Jahon | 02:19 / 11.06.2020
16633
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva meri shahar qachon normal hayotga qaytishini aytdi

Foto: TASS

Rossiya poytaxti Moskva shahrida o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish rejimidan chiqib, normal hayotga qaytish ikki oycha vaqtni oladi, dedi shahar meri Sergey Sobyanin.

«Biz bunday o‘tish davrining davomiyligini qariyb ikki oy deb belgilab oldik. Epidemiologik vaziyatga kirish qisqaroq edi, qat'iy choralar tez-tez joriy etilgan edi. Undan chiqish esa, taassufki, uzoqroq davom etadigan ko‘rinadi», — dedi mer «Rossiya 24» telekanali efirida.

Sobyaninning aytishicha, COVID-19 ustidan to‘liq g‘alaba qozonish imkonsiz. U boshqa viruslar kabi insoniyat yonida «uzoq vaqt yoki abadiy» qoladi. Biroq, zararlanganlar sonining portlash darajasida o‘sishiga yo‘l qo‘ymasdan epidemiologik vaziyatni boshqariladigan qilish mumkin.

Merning eslatishicha, poytaxt Moskvada ommaviy tadbirlar, kinoteatrlar, konsert zallari, sport maydonlariga borish bilan bog‘liq cheklovlar saqlanib qolmoqda.

«Bu qarorlar iyul oyining boshida qabul qilinsa kerak. Shunday qilib, agar vaziyat yo‘l qo‘ysa, ikki oy mobaynida biz amalda normal hayot kechirish rejimiga o‘tamiz», — dedi u.

Avvalroq Sobyanin Moskvada 9 iyundan boshlab go‘zallik salonlari, restoranlar va fitnes-klublar ochilishi haqida e'lon qilgan edi. Jamoat joylarida niqob, qo‘lqop taqish va ijtimoiy masofani saqlash majburiyati saqlanib qoladi.

Mavzuga oid