O‘zbekiston | 08:21 / 02.06.2020
30469
11 daqiqa o‘qiladi

Milliy malaka ramkasi tasdiqlandi. Ta'limda qanday o‘zgarishlar kutilyapti?

Hozirda O‘zbekistondagi kollejni tugatgan kadr xorijda diplomiga mos ish topa olmaydi. Milliy malaka ramkasi bunga yechim bo‘lishi aytilmoqda. Bundan tashqari, chet el diplomlarini tan olish soddalashishi; sartarosh, oshpaz kabi noformal malakaga ega kasb egalariga rasmiy malaka hujjati berilishi kutilmoqda.

Foto: PhotoXpress

May oyida Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida Kasbiy malakalar, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi faoliyatini tashkil etish choralari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan Milliy malakalar ramkasi hamda Kasbiy malakalar, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

Ushbu qaror bilan qator muammolarga yechim topilishi aytilmoqda: O‘zbekistonda kasb-hunar ta'limini tugatganlarning qo‘lida diplomi bo‘la turib, xorij davlatlarida mutaxassislik bo‘yicha ishlay olmasliklari, kadrlarning mehnat bozorida mos o‘rin egallay olmasliklari kabi holatlarga barham berilishi nazarda tutilgan.

Kun.uz muxbiri milliy malaka ramkasining tasdiqlanishi bilan ta'lim va mehnat bozorida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilayotgani haqida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayevdan intervyu oldi.

Oldin va bundan keyin: farq nimada?

– Milliy malakalar ramkasi malakalarni tushunish va solishtirishni osonlashtiradi, malakalarni tartibga solishga yordam beradi. Ya'ni ta'limning qaysi darajasida qanday malakaga ega bo‘lish lozimligini ko‘rsatadi.

Shu paytga qadar bizda malakani tartibga soladigan tasniflagich bo‘lmagan. Tasniflashda diplom yoki sertifikat egasining bilim, malaka va ko‘nikmasi hisobga olinadi.

Bu birinchi navbatda ta'lim beruvchilar uchun yengillik bo‘ladi. Ular malaka darajalariga ko‘ra, o‘zlarining xizmatlarini kengaytirishi, muqobil xizmat turlarini taklif etishi mumkin.

Shuningdek, milliy malaka ramkasi ta'lim oluvchilar uchun muhim ahamiyatga ega. Sababi hamma davlatning o‘ziga xos milliy malaka tasniflagichi bor. Davlatlar kvalifikatsiyalarni baholashni bir xil qolipga keltirish uchun o‘z milliy malaka ramkalarini qabul qila boshlagan.

Masalan, O‘zbekistonda berilgan milliy kvalifikatsiyani (malakani tasdiqlovchi diplom yoki sertifikatni) qaysidir chet davlat ish beruvchisi ko‘rib, shunga binoan talabgorga ish berishi mumkin bo‘lishi uchun milliy malaka ramkasi kerak.

Yangi tizim iqtisodiy mobillikni ta'minlashi kerakligiga ham umid qilinmoqda, ya'ni ishchi kuchi mehnat bozori o‘zgarishlariga o‘z vaqtida moslashib keta olishi kerak.

«O‘zbekiston diplomi bilan chet elda ish topish osonlashadi»

– Oldin bizda kvalifikatsiya to‘g‘risida hujjat berilgan bo‘lsa-da, ta'lim olgan shaxsning bilim, malaka, ko‘nikmasi qaysi darajada ekani haqida ko‘rsatilmagan.

Aytaylik, payvandchilik kasbining ham bir nechta darajalari bor. Lekin bizda umumiy tarzda «payvandchi» deb yozilgan hujjat berilgan. Bu esa shu diplomga ega shaxsning chet elda kvalifikatsiyasiga mos ish topishida qiyinchiliklarga duch kelishiga sabab bo‘lgan. Sababi – chet davlat ish beruvchilari O‘zbekiston ta'lim tizimi bilan tanish emas.

Agar biz kadrlarni milliy malaka ramkasi asosida «payvandchi»likning turli darajalariga o‘qitsak, ish beruvchilar uning qanday malaka, bilim, ko‘nikmaga ega ekanini bilishi mumkin. Chunki har bir davlatning milliy malaka ramkalari muvofiqligi jadvali bor. Unga solishtirib, ish beruvchi ish so‘rab kelgan xodimning qo‘lidan nima kelishini bilib oladi va ish berish-bermaslikni hal qiladi.

«Chet eldan olib kelingan diplomlarni tan olish tizimi soddalashadi»

– Bundan tashqari, chet eldan olib kelingan diplomlarni ham tan olish tizimi soddalashadi. Chunki xorijda olingan diplomning malaka darajasi bizdagi qaysi darajaga tushishi aniqlashadi.

Xorijda oliy ta'lim beradigan kollejlar ham bor. Ularni tugatib kelganlarning hujjati ayrim hollarda kollejniki bilan tenglashtirib qo‘yilardi. Endi bu muammo bo‘lmaydi. Kollejda o‘qib olingan bo‘lsa-da, hujjat milliy malaka ramkasining 5-darajasiga mos kelsa, o‘z-o‘zidan oliy ta'lim darajasiga tenglashtiriladi. 

«O‘z ustida ishlashga imkon berilyapti»

– Bundan tashqari, shu paytga qadar kvalifikatsiya to‘g‘risida hujjat olgan shaxs yana o‘z malakasini oshirishni xohlasa, bu muammo edi. Sababi diplomda malakaning qaysi darajasini tugatgani aniq ko‘rsatilmagan. Bu esa qanday qilib va qayerda malaka oshirishi mumkinligini so‘roq ostida qoldirgan.

Milliy ramka tasdiqlanishi bilan ta'limni tugatgan odam keyingi bosqichda qaysi jihatdan malaka oshirishi lozimligini bilib oladi va ta'lim beruvchilar ham shunga asoslanib, o‘z ishini tashkil qiladi, xizmatlarini taklif qiladi.

«Noformal ta'limga formal hujjat berish mumkin bo‘ladi»

– Bizda ko‘pchilik kollejlarga borib emas, hunarmandga shogird tushib, turli kasblarni egallashadi. Masalan, chilangar bo‘lishni xohlagan odam 6 oy chilangarlik ustaxonasida, sartarosh bo‘lishni xohlagan yosh esa sartaroshxonada ishlab, hunarni o‘zlashtiradi. Demak, ular sartarosh va chilangar malakasiga ega bo‘lishadi, faqat noformal tarzda.

Noformal ta'limga esa diplom bera olmaymiz, ular qachon kollej, institutda o‘qisa, diplom olishlari mumkin bo‘ladi. Shuning uchun malakaga ega bo‘lsa-da, qo‘lida hujjati yo‘qligi uchun noformal tarzda malakaga ega bo‘lganlar mehnat bozorida tengsizlikka duch kelayotgan edi.

Endi milliy malaka ramkasi bilan birga «Kvalifikatsiyani baholash markazlari» tashkil etilishi kutilyapti. Hunarmand yigit baholash markaziga borib, o‘z malakasini baholatishi va unga mos ravishda hujjat olishi mumkin. Bu hujjat esa kollej diplomi bilan teng yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Bu narsa bizga kerak edi. Chunki sifat qoniqtirmagani uchun o‘quvchilar kollejlarga bormay qo‘yishgandi. Kim hunar o‘rganishni xohlasa, hunarmandga shogird tushishni ma'qul ko‘rardi. Endi ular ham o‘z malakasiga yarasha hujjat olish imkoniga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, formal ta'lim bilan hammani to‘liq qamrab olish juda qiyin. Jamiyatda har doim noformal ta'lim mavjud bo‘lib kelgan. Hatto onlayn tarzda mustaqil biror malakaga ega bo‘layotganlar ham ko‘p. Ular ega bo‘lgan malakani ham rasman tasdiqlashimiz mumkin bo‘lmoqda.

«Kasb-hunar ta'limiga xususiy sektorni jalb qilish kerak»

– Kvalifikatsiya tasnifi doirasida professional standartlar ishlab chiqilishi lozim. Professional standart deganda esa kasbga mehnat bozori qo‘ygan talablar majmuyi tushuniladi. Professional standartlar asosida ta'lim beruvchilar kadr tayyorlaydi.

Endi ta'lim beruvchilar kasbga qo‘yilgan bilim, malaka va ko‘nikma talabi asosida o‘z dasturini ishlab chiqadi. Bu dastur asosida o‘qigan shaxs esa yakunida ko‘rsatilgan talabga javob beradigan kadr bo‘lishi kerak. Buning bilan «O‘qishni bitirgan kadr hech narsani bilmaydi» kabi shikoyatlarga o‘rin qoldirmaslik mo‘ljallanmoqda. 

Lekin bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Kamchiliklardan qutulish uchun, avvalo, ta'lim tizimida raqobat paydo bo‘lishi kerak. Raqobat bo‘lsa, ta'lim beruvchilar sifatli xizmat taklif qilishga harakat qiladi.

Hozirgi vaziyatda esa ta'lim ancha monopoliyalashgan holatda turibdi. Agar kasb-hunar tizimiga xususiy sektor kirib kelsa, ular turli kasb egalarini tayyorlasa, o‘zlari professional standartlarni takomillashtirish taklifi bilan chiqishadi.

Masalan, respublikada kasbga tayyorlovchi turli markazlar bor. Qizlar turli xususiy markazlarda yaxshi tikuvchi, oshpaz bo‘lib chiqyapti. Bu kabi markazlarga ko‘proq yo‘l berish kerak. Va ular beradigan diplomni tan olishni ta'minlash kerak. Agar qaror asosida baholash markazlari tashkil etiladigan bo‘lsa, bu ham amalga oshadi. Natijada, raqobat muhiti paydo bo‘ladi.

Ta'lim rekonstruksiyasi uchun katta mablag‘ sarflanishi kutilmoqda

– Bitta ramka hamma narsani hal qilib bermaydi. Bu ta'lim bozoridagi holat, raqobat va imkoniyatlarga ham bog‘liq. Bularning barchasini amalga oshirish uchun esa katta mablag‘ talab qilinadi.

Chunki biz kasb-hunar ta'lim tizimini qaytadan tashkil qilyapmiz. Va endi bizga yangi jihozlar, ta'lim ustalari kerak bo‘ladi. Oldingi standartlar asosidagi jihozlar, uskunalar bilan esa kadrlar tayyorlay olmaymiz.

Ta'limni boshkarish buyicha vakolatli davlat organlari ham yangi tizimga tayyor bo‘lishi lozim. Endi avval foydalanilgan ta'lim standartlaridan foydalanib bo‘lmaydi. Mas'ullar professional standartlarni o‘rganib, u asosida ta'lim dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha katta hajmdagi mas'uliyatli ishni amalga oshirishi lozim bo‘ladi. Agar biz eski ta'lim dasturi orqali kadr tayyorlasak, bu bitiruvchi hech kimga kerak bo‘lmay qolishi mumkin.

Kasb-hunar kollejlari o‘z sohasiga tegishli tashkilotlarga bo‘lib berilgani ham yaxshi bo‘lgan. Chunki ular o‘zlariga qanday kadr kerakligini yaxshi biladi. Masalan, qurilish kollejlari Qurilish vazirligiga, qishloq xo‘jaligi kollejlari Qishlok xo‘jaligi vazirligi tasarrufiga, turizm kollejlari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazilgan. Ular yaxshi ishlayapti, soha ehtiyojidan kelib chiqib, professional standartlarni ishlab chiqmoqda.

Lekin bu yetarli emas. Bizning iqtisodiyotimiz sharoitida kasb-hunarli kadrlarga ehtiyoj juda katta.

Qolaversa, tegishli vazirlik va idoralar ham o‘z kollejlariga o‘quvchi kelmay qo‘ysa, jiddiy o‘ylab ko‘ra boshlaydi va raqobatga mos tarzda ish olib boradi.

Kasb-hunar kollejlarini tugatgan bolalar ham ko‘chada qolmaydi. To‘g‘ri, hozir kollejda kerakli hunarni o‘rgana olmagan bolalar ishsiz qolyapti. Shuning uchun milliy malaka ramkasi g‘oyasi yaxshi, lekin uni amalga oshirish uchun hamma birday ishlamasa, u amalga oshmay qoladi.

2020-2021 o‘quv yilida ta'limda mana shu yangi tizim asosida ish boshlaymiz. Qisqa vaqt ichida birinchi o‘rinda professional kasb-xunar maktablari, kollej va texnikumlar yangi o‘quv yilga tayyorlanishi kerak. Oldinda ta'lim dasturlari, o‘quv rejalari va adabiyotlar tayyorlash, moddiy-texnik bazani boyitish, pedagog kadrlar bilan ta'minlash vazifalari turibdi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid