Xonobodni turizm markaziga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-22 may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida ichki turizmni rivojlantirish, xususan Xonobod shahrini turizm markaziga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.
Davlat rahbarining topshirig‘idan kelib chiqib, bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida Xonobod shahrini Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylantirishga doir tegishli ishlar olib borildi, deb xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, Aziz Abduhakimov Andijon viloyatidagi qator turizm obektlari holati bilan tanishdi hamda Xonobod shahri hokimligi, turizm yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar bilan shaharni turizm markaziga aylantirish, viloyatda turistik qishloqlarni tashkil qilish hamda ichki turizmni rivojlantirish borasida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida hokimlik va tegishli idoralar mas'ullari, turistik xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar, turistik obektlar rahbarlari bilan mavjud muammolar ko‘tarilib, hududda turizmni rivojlantirishga oid taklif va mulohazalar almashildi.
“Yig‘ilishda sayyohlarni jalb etishga doir jahon tajribasi haqida so‘z yuritildi hamda mas'ullarga prezident topshiriqlari ijrosini amalga oshirish bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Mazkur tavsiya va ko‘rsatmalarni amalga oshirish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, qo‘mitaning Andijon viloyat hududiy boshqarmasi, hokimlik va tegishli tashkilot va idoralar vakillari 25 maydan e'tiboran Xonobod shahrida doimiy o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydi.
Xususan, shahar hokimligida qator tashkilot va idoralar rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xonobodni turizm markaziga aylantirish, uning konsepsiyasini yaratish bo‘yicha Prezident topshirig‘i ijrosini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish masalalari hamda viloyatda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq sanitar-gigiyenik holat muhokama qilindi. Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash va nazorat qilish maqsadida hokimlik, tegishli tashkilot va idoralar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh Xonoboddagi turistik obektlar holatini o‘rganib chiqdi, ayni damda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, turizm yo‘nalishida investitsiyalar jalb etishga oid ishlarni jadallashtirish haqida so‘z yuritildi”, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishdan so‘ng Aziz Abduhakimov ishchi guruh vakillari bilan birgalikda tadbirkorlar murojaati asosida bayon qilingan kamchiliklarni o‘rganib, ularni bartaraf etish maqsadida joylarga borib turistik obektlarni ko‘zdan kechirdi va mas'ullarga turizm tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi.
Qayd etilishicha, hududning pandemiyadan keyingi davrda sayyohlarni qabul qilishga sanitar-gigiyenik tayyorgarligi masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun hozirgi kunda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitar epidemiologik osoyishtalik agentligi vakillaridan iborat ishchi guruhlar har bir obekt -sanatoriy, dam olish maskanlari, bolalar lagerlari, kafe va restoranlar, madaniy meros obektlarida tibbiy xavfsizlik talablari hamda ijtimoiy masofani saqlash ishlarini o‘rganib, tegishli dalolatnomalarni rasmiylashtirmoqda.
Ta'kidlanishicha, pandemiya davri tugashi bilan turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘yishga oid ishlar Andijon viloyati kesimida ishlash uchun shay holatga keltiriladi va rasman ruxsat berilgan kundan e'tiboran faoliyat yuritishni boshlaydi. Bu esa viloyatdagi 43 ziyorat va madaniy meros obekti, 5 sanatoriy, 375 kafe, restoran va 125 choyxona faoliyat ko‘rsatishi va asosiysi - 12 mingga yaqin aholining ish o‘rinlari qayta tiklanishini ta'minlaydi.
Mavzuga oid
22:36 / 26.09.2024
Chirchiq daryosining 6 km qismida dam olish hududi barpo etiladi
15:05 / 02.09.2024
Namangandagi Nanay qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi
23:17 / 08.08.2024
Dunyoning eng qimmat shaharlari e’lon qilindi
23:03 / 18.07.2024