Jamiyat | 23:01 / 09.05.2020
18712
12 daqiqa o‘qiladi

Singapurda qolib ketgan yuzga yaqin talaba O‘zbekistonga qaytolmayapti

Kun.uz tahririyatiga Singapurda tahsil olayotgan bir guruh talabalar murojaat qilib, aviaqatnovlar tiklanmayotgani tufayli O‘zbekistonga qayta olmayotganini, rasmiylar charter reyslar qachon qo‘yilishi bo‘yicha aniq ma'lumot berilmayotganidan shikoyat qilishdi.

Ma'murjon Abdunazarov: 

– Singapurga sentabr va oktabr oylarida kelganmiz. Hozir 1-kursdagilarning o‘qishi tugadi, 2-kursdagilarniki tugash arafasida. Karantin tufayli imtihonlarni onlayn topshiradigan bo‘ldik. Ayni paytda birgina Singapur menejmentni rivojlantirish institutida 90 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talaba bor. Karantin cheklovlari e'lon qilingani uchun o‘qishimiz tugagandan so‘ng bir haftadan keyin qaytib ketishimiz kerak edi. Lekin hali charter reys bo‘yicha ham hech qanday xabar bo‘lgani yo‘q.

Aviaqatnovlar qachon tiklanishini so‘rab O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi elchixonasiga ham bordik. Ota-onalarimiz Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilishdi. Lekin haligacha hech qanday xabar bo‘lgani  yo‘q.

Yana bir xavotirga tushadigan joyi, Singapurda koronavirusdan zararlanganlar soni 20 mingdan ortdi.  Ya'ni zararlanish ko‘rsatkichlari O‘zbekistonga nisbatan ancha yuqori. Ko‘cha-ko‘yda karantin cheklovlari joriy etilgan. Lekin baribir ko‘pchilik zararlangani tufayli kasallikni yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo‘lib turibdi. Bunday sharoitda eng oqilona yechim – tezroq vatanga qaytish. Hozir virus yuqtirib olishdan qo‘rqib ko‘chaga chiqmasdan yotoqxonamizda o‘tiribmiz.

Feruzxon G‘oyipov:

Yotoqxonada bir oy turishimiz uchun 600 singapur dollari to‘laymiz. Vizalarimiz yangilanadigan muddat yaqinlashyapti. 20 maygacha ko‘pchilikning vizasi muddati tugaydi. Agar bu yerda yana qoladigan bo‘lsak, vizamizni yangilashimiz kerak bo‘ladi, buning uchun 100 dollar to‘lashimiz kerak.

Charter reys qo‘yilmasa, bu yerda yana bir oy qolib ketgan taqdirimizda 700 dollar ortiqcha xarajat qilishimizga to‘g‘ri keladi. Karantin sababli ko‘p ishlar chegaralangan. Yeb-ichishimizda-ku muammo yo‘q, uydagilar pul yetkazib turishibdi, lekin yotvolib yeb ota-onalarimizga og‘irlik tushirishni istamaymiz. Bu yerdagi har bir kunimiz xarajat degani. Pandemiya tufayli ba'zi mahsulotlar narxi keskin oshdi. Lekin oziq-ovqat mahsulotlari oshirilmadi. O‘rtacha narxda saqlab qolindi. Singapur – Osiyodagi eng qimmat shaharlardan biri.

Yotoqxonamizda 10 maygacha yashashimiz mumkin. Undan keyin qolsak, yana oylik to‘lovni to‘laymiz. Hattoki bir kun tursak ham. Holatimizdan kelib chiqib charter reys qo‘yilishini so‘rab elchixonaga murojaat qildik. U yerdagilar “Bu masala bizning qo‘limizda emas, buni respublika komissiyasi hal qiladi”, deyishdi.

Singapurda kasallanish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgani uchun hamma davlatlarning elchixonalari bu yerdagi fuqarolarini tibbiy niqoblar bilan ta'minlab turibdi. Yotoqxonada boshqa davlatlardan kelgan talabalar bilan birga turganimiz uchun buni ko‘rib turibmiz. Lekin bizga hali hech kim tibbiy niqob olib kelgani yo‘q. 20 dona tibbiy niqob bizga 15 dollarga tushadi. Shuning uchun judayam ko‘p xarajat qilib qo‘yyapmiz.

Barnoxon Samadova:

– Bularning asosiy qismi “Foundation course”, ya'ni bizning tushuncha bo‘yicha 1-kurs talabalaridir. Ularning o‘qishi 17 aprelda tugab bo‘lgan. Hozir, masalan, 96 nafar talaba qaytishni talab qilayotgan bo‘lsa, ularning 80ga yaqini birinchi kurs talabalari. Menimcha, imtihon 17 aprelda bo‘lishi kerak edi. Keyin onlayn topshirishga o‘tkazishdi. O‘sha vaqtdan beri ular qaytib kela olishmayapti.

Birinchi kurslarning asosiy qismi 22 aprelgacha biletni olishgan. Hammasining qo‘lida bileti bor. Biletni topshirishmagan. Pulini ham qaytarib olishmagan. Chunki karantin bo‘lib barcha kassalar yopilgan.  

Elchixonadagilar charter reys masalasi 20 apreldan keyin hal bo‘ladi, deyishgan edi. Lekin haligacha javob bo‘lgani yo‘q. Shunga hayron bo‘lib o‘tiribmiz. Nima bo‘ladi endi bu yog‘iga ularning taqdiri? Hozir zararlanganlar soni keskin oshib ketyapti.

Dildora Yunusova:

– Biz hattoki pandemiya boshlanishidan oldin ko‘pchilik ota-onalar institutga murojaat qilgan edik. Universitet rahbariyati pandemiya tufayli farzandlaringizning o‘qishini tezlatib, bag‘irlaringizga yuboramiz, 16 aprelgacha hammasi tugaydi deb so‘z berishgandi. Shuni mo‘ljallagan holda aviachiptalarni 22 aprelga olgandik. Lekin karantin bo‘lgani uchun farzandlarimiz qolib ketishdi.

Mayli, karantin cheklovlari tugab qolsa ham, charter reys bilan kelishadi, deb o‘ylagandik. Ko‘p joylarga murojaat qildik. Elektron tarzda ham murojaat qildik. Xat ham jo‘natdik. Biroq hali hech qayerdan tuzukroq natija yo‘q. “Maxsus komissiya ko‘rsatma bersa, keyin qilamiz”, deyishgandi. Komissiya bilan esa bog‘lana olmayapmiz.

Ma'murjon Abdunazarov:

– Boshida shartnoma bo‘yicha tibbiy sug‘urtaga pul to‘laganmiz. Kursdoshlarimiz orasida Singapurga endi kelgan paytimizda oyog‘i singanlar, shuningdek, shamollaganlar bo‘ldi. Biroq bizning tibbiy sug‘urta bunday holatlarga o‘tmas ekan. Kursdoshlarimiz yana uyidan yordam so‘rab, pul to‘lab davolanishlariga to‘g‘ri keldi.

Yana bir tomoni, Singapurda meditsina rivojlangani uchun davolanish juda qimmat. Shu tomondan ham bu yerda kasal bo‘lib qolish talabalarning oilalariga kattagina yuk bo‘ladi.  

Barnoxon Samadova:

– Yana bir narsani aytib o‘tishim kerak. Talabalarning hammasi judayam katta yotoqxonada turishadi. U yerda bulardan tashqari boshqa davlatlardan kelgan talabalar ham birga yashashadi. Agar kimdir yotoqxonaga kasallikni olib kirsa, bu butun yotoqxonadagi farzandlarimiz zararlanadi, degani. Xudo saqlasin, hammasi bitta binoda, bitta joyda yashashadi. Keyin ular oziq-ovqat bilan ta'minlanmaydi. Ularning o‘zlari bozorga chiqib, olib kelib, pishirishlari kerak bo‘ladi. Bu ham zararlanish uchun yana bir sabab. Shuning uchun ularni tezroq qaytarish kerak.

Keyin bular qandaydir firma orqali ketgan emas. Birinchi marta chet elga chiqishi. Hech biri chet elda yolg‘iz yashab ko‘rgan emas. Buni ularning ko‘zlaridan ham ko‘rsangiz bo‘ladi. Psixologik tomondan ta'sirlanib qolishgan. Shularni ham inobatga olishsa. Agar o‘zim o‘sha yerda bo‘lganimda, bunchalik so‘ramagan bo‘lardim. Chunki yoshim katta. Holatni tushunaman.

Bular esa hali bola. Qaytishi kerak. Oziq-ovqat muammosi bor. Deyarli hammasining qo‘lida bileti bor. Kun o‘tgan sari bularning zararlanish xavfi oshgani yomon.

Mirshohid Hoshimov:

– Singapur davlatiga oylik shartnoma aosida o‘qish uchun kelganmiz. Shuning uchun o‘qishimiz tugagandan keyin vatanga qaytishimiz kerak, deb o‘ylayman.

Biz bu yerda ikkinchi kursda o‘qiymiz. Bizdan bir kurs pastda o‘qiydigan talabalarning o‘qishi aprel oyida tugagan. Ular bir yarim oydan beri uydan chiqmasdan o‘tirishibdi. Hech qanday yangilik yo‘q. Bizning o‘qishimiz ham 15 mayda tugashi kerak edi. Bu ham onlayn tarzda bo‘ladigan bo‘ldi.  

Hilola Abdullayeva:

– Pezidentimizdan, hukumatimizdan judayam iltimos qilgan bo‘ladim. Farzandlarimizni olib kelishda imkon darajasida ota-onalarni qo‘llab-quvvatlashlarini judayam xohlardim. Haqiqatan ham farzandlarimiz qiynalib qolishyapti.  

Qizim qo‘lidagi biletni 22 aprel sanasiga almashtirgan edi. Har hafta 200 dollar farzandlarimizning oziq-ovqatlari uchun yuborishimizga to‘g‘ri kelyapti. Hozirda dollar kursining keskin oshgani ham bizga ta'sir qilyapti. Hukumatimizdan iltimos qilib qolgan bo‘lardik, bolalarimizni qaytarishda yordamlarini ayashmasa.

Zebo Xudoyberdiyeva:

– Farzandlarimizni zamonaviy bilimlarga ega bo‘ladigan, keyinchalik kelib O‘zbekistonning kelajagi uchun yetakchi mutaxassislar bo‘lib yetishadi, degan maqsadda Singapur institutiga yuborgan edik.  Hammasining qo‘liga biletlarni olib berib, yotoqxonasining pullarini to‘lab, jo‘natgan edik. Lekin o‘sha paytda bunaqa pandemiya bo‘lishi hech kimning xayoliga ham kelmagandi.

Farzandlarimiz kasal bo‘lishini xohlamaymiz. Judayam xavotirdamiz.

Durdona Mirahmedova:

– O‘zi farzandimni chet elga yuborishga judayam qarshi edim. O‘sha yerda rizqi qo‘shilgan ekan, nasib qilib, boradigan bo‘lib qoldi. Musofirchilikda qiyinchilik bo‘lmasdan iloji yo‘q. Har kuni farzandim bilan gaplashsam, “Bolam, sabr qil. Musofir bo‘lmaguncha, musulmon bo‘lmaysan. Sabr qil”, deb aytaman.

Hech kim bilmagandi bunday bo‘lishini. Farzandim o‘sha payt oyog‘ini qayirib olib yurolmay qoldi. Haqiqatan meditsinasi qimmat. Bitta rengen uchun 100 dollar sarfladi.

Farzadlarimiz eson-omon qaytib kelishsa bo‘lgani. Singapurdagi konsulga, konsullikdagi xodimlarga aloqaga chiqdim. Tashqi ishlar vazirligiga xat yozdim.  “Ko‘rib chiqamiz, u yerdagi konsullikdan bizga xat kelishi kerak”, deyishdi. Ularga telefon qilsam, “Ular xat chiqardik, ro‘yxatlarni shakllantirdik. Qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz”, deb aytishdi. Mayli, baraka topishsin, ular ham qo‘llaridan kelgan hamma ishni qilishyapti. Farzandlarimizning qaytishigina muammo bo‘lib turibdi.

Prezidentimizga ham oson tutmayman. Sirdaryoda, Buxoroda qancha talafotlar bo‘ldi. Shu qatorda bizlarning ham farzandimizni kelishiga ham yordam bersa, judayam yaxshi bo‘lardi.

Durdona Yunusova:

– Bir haftaning o‘zida kamida 200 dollar ketadi yeb-ichishning o‘ziga. Xudo ko‘rsatmasin, birortasi kasal bo‘lib qoladigan bo‘lsa, hech kim qaramaydi ularga.  

Ularning yotoqxonasida hindlar ham, xitoyliklar ham yashaydi. Hamma davlatdan kelganlar bitta joyda. Bir-biri bilan muloqat qilishadi. Har kuni duo qilib o‘tiribmiz, kasal bo‘lmasinlar, deb. Tomog‘imizdan ovqat ham o‘tmaydi. Iltimos sizlardan. Birinchilardan bo‘lib charter reys qilib olib kelishga yordam beringlar.

Barnoxon Samadova:

– Hammasi 18-19 yosh atrofidagi bolalar. Ularni qaytarib olib kelishda yordam ko‘rsatishlaringizni so‘raymiz. Davlat tomonidan yordam kerak. Farzandlarimiz uchun charter reys tashkillashtirib berishsa.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzuga oid