O‘zbekiston | 08:57 / 23.05.2020
29721
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident saylov tizimi bo‘yicha yangi farmon imzolaydi

O‘zbekiston milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Foto: KUN.UZ

Prezidentning “O‘zbekiston milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi tomonidan taklif qilingan saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlari va saylov natijalari tahlillari asosida fuqarolarning saylov huquqini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan milliy saylov qonunchiligini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligi konstitutsiyaviy tamoyilini yanada qaror toptirish;

zamonaviy axborot kommunikatsiya va raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish orqali saylov komissiyalarining ochiqligini ta'minlash, saylov sohasida davlat interaktiv xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, saylov qonunchiligi buzilishini oldini olishga qaratilgan choralarni qo‘llash;

milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini xalqaro saylov standartlari asosida doimiy va uzluksiz takomillashtirib borish maqsadida saylov sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish;

saylov jarayoni ishtirokchilarining bilim va malakasini muntazam ravishda oshirib borish, saylov komissiyalarining kadrlar salohiyatini oshirish, ularning rivojlangan xorijiy davlatlar amaliyoti asosida malakasini oshirib borish, xodimlarining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish;

saylov komissiyalari moddiy-texnik ta'minotini yaxshilash, saylov uchastkalari sifatida foydalanadigan bino va inshootlarni saylov o‘tkazish uchun oldindan moslashtirish choralarini ko‘rish, saylov jihozlarining ehtiyotkor saqlanib borilishini ta'minlash.

Belgilanishicha:

Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tadbirlar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fondi mablag‘lari hisobidan;

idoraviy axborot tizimlari va ma'lumotlar bazalarini takomillashtirish tegishli vazirlik va idoralar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Maqomi, moddiy-maishiy, transport va tibbiy ta'minot shart-sharoitlariga ko‘ra: Markaziy saylov komissiyasi raisi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeriga; Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari – Qonunchilik palata Spikerining o‘rinbosariga; Markaziy saylov komissiyasi kotibi – Qonunchilik palata qo‘mitasi raisiga; Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a'zolari – Qonunchilik palata qo‘mitasi a'zolariga; Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati xodimlari – Qonunchilik palata devonining tegishli xodimlariga tenglashtiriladi.

Shunday tartib joriy etiladiki, unga muvofiq:

Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a'zolari, mas'ul xodimlari va mutaxassislari uchun avvalgi ish joyida uzoq muddatli xizmati, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka toifalari, diplomatik darajalar va boshqalar), alohida mehnat sharoitlari uchun berilgan ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlar saqlab qolinadi;

Markaziy saylov komissiyasida ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni (martaba darajalarini, malaka toifalarini, diplomatik darajalarni va boshqalarni) olish uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi;

Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a'zolari va xodimlarining lavozim maoshiga rag‘batlantirish koeffitsiyenti hisobga olingan holda, Markaziy saylov komissiyasidagi ko‘p yillik mehnati uchun 2 yildan 5 yilgacha– 0,1; 5 yildan 10 yilgacha – 0,2; 10 yildan 15 yilgacha – 0,3; 15 yildan 20 yilgacha – 0,4; 20 yildan ortiq – 0,5 koeffitsiyentlarda har oylik ustamalar to‘lanadi;

Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a'zolari, mas'ul xodimlari va mutaxassislarining lavozim maoshiga fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) (yoki xorijiy mamlakatlarda ularga tenglashtirilgan darajalar) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun – lavozim maoshining 30 foiz, fan doktori (DSc) (yoki xorijiy mamlakatlarda unga tenglashtirilgan daraja) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun – lavozim maoshining 60 foiz qo‘shimcha haq to‘lanadi;

Markaziy saylov komissiyasining haydovchilariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi apparati xo‘jalik faoliyati boshqarmasi avtoxo‘jaligining haydovchilari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.

Markaziy saylov komissiyasi kotibiyatiga davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy va ta'lim muassasalarining yuqori malakali mutaxassislarini fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha jalb qilish huquqi beriladi.

Markaziy saylov komissiyasining shtat birliklari to‘ldirilmaganligi munosabati bilan bo‘shaydigan mablag‘lar Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a'zolari, mas'ul xodimlari va mutaxassislarini mukofot ko‘rinishida moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi mumkin.

Mavzuga oid