Jahon | 21:07 / 19.05.2020
3859
1 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda barcha iqtisodiy faoliyat 1 iyundan qayta boshlanadi 

Qirg‘izistonda koronavirus tarqalishi sababli to‘xtatilgan iqtisodiy faoliyatning deyarli barcha turlarini 1 iyundan qayta boshlash rejalashtirilmoqda. 

Bu haqda respublikaning koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha shtabida ma'lum qilindi. Shtabda ta'kidlanishicha, taqiq ostida ko‘ngilochar maskanlar, internet-klublar, maktabgacha ta'lim muassasalari qoladi. Shuningdek, ommaviy madaniy, sport, xotira tadbirlari o‘tkazishga hozircha ruxsat berilmaydi.

Shuningdek, poytaxt Bishkekda 21 maydan yirik savdo markazlari, 25 maydan jamoat transporti – avtobus va trolleybuslar ishlay boshlaydi.

So‘nggi sutkada respublikada koronavirusga chalinish bo‘yicha 27 ta holat (umumiy hisobda 1243 ta) qayd etilgan, 71 kishi sog‘ayib ketgan, umumiy hisobda koronavirusdan 14 kishi vafot etgan.

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligida ta'kidlanishicha, ko‘pchilik bemorlar kasallikni yengil shaklda o‘tkazmoqdalar. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid