqiqladi

AQSh kongressi vakillar palatasi qo‘mitasi rahbari Evan Xollander kongressmenlar prezident Trampning koronavirus atrofidagi inqirozga nisbatan harakati bo‘yicha Fauchining ko‘rsatmalarini tinglamoqchi ekanligini ma'lum qilgandi.  

Entoni Fauchi / Foto: AFP/Getty Images

Oq uy AQShning bosh infeksionisti va immunologi Entoni Fauchiga prezident Donald Trampning koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha harakati borasida kongressda ko‘rsatma berishini taqiqladi

Hozirda koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha choralar ishlab chiqayotgan kishilarning  kongressda chiqish qilishi "samarasiz bo‘ladi", Fauchi "qulay vaqtda so‘roq qilinishi mumkin", dedi Oq uy matbuot kotibining o‘rinbosari Jadd Dir.

AQSh kongressi vakillar palatasining assignatsiya qilish bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Evan Xollander NBC telekompaniyasiga bergan intervyusida kongressmenlar Trampning koronavirus atrofidagi inqirozga nisbatan harakati bo‘yicha Fauchining ko‘rsatmalarini tinglamoqchi ekanligini ma'lum qilgandi.  

Vakillar palatasini koronavirusga qarshi kurashda sustkashlik qilgani uchun Trampni keskin tanqid qilayotgan demokratlar partiyasi a'zolari boshqaradi.  

Entoni Fauchi Oq uyning koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha ishchi guruhining bosh ekspertlaridan biri hisoblanadi. U bir necha kun avval ayrim shtatlarni karantin choralarini bekor qilishga shoshilmaslikka chaqirgandi.

Tramp esa mamlakat iqtisodiyoti duch keladigan salbiy oqibatlarni yumshatish uchun cheklovlarning tezroq bekor qilinishi tarafdori.

AQSh koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lib turibdi. Mamlakatda ushbu kasallikka chalinganlar soni 1,1 mln kishidan oshib ketgan, 66 ming kishi vafot etgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid