Jahon | 15:40 / 03.06.2020
25379
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Ashxobodda velosipedga yodgorlik o‘rnatildi

Turkmaniston prezidenti ochilish marosimida velosiped sporti aholi sog‘ligini mustahkamlashda katta o‘rin tutishi haqida gapirdi.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 3 iyun kuni - butunjahon velosiped kuni munosabati bilan Ashxobodda velosipedga atab qurilgan yodgorlikni ochib berdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar qildi.

Ushbu bayram 2018 yil aprelida 72-sessiyada qabul qilingan BMT Bosh assambleyasi rezolyutsiyasiga muvofiq har yili nishonlab kelinmoqda. 

Noodatiy yodgorlik butun bir kompozitsiya bilan ifodalangan, uning markazida ulkan shar o‘rnatilgan, sharda Turkmaniston xaritasi alohida ajratib ko‘rsatilgan, unda «Turkmaniston — Buyuk Ipak yo‘li yuragi» yozuvi aks etgan. Yer shari atrofida bir necha velosipedchi haykali o‘rnatilgan. Yodgorlikning pastki qismida tuyalar karvoni va chavandozlar tasvirlangan.

Ochilish marosimida hukumat rahbarlari, parlament vakillari, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari vakillari, xorijiy mamlakatlarning diplomatik missiyalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etgan. Ularning barchasi sport kiyimida va velosipedlarda bo‘lishgan. 

Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z nutqida ekologik va qiziqarli sport turi bo‘lgan velosiped sporti mamlakat aholisi salomatligini mustahkamlashda muhim rol tutishi, shunga ko‘ra mamlakatda velosport bilan shug‘ullanuvchilar soni ortib borayotganini e'tirof etgan.

Ochilish marosimidan keyin prezident velopoygani boshlab berib, velosipedchilarga boshchilik qilgan. Velosipedchilar karvoni Ashxobod shahri ko‘chalari bo‘ylab 12 kilometrni bosib o‘tishgan.

Bayram munosabati bilan Turkmanistonning boshqa shaharlarida ham velopoygalar o‘tkazilgan.

Mavzuga oid