Jahon | 10:49 / 31.05.2020
165290
10 daqiqa o‘qiladi

Asriy muammo yana xuruj qildi. AQShda nimalar bo‘lmoqda?

Ilon Mask va jamoasi koinotga fazogirlarni yuborgan bir vaqtda AQSh boshqa muammo girdobiga o‘ralashib qoldi. «Sehrli diyor»da odamlar yashay boshlagandan buyon mavjud bo‘lgan irqchilik mojarosi yana xuruj qildi. Bu gal ahvol juda jiddiy...

Foto: Reuters

46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd 26 may kuni politsiya tomonidan qo‘lga olinayotganda vafot etdi. Oq tanli politsiyachi Derek Shovin 7 daqiqa davomida Floydning yuzini alfaltga bosgan holda ushlab turgan va oqibatda nafasi bo‘g‘ilgan Floyd voqea joyida jon bergan. Uch nafar politsiyachi barchasini tomosha qilib turgan. Bu esa mamlakatda irqchilikka qarshi keskin namoyishlar o‘tkazilishiga sabab bo‘ldi. Ahvol juda jiddiy, chunki endi namoyishlar to‘xtatib bo‘lmaydigan darajada katta masshtabda davom etmoqda.

U soxta pul bilan sigaret xarid qilishda gumonlangan

Odamlarning noroziligiga sabab bo‘lgan narsa shuki, Floyd terrorizm yoki boshqa jiddiy jinoyatlar sodir etgani uchun bunday noinsoniy tarzda azoblanmagan. U shunchaki do‘konda soxta pulga sigaret sotib olganlikda gumonlangan. Gumondorni esa «demokratiya otasi» ekaniga da'vo qilmaydigan boshqa mamlakatlarda ham bunday qiynashmaydi. Shu bois, amerikaliklar avvalo irqchilikka, keyin esa hukumat politsiyaga bu qadar katta vakolat berganiga qarshi aksiyalar o‘tkazishmoqda. Ular butun boshli politsiya uchastkasini yoqib yuborishdan ham tap tortishmadi.

Fuqarolar urushiga yaqin bu mojaroni boshlab qo‘ygan politsiyachi Derek Shovin vafot etgan Floydni qora tanli bo‘lgani uchun shunday qiynab o‘ldirmaganini endi isbotlay olmaydi. «Mening ismim Xon» filmida aytilganidek, dunyodagi har bir odamni to‘xtatib unga «Men musulmonman, lekin terrorchi emasman» deb chiqish imkonsiz. O‘sha filmda Xon muammoni AQSh prezidentiga aytib hal qiladi, ammo bu gal prezident chiqib gapirsa ham foydasi yo‘q. Chunki mamlakatda norozilik alangasi yonib bo‘ldi.

Birgina o‘lim shunday noroziliklarni keltirib chiqardi deyish qiyin. Derek Shovin uzoq yillardan buyon tutab yotgan gulxanga cho‘g‘ tashladi va u alangaladi.

Alamzadalik qovushmasi

Politsiya namoyishchilarga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llashga majbur bo‘lmoqda / GETTY IMAGES

AQShda oldin ham qora tanli odamlar politsiya tomonidan o‘ldirilgan va bu yangilik emas. Hatto yosh bolalar o‘lib qolgan holatlar ham bo‘lgan, ammo hech qachon namoyishlar bu qadar jiddiy ko‘rinish olmagan. Hozirgi holatni esa alamzadalik qovushmasi deb atash mumkin. Amerikaliklar shundog‘am karantin cho‘zilib ketgani sabab namoyishlarga chiqayotgandi.

Mamlakatda 1,8 milliondan ortiq odam koronavirus yuqtirgan bo‘lsa, qurbonlar soni 105 mingdan oshib ketdi. «Dunyoning eng qudratli davlati» ekanini tinmay takrorlaydigan hukumat kasallik bilan hammadan yomon kurashgani sabab odamlarda norozilik kuchayib borayotgandi. Masalan, Tramp biror marta xuddi normal prezidentlar kabi fuqarolarning o‘limidan qiynalayotganini aytgani yo‘q. Qaytanga o‘limlar 2 million bo‘lib ketmaganida o‘zining qo‘shgan hissasi haqida maqtanib gapirmoqda.

«Atayin qilinmagan qotillik»

Derek Shovin © REUTERS/HANS LUCAS

Afroamerikalik Jorj Floydni o‘ldirgan (rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra esa o‘ldirib qo‘ygan) oq tanli politsiyachi Derek Shovin qo‘lga olingan. Ma'lum bo‘lishicha, unga «uchinchi darajali qotillik» ayblovi qo‘yiladi. Ya'ni, Shovin qotillikni ongli tarzda amalga oshirmagan deb hisoblanmoqda. Minnesota shtati qonunchiliga ko‘ra, bu ayblov bilan 25 yilgacha qamalish mumkin. Namoyishchilar esa o‘sha jarayonda bo‘lgan, Floydning o‘limini jimgina kuzatgan boshqa politsiyachilar ham sudda javob berishini talab qilmoqda.

Namoyishlar Oq uygacha yetib bordi

Namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab davom etmoqda va norozilik kayfiyatidagi amerikaliklar Vashingtondagi Oq uy binosigacha yetib borishdi. AQSh hukumati binosi oldida politsiya bilan to‘qnashuvlar ham kuzatildi. Odamlar Oq uy oldida «Nafas ololmayapman» (I can't breath) so‘zlari yozilgan bannerlar ilishdi. Barcha namoyishchilar aynan mana shu yozuv tushirilgan bannerlarni ko‘tarishmoqda, chunki Jorj Floyd o‘limidan avval politsiyachidan uni qo‘yib yuborishini o‘tinib so‘rab, nafas ololmayotganini, bo‘g‘ilib qolganini aytgan.

Politsiya mashinalari yoqilmoqda

Foto: GETTY IMAGES

Namoyishlar Los-Anjyeles, Chikago, Denver, Hyuston, Feniks, Kolumbus, Memfis, Vashington, Nyu-York, Dallasda ham davom etmoqda. Los-Anjyelesda namoyish o‘tkazish noqonuniy deb e'lon qilinib, odamlardan uyda o‘tirish talab qilindi. Atlantada namoyishchilar e'tiborni tortish maqsadida CNN telekanali shtab-kvartirasi oldida to‘planib politsiya mashinalarini yoqib yuborishdi.

Atlantadagi namoyishlar avvaliga tinch ko‘rinishda boshlangan, ammo keyinchalik bir necha namoyishchi politsiyaga hujum qilib qolgan. Ular politsiyaga shisha butilkalarni uloqtirgan va «Ishingni tashla» deb baqirishgan. Atlanta politsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, kamida uch nafar xodim jarohatlangan va bir necha kishi qo‘lga olingan.

Atlanta shahri Jorjiya shtatining Fulton okrugida joylashgan. Shtat gubernatori Brayan Kemp shahar meri Keyshi Bottomsning iltimosiga ko‘ra Atlantada favqulodda holat e'lon qilishini aytgan. Hududga odamlar va binolarni asrash uchun 500 nafar milliy gvardiya zobiti jalb qilingan.

Dallasda politsiyaga tosh bilan hujum qilingach, xodimlar namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llashga majbur bo‘lgan. Nyu-Yorkdagi namoyishchilarga qarshi ham shunday gazlar ishlatilgan va odamlar uning ta'siridan o‘ziga kelish uchun sutdan foydalanishmoqda.

«Ular ajoyib odamlar ekan»

AQSh prezidenti Donald Tramp halok bo‘lgan Jorj Floydning oila a'zolari bilan gaplashganini va ular ajoyib odamlar ekanini aytdi. Prezident Jorj Floydning o‘limini «dahshatli» deb atadi.

Tvitter va Tramp o‘rtasidagi mojaro namoyishlar fonida yana diqqat markazida bo‘ldi. Prezident agar Minneapolisda namoyishlar to‘xtamasa, u yerga harbiylarni yuborishini tvitterda e'lon qildi: «Norozilik boshlansa, otishma boshlanadi», deb yozdi xususan Tramp. Ko‘p o‘tmay tvitter bu postni ko‘rinmaydigan qilib qo‘ydi va o‘rniga «Bu tvit tvitterning zo‘ravonlikni qo‘llashga qarshi qoidasiga zid» yozuvi paydo bo‘ldi.

Butun mamlakatdagi namoyishlar Minneapolisdagi noroziliklardan so‘ng boshlanib ketdi. Juma kuni tunda Minneapolisdagi politsiya uchastkasi namoyishchilar tomonidan yoqib yuborildi va politsiyachilar bino tomidan vertolyotda evakuatsiya qilindi.

Mamlakat bosh prokurori Uilyam Barr vaziyat jiddiy o‘rganilayotganini aytib, Floydning qo‘lga olinishi tasvirlangan videoni «dahshatli va shokka tushiruvchi» deb atadi.

Bu qanday sodir bo‘lgandi?

25 may kuni politsiya Jorj Floydning mashinasini to‘xtatadi. U sigareta sotib olgan pullar qalbaki ekani ma'lum bo‘lgan va Jorjning telefondagi suhbatlari tahliliga ko‘ra, u soxta pullar tayyorlashda gumonlanayotgandi. Politsiyachilarning aytishicha, Floyd ularning talabiga bo‘ysunmagan va shu sabab kuch qo‘llashga majbur bo‘lishgan. Xodimlarda bodi kameralar ishlagan va barcha jarayon yozib olingan. Internetda oq tanli politsiyachi Floydning qo‘lini qayirib uni tizzasi bilan bosib turgani tasvirlangan video tarqaldi. Unda Floyd «Bo‘g‘ilyapman! Bo‘g‘ilyapman!», degani eshitilgan.

«Bu radikallar uchun bahona bo‘ldi»

Foto: EPA/Vostock-photo

Minnesota gubernatori Tim Uolz sodir bo‘layotgan voqealar ortiq Jorj Floydning o‘limi bilan bog‘liq emasligini ma'lum qildi. Uning aytishicha, bu radikallar uchun bahona bo‘lgan.

AQShdagi shaharlarda kommendantlik soatlari joriy etilmoqda. Avvaliga javobgarlar jazolanishini talab qilgan namoyishchilar endi aniq hech qanday talabsiz tartibsizliklarni amalga oshirishmoqda. Minnesotada milliy gvardiyaning to‘liq nazorati joriy etildi. Bunaqasi Ikkinchi jahon urushidan keyin ilk marta sodir bo‘lmoqda. Gubernatorning aytishicha, vaziyat jiddiylashishi mumkin, chunki shtatda boshqa yerlardan kelgan radikallar namoyishlarga qo‘shilgan. Qo‘lga olinganlarning 80 foizi boshqa shtatlardan kelgani ma'lum bo‘ldi.

Donald Tramp «Dragon» kosmik kemasining parvozini tomosha qilgach, OAV oldida chiqish qildi va agressiv namoyishchilarni qoraladi. «Yarani davolash kerak, xaos yaratish kerak emas», degan prezident. U odamlarni argessiv to‘dalarga qulay sharoit yaratib bermaslikka chaqirdi.

AQShda namoyishlardan foydalangan ekstremist so‘lchi guruhlar odamlarni zo‘ravonlikka chorlab tashviqot qilayotgani aytildi. Hukumat esa bunga qarshi total nazorat o‘rnatmoqchi. Bu ishlarga hududda mavjud bo‘lgan 13 ming nafar milliy gvardiya zobiti jalb qilinadi. O‘z navbatida Pentagonda qancha harbiy ko‘mak kerak bo‘lsa, Minnesotaga yuborilishini aytishdi. Hozircha shtat gubernatori bu yordamni rad etgan.

Mavzuga oid