Jahon | 22:11 / 02.06.2020
38257
13 daqiqa o‘qiladi

Oq-qora Amerika. «Sehrli diyor»da afroamerikaliklar qanday kamsitilgan?

Amerika namoyishlar va tartibsizliklar girdobida qoldi. Shundog‘am karantinga zo‘rg‘a chidab o‘tirgan odamlar Minneapolisda oq tanli politsiyachi tomonidan qora tanli Jorj Floydni hibsga olish chog‘ida qilingan noinsoniy xatti-harakat tufayli vafot etgani ortidan ko‘chaga chiqdi.

Foto: Reuters

Afroamerikalik Jorj Floydning aybi u qadar jiddiy ham bo‘lmagan. U do‘konda 20 dollarlik qalbaki banknotni o‘tkazishda gumonlangan. Uni qo‘lga olgan politsiya xodimi Floydning yuzini yerga qaratib, bo‘ynidan tizzasi bilan 7 daqiqa bosib turgan. Floyd «Nafas ololmayapman, bo‘g‘ilyapman» deb politsiyachiga iltijo qilishi foyda bermagan. Hushidan ketgan Floydni kasalxonaga olib borishganida u allaqachon jon berib bo‘lgandi.

Politsiya ofitseri Floydni qiynayotganini o‘sha kuni yo‘lda o‘tib ketayotgan o‘tkinchi tasvirga olgan, video Darnella Freyzer nomli foydlanuvchi tomonidan feysbukda e’lon qilingan. Shundan so‘ng Floydning zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani haqida butun AQSh xabar topdi va avvaliga Minneapolisda, so‘ngra butun mamlakat bo‘ylab keng miqyosdagi namoyishlar va tartibsizliklar boshlanib ketdi. Politsiya tomonidan qora tanli fuqaroga qilingan ushbu zo‘ravonlik uchun namoyishchilar politsiya idoralari va mashinalarini yoqib yubormoqda, savdo do‘konlari talanyapti.

Bugun AQShning bir necha shaharlarida favqulodda holat joriy qilingan va vaziyatni milliy gvardiya bo‘linmalari nazorat qilmoqda. Ammo namoyishlar va tartibsizliklar to‘xtay demayapti. Namoyishchilar hatto Oq uy qarshisiga to‘plana boshladi. AQSh prezidenti Tramp ularni «kallakesarlar» deb atadi.

Namoyishchilarni Floydning qotili bo‘lgan politsiyachi Derek Shovin hamda holatni befarq tomosha qilib turgan uch nafar hamkasbiga chora ko‘rilmay, ular faqat ishdan bo‘shatilgani g‘azablantirayotgan edi. Ayni vaqtga kelib o‘sha politsiyachi qamoqqa olingan, tegishli organlar uning noinsoniy xatti-harakatlari ustidan tergovni boshlab yuborgan bo‘lsa-da, namoyishchilar to‘xtashmayapti. Endi ular politsiya vakolatlari qisqarishini talab qilmoqda.

Ularni ham tushunsa bo‘ladi, axir har yil AQShda politsiyachilarning haddidan oshishi oqibatida Floyd kabi aybi isbotlanmagan ko‘plab insonlar o‘lib ketyapti. Ularning aksariyati esa qora tanlilar. Bugun «demokratiyaning oliy cho‘qqisiga chiqqanini» da’vo qilayotgan AQShda irqchilik yo‘q degan odam adashadi. Bu mamlakatda qisman bo‘lsa ham irqchilik bor va u ayniqsa mamlakatning qora tanli aholisiga nisbatan saqlanib qolgan. Qizig‘i, AQShdagi namoyishlarda afroamerikaliklar qatori oq tanlilar ham qatnashmoqda.

Afrikaliklarning G‘arbiy yarim sharga keltirilishi va quldorlik

O‘rta Yer dengizi to‘liq turklar qo‘l ostiga o‘tib unda Yevropa davlatlariga tegishli kemalar yura olmay qolganidan so‘ng ko‘hna qit’aga Hindiston, Xitoy va Hindixitoydan keltiriladigan turli mahsulotlar narxi oltin narxidan ham oshib ketadi. Bunday vaziyatda yevropalik dengizchilar Hindistonga borish uchun boshqa yo‘llarni qidira boshlaydi.

Mashhur dengizchi Xristofor Kolumb agar Atlantika okeani bo‘ylab G‘arbga suzaverilsa Hindistonga yetib borish mumkin degan g‘oyani ilgari suradi va Ispaniya qirolligi yordami bilan G‘arbga ekspeditsiya tashkillashtiradi. Shu tariqa, yevropaliklar Amerika qit’asini kashf etishadi. Kolumb 1492 yilda Yangi dunyodagi ilk orolga yetgan bo‘lsa, oradan bir necha yil o‘tib yangi qit’a yevropaliklar tomonidan zabt etila boshlanadi.

Yangi hududlarni zab etishda mahalliy aholi qirib yuborilar ekan, unumdor yerlarni o‘zlashtirish uchun ko‘plab ishchi kuchi kerak edi. Bu muammoni hal qilish uchun yevropaliklar Afrika qit’asidagi aholini majburan qul qilib Amerika qit’asiga olib keta boshlaydi. Qullar kemalar ostidagi maxsus xonalarga qamab olib ketilar va manzilga yetib borguncha ularning yarmidan ko‘pi halok bo‘lardi. Qul savdosi bilan shug‘ullanadigan bosqinchilar halok bo‘lgan qullarni dengizga uloqtirib ketaverishgan. Tarixchilarning taxminlariga ko‘ra, 300 yil davomida yangi qit’aga Afrikadan tirik yetkazib borilgan qullar soni 10 milliondan oshgan. Bugun G‘arbiy yarim sharda yashayotgan afroamerikaliklarning aksariyati o‘sha qullarning avlodlari hisoblanadi.

AQShda qullik bekor qilinishi

Avraam Linkoln Foto: Fullpicture

XIX asrga kelib G‘arbiy yarim sharda qullikka qarshi bo‘lgan sog‘lom fikrli odamlar ko‘paydi. Ayniqsa, mintaqaning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan AQShda quldorlikka qarshi harakatlar jiddiy tus oldi va uni bekor qilish uchun mamlakat bo‘ylab harakatlar boshlandi. 1808 yilda AQSh Kongressi mamlakatga Afrikadan qul olib kelib sotishni taqiqlaydigan qonun qabul qiladi.

Ammo bu qonun mamlakatdagi qul savdosini to‘xtata olmaydi. Qulfurushlar AQShga kontrabanda yo‘li bilan Afrikadan tirik odamlarni olib kelib sotaverishadi. Shundan so‘ng quldorlik va qullik bekor qilinmasa, natijaga erishib bo‘lmasligini tushungan hukumat AQShda qullik va quldorlikni bekor qilish haqida qonun loyihasini tayyorlaydi.

Albatta, mamlakat fuqarolarining barchasi ham qullik bekor qilinishini xohlamasdi. Ayniqsa AQSh janubidagi zamindor boylar. Axir ular tekin ishchisidan ayrilib qolishayotgandi. Shu sababli, qullik bekor bo‘lishi haqidagi qonun loyihasi e’lon qilinganida janubiy shtatlar bunga qarshi isyon ko‘taradi va 1861 yilda AQShda fuqarolar urushi boshlanadi. 1865 yilda quldorlikka qarshi bo‘lgan shimol quldorlik tarafdori bo‘lgan janubni yengib chiqadi. Shu tariqa mamlakat yaxlitligi saqlab qolinishi bilan birga, AQShda quldorlikka qarshi qonun qabul qilinadi.

1861 yilda AQSh prezidentligiga saylangan Avraam Linkolnning mamlakatda quldorlik va qullikni tugatishdagi xizmatlari beqiyos. Aynan u 1862 yilda AQShda qullikni tugatish haqidagi qonunga imzo chekadi. 1863 yilda esa o‘sha qonunga muvofiq AQShdagi qullarni ozod qilish haqida proklamatsiya e’lon qilinadi. 1865 yili fuqarolar urishi tugab, janub shtatlari mag‘lubiyatga uchraganiga qadar Linkoln imzo chekkan qarorni amalga oshirish imkoni bo‘lmaydi.

1865 yilda AQSh konstitutsiyasiga 13ta o‘zgartirish kiritish bo‘yicha deklaratsiya qabul qilinadi. Ana o‘sha o‘zgarishlarda qullikni bekor qilish AQSh konstitutsiyasida belgilab qo‘yiladi. 1865 yilda uni dastlab to‘rtta shtat ratifikatsiya qiladi. Ushbu qonunni eng oxirgi bo‘lib 2013 yilda Missisipi shtati ratifikatsiya qilgan.

AQShda irqchilik avjga chiqishi va tugatilishi

AQShda quldorlik qonunan tugatilgani bilan, mamlakatda irqchilikni kamaytirishning iloji bo‘lmaydi. AQShning oq tanli aholisi kechagina o‘zi ozod qilgan qora tanli sobiq qullarga nisbatan munosabatini o‘zgartirmaydi va mamlakatda irqchilik yuqori darajada saqlanib qolaveradi.

Quldorlik qonun yo‘li bilan bekor qilingani haqida fikr bildirgan amerikalik mashhur yozuvchi Mark Tven «Quldorlikning bekor qilinishi mamlakatda irqchilikka barham bera olmadi, aksincha uni kuchaytirdi», deb yozgandi. Mark Tven o‘z asarida qora tanli qahramonni ijobiy obraz sifatida tasvirlagan birinchi adib edi.

Aslini olganda davlat siyosatining o‘zi ham irqchilik ustiga qurilgan edi. Mamlakatda qora tanlilarning huquqlarini cheklaydigan ko‘plab mahalliy va federal qonunlar bor edi. O‘sha qonunlar tufayli AQShda hatto XX asrda ham qora tanlilar oq tanlilar foydalanayotgan juda ko‘p huquqlardan mosuvo edi.

Bugun o‘zini dunyo demokratiyasi timsoli deb biladigan AQShda yaqin o‘tmishda terisining rangi boshqachaligi uchun qora tanlilar ayovsiz kamsitilgan, zo‘ravonlik qurboni bo‘lishgan. Avtobuslarda ular faqat orqa eshikdan chiqib-tushar, o‘rindiqda o‘tirgan holatida oq tanlilar talab qilsa, o‘rnini bo‘shatishga majbur bo‘lar edi. Shuningdek, ular oq tanlilar uchun mo‘ljallangan kafe va resoranlarga kira olmas, hatto qora tanlilarning hojatxonasi ham alohida bo‘lgan.

Mabodo qaysidir qora tanli oq tanlilar uchun belgilangan joylarga kirsa yoki faqat oq tanlilar foydalanadigan narsalardan foydalansa eng yumshoq muomala qilinganda ularni qattiq haqorat qilib quvishgan. Mabodo o‘shanday holatda qora tanlilar qarshilik ko‘rsatsa, politsiya ularni olib borib qamagan. Bunda nafaqat xususiy ishxonalar, kafe va restoranlar, balki davlat idoralarida ham shu tarzdagi tartiblar bo‘lgan. Masalan, Pentagonning bosh idorasida qora tanli xodimlar o‘tgan asrning 70-yillarigacha oq tanli xodimlar foydalanadigan hojatxona va oshxonaga kira olmagan. Qora tanlilar oq tanlilarga «mister», «missis» yoki «miss» deb murojat qilishi majburiy bo‘lgan. Qora tanlilarni oq tanlilar o‘qiydigan maktab va universitetlarga ham qo‘yishmagan.

Qora tanlilar qahramoni Martin Lyuter King

Martin Lyuter King Foto: Getty Images

1954 yilda Alabama shtati markazi Montgomeri shahrida 42 yoshli qora tanli ayol Roza Parks avtobusga chiqib, qonun bo‘yicha o‘zidan joy bo‘shatishni so‘ragan oq tanli odamga joy bermagani uchun qamoqqa olinadi. Shundan so‘ng Montgomeri shahrida qora tanlilarning shahar avtobuslariga chiqmaslik haqidagi boykotlari boshlanib ketadi va unga yosh yozuvchi Martin Lyuter King boshchilik qiladi.

Natijada shahar transporti katta zarar ko‘ra boshlaydi. Shundan so‘ng shahar hokimiyati Martin bilan muzokara o‘tkazib boykotni bekor qilishga urinadi. Ammo u ko‘nmaydi. Shahar hokimiyati qora tanlilarni majburlab avtobuslarga chiqara boshlaydi. Bo‘ysunmaganlarni esa 1921 yilda qabul qilingan qonunni pesh qilib hibsga ola boshlashadi. Qora tanlilar shunchaki shahar transportiga chiqmagani uchun qamoqqa olinardi.

Asta-sekin AQShda qora tanlilar huquqi bosh masalaga aylanadi va ko‘pchilik ziyolilar qora tanlilarning tarafini olib chiqishlar qiladi. Martin Lyuter esa faol ravishda qora tanlilar huquqlarini himoya qilib chiqa boshlaydi va ularning rahnamosiga aylanadi. O‘sha paytda Martinga bir necha bor suiqasd ham qilinadi. 1964 yilda Martin tinchlik yo‘nalishida xalqaro Nobel mukofotini oladi.

1965 yilda AQSh Kongressi «Saylovchilar haqidagi qonun»ga o‘zgartirishlar kiritadi va unga ko‘ra shtatlar o‘z fuqarolariga saylash huquqini berishda mustaqil qaror chiqara boshlaydi. Turli shtatlar birin-ketin qora tanlilarga ham saylash huquqini beradi va ularga nisbatan joriy qilingan turli cheklov va taqiqlarni bekor bo‘la boshlaydi.

1968 yilda Martin Lyuter Memfis shahridagi mehmonxona ayvonida turganida otib o‘ldiriladi. O‘shanda u 39 yoshda edi. Uning o‘ldirilishi bo‘yicha ko‘plab taxminlar bor. U amerikalik qora tanli aholi saylash hamda saylanish, shuningdek, yana ko‘plab huquqlarni qo‘lga kiritganidan so‘ng hukumatdan asrlar davomida qora tanlilarga qilingan nohaqliklar uchun 50 milliard dollar tovon puli talab qilayotgan edi.

Uning rejasiga ko‘ra, ushbu mablag‘ AQShdagi har bir qora tanliga teng taqsimlab berilishi lozim edi. Martin o‘ldirilganidan so‘ng bu talab ham kun tartibidan tushadi. Martin Lyuterning qotili Jyeyms Erl Rey 99 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi. Bugun Martin Lyuterning nomi AQShda qora tanlilar huquqi uchun kurashgan qahramon sifatida yod etiladi.

Afroamerikaliklarning fuqarolik huquqlari tiklangandan keyingi vaziyat qanday bo‘ldi?

Jorj Floydning o‘limidan keyin Minneapolisdagi namoyishlar. Foto: John Minchillo / AP / TASS

AQShda yashayotgan qora tanlilarning barcha huquqlari tiklangandan keyin jamiyatda ularni alohida ajratish barham topdi, ammo ularni yoqtirmaydigan odamlar hanuz topiladi. Ayniqsa oq tanli politsiyachilar orasida qora tanlilarni yomon ko‘radigan va imkoniyati bo‘lishi bilanoq ularga qarshi hatto qonundan chiqib ketish darajasida zo‘ravonlik qiladiganlar uchraydi.

Ayrimlar o‘z nafratini AQShda sodir etiladigan jinoyatlarning aksariyatini (noqonuniy narkotik va qurol-yaroq savdosi) qora tanlilar qilishi va ularni deb AQSh jamiyati tinch yashay olmayotgani bilan izohlaydi. Bu vajda ham jon bor, lekin aslida afroamerikaliklarni yoqtirmaydigan oq tanlilar ularni qora rangdaligi uchun yoqtirmasligi isbot talab qilmaydigan narsa. 

G‘ayrat Yo‘ldosh

Mavzuga oid