Jahon | 08:40 / 06.05.2020
9435
2 daqiqa o‘qiladi

Meksikadagi aholi punktida koronavirusdan o‘lish taqiqlab qo‘yildi 

Meksika janubida joylashgan Sokonusko munitsipaliteti rahbari Rolando Rosas mahalliy aholiga koronavirus keltirib chiqaruvchi kasallikdan o‘lishni taqiqlab qo‘ydi. 

Foto: Reuters

Merning aytishicha, u shu tariqa aholi e'tiborini koronavirus tarqalishiga qarshi qaratilgan choralarga hali ham rioya qilish lozimligiga qaratmoqchi bo‘lgan. Bu haqda “Televisa” telekanali xabar berdi.

Rosas bu taqiqlov yozilgan bannerni aholi punkti markazida o‘rnatib qo‘ygan.

“Munitsipalitet farmoyishiga ko‘ra, uning hududida koronavirusdan o‘lish qat'iy taqiqlanadi”, deyilgan plakatdagi yozuvda. 

5,2 ming kishi yashaydigan Sokonuskoda koronavirusdan zararlanish bo‘yicha birorta holat qayd etilmagan. Rosasning aytishicha, u shu yo‘l bilan aholining e'tiborini ehtiyotkorlik choralariga hali ham rioya qilish kerakligiga qaratmoqchi bo‘lgan. “Fikrimcha, bu strategiya ish berdi”, deb aytgan siyosatchi “Diario del istmo” nashriga bergan intervyusida. 

Ayni vaqtda Meksikada koronavirusga chalinganlar soni 26 mingdan oshib ketdi, undan 2507 kishi vafot etgan. Hukumat 30 martda sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyat rejimi kiritilishi va birinchi ahamiyatga ega bo‘lmagan barcha faoliyat turlari to‘xtalishini e'lon qilgan.

Mamlakat prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador mamlakat odatiy hayotga 1 iyundan qaytishi mumkinligini taxmin qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid