Jamiyat | 20:00 / 08.06.2020
14783
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: imzosi soxtalashtirilganini da'vo qilgan xorazmlik fermerning yerlari qaytarildi

Yerlari tuman zaxirasiga qaytarib olingan qo‘shko‘pirlik fermer uning nomidan yozilgan arizadagi imzo qalbaki ekanini aytib, may oyida Kun.uz'ga murojaat qilgan edi.

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani Xonobod qishlog‘idagi «Izzat» fermer xo‘jaligi asoschisi Ozod Rajabov tuman hokimligi tomonidan yerlari davlat zaxirasiga qaytarib olinganidan norozi bo‘lib, Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan edi.

Bu haqda «Fermerning yeri g‘ayrioddiy tarzda tortib olindi. Qo‘shko‘pir tuman hokimligi fermerning imzosini qalbakilashtirgan bo‘lishi mumkin» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

Maqoladan so‘ng Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan xorazmlik senator Gavhar Durdiyeva boshchiligida komissiya tuzildi va Qo‘shko‘pir tumani hokimligi bilan fermer ishtirokida muammolar o‘rganib chiqildi.

Yakunda «Izzat» fermer xo‘jaligining paxta, bug‘doy va tomorqa mahsulotlari to‘la ekilgan va yaxshi rivojlangan 54 gektar yeri qaytarib berilishi haqida qaror chiqarildi.

Chigit ekilgan 37 gektar maydonga qilingan xarajatlar tuman komissiyasi tomonidan hisob-kitob qilinib, ushbu yer maydonlar ajratilgan fermer xo‘jaligi tomonidan qoplab beriladigan bo‘ldi.

«Izzat» fermer xo‘jaligi asoschisi Ozod Rajabov bu takliflarga rozi ekanini ma'lum qildi.

Shuningdek, imzoni qalbakilashtirish holati bo‘yicha «Izzat» fermer xo‘jaligi rahbari Izzat Rajabov viloyat prokurori nomiga arizasini oqibatsiz qoldirishni so‘rab iltimosnoma bilan murojaat qildi. Shu bois «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 30-moddasiga asosan murojaatning ko‘rib chiqilishi tugatildi.

Mavzuga oid