O‘zbekiston | 11:52 / 26.05.2020
100936
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «yashil» bo‘lgan tumanda nazorat kuchaytirildi

Samarqand viloyatining eng yirik tumani Urgut ham «qizil» toifaga kiritilishi mumkin. Samarqand viloyat IIB axborot xizmati ushbu tumanda kuchaytirilgan reyd tabdirlari o‘tkazilgani haqida video e'lon qildi.

Qayd etish kerakki, respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra Urgut tumani «yashil» hudud sifatida qayd etilgan. Ammo so‘nggi kunlarda ushbu hududda karantin choralari kuchaytirilishi ushbu hududda aholi orasida yangi kasallanish holati aniqlangani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Samarqand viloyatida 22 may kuni 24 kishida koronavirus aniqlangandi, 25 may kuni yana 5 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Shu vaqtgacha viloyatda jami 338 kishida koronavirus aniqlangan. Ularning 247 nafari tuzalgan va bir kishi virus sabab vafot etgan. Samarqand viloyati Toshkent shahri hamda Navoiy viloyati qatorida kasallik eng ko‘p aniqlanayotgan hududlardan bo‘lib turibdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, 500 mingdan oshiq kishi istiqomat qiladigan Urgut tumanida 24 may kuni odamlar to‘planishining oldini olish maqsadida barcha oziq-ovqat do‘konlari ham yopildi. 25 may kunidan oziq-ovqat do‘konlari faoliyatiga ruxsat berilgan. Tuman markazida va qishloqlar orasida blokpostlar tashkil etilib, har bir mashina tekshirilmoqda hamda dezinfeksiya qilinmoqda.

Oldinroq Samarqand viloyatining Payariq tumaniga, shuningdek, Past Darg‘om tumani markazi Juma shahriga kirish va chiqish cheklangandi. Odamlar orasidan koronavirus yuqtirganlar aniqlangani sabab viloyatda karantin cheklovlari kuchaytirilgan. Ayniqsa Samarqand shahri, Toyloq, Oqdaryo, Payariq, Past Darg‘om va endilikda Urgut tumanlarida nazorat kuchaygan. Ko‘chalar, karantindagi uylar atrofi doimiy dezinfeksiya qilinmoqda. Karantinga olingan uylarning oldida 24 soatlik navbatchilik tashkil etilgan. Samarqand shahrida 25ta mobil reyd guruhlari ishlamoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda har qanday avtomobil harakati cheklangani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi, ammo viloyatda stiker va maxsus ruxsatnomasi bor mashinalar harakati davom ettirilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, har bir mashina nazorat qilinib, «qizil» toifadagi hududlarda ular dezinfeksiya qilinmoqda.

Mavzuga oid