Jahon | 23:27 / 10.05.2020
67839
7 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston-Qirg‘iziston mojarosi: Kim birinchi o‘q uzgandi?

Tojikistonning So‘g‘d viloyati Isfara nohiyasi va Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken rayoni o‘rtasidagi chegara hududida har ikki mamlakat chegarachilari hamda oddiy aholi o‘rtasida tez-tez qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turadi. Ana shunday mojarolardan navbatdagisi 8 may kuni kuzatildi. Ikki tomon bir-biriga qarata o‘qotar qurollardan o‘q uzdi. Mojaro vaqtida kim birinchi bo‘lib o‘q uzgani aniq emas.

Foto: Asia-Plus

Bo‘lib o‘tgan noxush hodisada har ikki tomon bir-birini ayblamoqda. Davlatlar bir-biriga norozilik notasi jo‘natishga ham ulgurdi.

Tojikiston va Qirg‘iziston hukumat va davlat chegaralari vakillari 8 may kuni sodir bo‘lgan otishmadan keyin chegara hududlarda vaziyatni normallashtirish maqsadida muzokara olib bormoqda. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizligi chegara qo‘shinlari matbuot xizmatiga tayanib Aziya-Plyus nashri xabar tarqatgan.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi, chegara qo‘shinlari matbuot markazining xabar berishicha, Qirg‘iziston fuqarolari Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati Isfara tumanidagi Chorko‘h qishlog‘idagi «Ibodullo Fayzullayev» mahallasiga tegishli hududda mahalliy hokimiyat organlarining roziligisiz 4 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, u yerga ekin ekkan.

Tojikiston tomoni tarqatgan rasmiy bayonotda shunday deyiladi: «Qo‘shni mamlakat fuqarolarining noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish uchun ular ekin ekayotgan yer Tojikistonga tegishli ekanligi to‘g‘risida xabar berildi. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston chegarachilari va mahalliy aholiga Tojikiston hududidan chiqib ketish taklif qilindi. Biroq, Qirg‘iziston chegarachilari va aholisi hududni tark etish o‘rniga Botken tumanidagi Oqsoy qishlog‘idagi «Ko‘ktosh» mahallasida yashovchi aholini ham Tojikiston rasmiylariga qarshi gij-gijladi. Oqibatda Qirg‘izistonning o‘nlab fuqarolari chorko‘hliklarga avvaliga tosh otgan, so‘ng ularga o‘qotar qurollardan o‘q uzilgan.

8 may kuni soat 18:10da Botken chegara bo‘limi «Ko‘ktosh» chegara postining 30 nafar harbiy xizmatchisi hamda qirg‘izistonlik 10 nafar politsiya xodimi vaziyatni nazoratga olish o‘rniga, Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan mahalliy aholining provokatsion harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, Tojikistonning tinch aholisiga Kalashnikov avtomatlari va pulemyotlardan o‘q uzdi. Shundan so‘ng Tojikiston chegarachilari o‘zlarini va tinch aholini himoya qilish uchun qarshi tomonga o‘qotar qurollardan o‘q uzishga majbur bo‘ldi», deyiladi tojik tomonining bayonotida.

Tojikiston chegara qo‘shinlari idorasining ma'lum qilishicha, voqea oqibatida Tojikiston fuqarolari, 1983 yilda tug‘ilgan Fozilov Fazliddin va 1971 yilda tug‘ilgan Sharipov Ayyomiddin og‘ir yaralanib, kasalxonaga yotqizilgan.

Notalar almashinuvi, ikki tomon bir-birini ayblamoqda

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi axborot departamenti xabariga ko‘ra, 9 may kuni Tojikistonning Bishkekdagi favqulodda va muxtor elchisi Nazirmad Alizoda chegarada sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.

Elchiga u yerda «qirg‘izistonlik harbiylar va fuqarolarning Tojikiston chegarachilari tomonidan bir necha bor o‘qotar quroldan nishonga olingani, oqibatda Qirg‘izistonning uch nafar chegarachisi va bir nafar fuqarosi o‘q tegib, jiddiy yaralangani yuzasidan» norozilik notasi topshirilgan.

«Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasida tojikistonlik harbiy xizmatchilar va fuqarolarning vaziyatni izdan chiqarishga olib keladigan aniq buzg‘unchi va provokatsion harakatlari yuzasidan tashvish bildirildi. Tojikiston tomonining ushbu noqonuniy xatti-harakatlari xalqlar birligini timsoli bo‘lgan g‘alaba kuni arafasida va tinchlik hamda osoyishtalik oyi sanaladigan muqaddas Ramazon oyida qilingani juda achinarlidir.

Qirg‘iziston tomoni chegara hududlaridagi vaziyatning yomonlashuvi uchun barcha javobgarlikni Tojikiston tomoni zimmasiga yuklaydi va vaziyat yanada yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘shni yurt rahbariyatidan shoshilinch choralar ko‘rishni hamda aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qiladi», deyiladi Qirg‘iziston TIV bildirgan bayonotda.

O‘z navbatida Qirg‘izistonning Tojikistondagi elchisi Rustenbekov Tojikiston tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. Elchiga «Qirg‘iziston fuqarolari va harbiy xizmatchilarining qurolli voqeaga sabab bo‘lgan provokatsion harakatlari tufayli» norozilik notasini topshirilgan.

«Elchiga Qirg‘iziston fuqarosi tomonidan Tojikiston chegarachilari va harbiylari o‘qotar qurol yordamida o‘qqa tutilgani ortidan noxush hodisa kelib chiqqani, shundan so‘ng Tojikiston chegarachilari ham o‘zlarini himoya qilish maqsadida javob chorasi sifatida o‘q uzishga majbur bo‘lishgani aytildi. Shuningdek, janob elchiga Qirg‘iziston rahbariyati o‘z chegarachilari va fuqarolarining navbatdagi provokatsion xatti-harakatlari ikki yurt o‘rtasiga sovuqchilik tushishiga sabab bo‘lgani uchun ularga chora ko‘rishi lozimligi talab qilingan nota topshirildi.

Qo‘shni mamlakat fuqarolari va harbiy xizmatchilarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida hozirda kasalxonaga yotqizilgan ikki tojikistonlik jiddiy jarohat olgani qayd etildi. Suhbat chog‘ida chegaraoldi hududlardagi vaziyat keskinlashgani uchun butun javobgarlik Qirg‘iziston tomoniga yuklatildi. O‘qotar qurollardan foydalangan holda qilinayotgan provokatsion harakatlarni to‘xtatish, shuningdek, voqeani sinchkovlik bilan tergov qilish, aybdorlarni javobgarlikka tortish talabi qo‘yildi.

Tojikiston TIV mazkur noxush hodisani 9 may bayrami va muqaddas Ramazon oyi mavzulari bilan bog‘lab bo‘lmasligini ta'kidlaydi hamda faxriylarning xotirasini birgalikda sharaflashga chaqirib, g‘alaba bayramini birga nishonlashga chaqiradi», deyiladi Tojikiston TIV axborotida.

Tojikiston respublikasi So‘g‘d viloyati Isfara nohiyasiga qarashli Chorko‘h qishlog‘ini uch tarafdan Qirg‘iziston hududi o‘rab turadi. Ma'lumki, sobiq ittifoq davrida milliy respublikalar tuzilgan paytda ittifoqdosh respublikalar o‘rtasidagi chegaralarni bildiradigan hech qanday belgilar bo‘lmagan. Shuningdek, SSSR tarqab ketgunicha ayrim hududlarda chegaralar bir necha bor o‘zgardi ham. Ayniqsa Markaziy Osiyo respublikalari o‘rtasidagi chegaralar juda murakkab tortilgan. Oqibatda ittifoq tarqab ketganiga qariyb 30 yil bo‘lganiga qaramay, respublikalar o‘rtasida chegaralar demarkatsiyasi hanuz oxirigacha yetkazilmagan.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida bahsli hududlar ko‘pligi bu ikki mamlakat chegarachilari va fuqarolari o‘rtasida tez-tez qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lishiga sabab bo‘lyapti. 8 may kuni yer talashish ortidan kelib chiqqan qurolli to‘qnashuvning sabablaridan biri ham ana shunday bahsli hududlar mavjudligidir.

Mavzuga oid