Jamiyat | 09:30 / 11.06.2020
124719
8 daqiqa o‘qiladi

Yamandagi o‘zbekistonlik shifokor: «Sinflardagi qizlarning yarmiga mening ismim qo‘yilgan»

O‘zbekistonlik shifokorlar dunyoning turli nuqtalarida faoliyat yuritadilar. Kimdir malaka oshirish ilinjida, kimdir xorijni kashf qilish uchun, yana kimdir o‘z yurtida qadr topmaganidan o‘ksib, olisga yo‘l olgani endi hech kimga sir emas.

Irina Kan

Bu boradagi turkum suhbatlarimiz doirasida Yaman davlatida faoliyat yuritayotgan yana bir shifokor, akusher-ginekolog Irina Kan bilan bog‘lanib, suhbat tashkil etdik.

– Assalomu alaykum Irina opa, sizga O‘zbekistondan salom! An'anamizga muvofiq, dastlab o‘zingiz to‘g‘ringizda ma'lumot bersangiz.

– Vaalaykum assalom. O‘zbekistonga mening ham sog‘inchli salomlarim. Vatanimni shu qadar sog‘indimki... Men 1992 yilda Samarqand davlat tibbiyot institutini akusher-ginekolog mutaxassisligi bilan tugallaganman. Olgan bilimim, ishga ishtiyoqim ma'qul bo‘lgan shekilli – klinikaning o‘zida ishlab qolganman.

Biz test tizimi asosida o‘qimaganmiz. To‘g‘risini aytsam, men shu tizimning tanqidchilaridan biriman. Sababi, tibbiyotga bu uslub to‘g‘ri kelmaydi. O‘ylab ko‘ring, bemor yonidagi shifokorda to‘rtta yoki beshta javob yoki davo chorasi varianti bo‘lmaydi-ku! Tibbiyot klinik fikrlashga asoslanishi, shifokor barcha variantlarni tahlil qilishga o‘rganishi lozim. Mana shu dunyoqarashim menga ko‘p qo‘l keladi.

– Nega aynan Yaman davlatini tanlagansiz va qancha vaqtdan buyon u yerda faoliyat yuritasiz?

– 2001 yilda Yamanda ishlab yurgan dugonam shu davlatga ishga taklif qildi va mening mutaxassisligim hamda tajribam bilan ishlab topadigan maoshim 600 dollar bo‘lishi mumkinligini aytdi. Men butunlay hayratda qoldim. O‘sha paytda qancha maosh olishimni aytsam hayron qolasiz – 30 dollar! Yashirib nima qildim, suyunchi puli berishar, ataganlarini cho‘ntagimga solib ketishardi. O‘shalar bilan qo‘shib topganim ba'zan 100 dollarga yaqin bo‘lardi. Lekin bemorlarga «faloncha berasiz» deb so‘rashdan qo‘rqardim.

To‘g‘ri, 600 dollar maosh albatta katta turtki edi, ammo bundan tashqari boshqa davlatlarni ko‘rish, o‘zgacha hayot bilan tanishish ishtiyoqi ham bo‘lgan.

Shunday qilib, Yamanga yetib keldim. To‘g‘risini aytsam, dastlab juda kuchli madaniy shokka tushganman. Ko‘nikishim og‘ir kechgan. Maoshim va qo‘shimcha foizlar bilan chindan ham birinchi oydanoq 700 dollarga yaqin daromad qilganman.

Qiyoslash uchun aytaman, o‘sha paytlarda o‘zimizda 1000 dollarga ikki xonali uy olish mumkin edi. Mana, 19 yildirki qisqa uzilishlarni aytmasa, asosan shu davlatdaman.

– O‘zbekiston va Yaman tibbiyoti o‘rtasidagi tafovutlar yoki o‘xshash jihatlar qanday?

– O‘xshash jihatlari – sobiq ittifoq shifokorlari ko‘p ishlashida bo‘lsa kerak. Tafovutlar esa juda katta. Yamanda O‘zbekistondagi kabi qator tibbiyot institutlari yo‘q, o‘zining shifokorlari mutlaqo yetishmaydi. Davlatning bepul shifoxonalarida ahvol qoniqarli emas, butun tizim asosan nodavlat tibbiyotga asoslangan.

Dastlab kelganimda bu yerda hamma narsa bir marta ishlatilishidan hayratda qolgandim. Biz endi-endi bir martalik shpritslarga o‘tgan paytlarimizda bu yerda bemor uchun deyarli barcha narsa bir marta ishlatilardi. Tibbiy uskunalar bo‘yicha ham hech qanday muammo bo‘lmagan. Bizdagi ulkan klinika bo‘yicha bor-yo‘g‘i ikkita UTT (UZI) apparati ishlatilsa, bu yerda o‘sha paytlardayoq har bir bo‘limda UTT xizmatga shay turar, hech qanday navbatlar ham yo‘q edi.

Dori vositalarida ham hammasi bemalol, istagan doringizni buyurtma qilishingiz, sotib olishingiz mumkin.

Bir jihatni alohida ta'kidlashni istardim – Yamanda hech qachon qon topish muammosi bo‘lmagan. O‘zbekistonda biror bemor uchun yaqinlaridan qon so‘rab yalinib yurardik, hech kim berishni istamas, ayrimlari «topish sizlarning vazifalaring» deb turaverar, insofi borlari pulga sotib olib kelib berardi. Pulga sotuvchilar kimligini bilish qiyin emas.

Bu yerda esa men nafaqat shifoxona oldida, balki har qanday odam gavjum joyda bir og‘iz «qon kerak» desam bas, bir necha kishi hech bir tamasiz yugurib keladi. Ular qon berish, bemorga shu yo‘l bilan yordam ko‘rsatish ulkan savobligini bilishadi. Shu bois qon zaxirasini qilishga ham zarurat yo‘q, istagan paytga yangi qon olib, darhol tekshirib, bemorga quyish imkoniyati bor.

– Sir bo‘lmasa, oyiga qancha daromad qilasiz va uning qanchasi xarajatlarga ketadi?

– Dastlab qancha maosh olganimni aytdim, hozirgi daromadimning ham sirli joyi yo‘q. Sababi, inson o‘z mehnati samarasini ko‘rishi kerak. Men hozirgi ishimda o‘rtacha 5 ming dollar va undan yuqori daromad qilaman. Maoshim, ko‘riklarimdan olgan foizlarim, operatsiyalarim bilan ana shuncha chiqadi.

Xarajatlarga kelsak, oyiga 300 dollarga ham bemalol yetadi. Bu yerda oziq-ovqat narxi deyarli O‘zbekistondagiday, qimmat emas.

Klinikaning yuqori qavatida yashaymiz, ya'ni turar-joy xarajati yo‘q bo‘lishi bilan birga, sutkaning istagan paytida ishlash yoki dam olish imkoniyati bor.

Kiyim-kechakka ham deyarli sarflanmaydi – sababi, bu yerda fasllar almashinuvi sezilmaydi, bitta libosingizni yil davomida kiyaverasiz.

Dam olish maskanlari, restoranlar yo‘q hisobi. Borlariga ham biz bormaymiz, barcha yeguliklarni o‘zimiz tayyorlaymiz.

– O‘zbekistonga qaytishdan sizni nima to‘sib turibdi?

– Oldingi savolga qaralsin (kuladi). O‘zim koreys millatiga mansub bo‘lsam-da, vatanim O‘zbekiston va uni hech qayerga almashmayman. Faqat yurtimdagina xotirjam bo‘laman, yaqinlarim diydorini sog‘inib yashayman hamisha.

Lekin iqtisod, oila kelajagi degan narsalar bor. O‘zbekchasiga aytganda rizqimiz shu yerlarga sochilgan ekan.

– Koronavirus sharoitida Yaman tibbiyoti qanday ishlamoqda? Siz o‘zingiz bu kasallikka qarshi kurashga jalb qilindingizmi?

– Vaziyat ancha murakkabligi aniq. Bu kasallikka qarshi davlat shifoxonalari kurashmoqda va hozircha yutuqlar maqtangulik emas.

Bizni bu jarayonga chorlashgani yo‘q. Lekin qashshoqlik, uzluksiz urushlar tufayli bu pandemiya Yamanda nihoyatda og‘ir kechishi hech kimga sir emas.

– Mumkin bo‘lsa, bu davlatdagi faoliyatingizga doir va O‘zbekiston uchun noodatiy bo‘lgan biror qiziq voqeani so‘zlab bersangiz.

– Men ishlagan hududdagi sinflarga kirib ko‘rsangiz, qizlarning deyarli yarmining ismi Irina! Bu yerda shifokorni hurmat qilib, ismini farzandlariga qo‘yish odati bor.

Lekin meni iztirobga solgan yana bir jihat – juda ko‘pchilik ayollar uyda tug‘adilar va buning oqibatida bolalar o‘limi ko‘rsatkichi yuqori. Rasmiy statistika bo‘lmasa-da, kuzatuvlarimga ko‘ra, ana shunday holatlarda 20-30 foizgacha bolalar o‘limi kuzatiladi.

Tug‘ilish yuqori, har oilada o‘nlab bolalar bor, yanayam bularning immuniteti juda mustahkam, bolalar va onalarning aksariyati murakkab sharoitga qaramay yashab ketadilar.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid