Jamiyat | 16:39 / 15.06.2020
33100
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyo tarixidagi ilk fotosuratlar

3D, panorama, avtofiltr, selfi formatidagi suratlar odatiy bo‘lib qolgan bugungi kunda qachondir obektni arang ilg‘ash mumkin bo‘lgan oq-qora suratlar bo‘lganini tasavvur qilish qiyin.

Insoniyat tarixida ilk suratning paydo bo‘lishi katta voqelik edi. Quyida eng birinchi fototasvirlar evolyutsiyasini taqdim etamiz.

Eng birinchi fotografiya

Dunyodagi eng birinchi surat fransuz fotografi Jozef Nisefor Neps tomonidan 1826 yilda tushirilgan. «Oynadan ko‘ringan Le Gra manzarasi» suratini tushirish uchun 8 soat talab etilgan.

Ilk rangli surat

1861 yilda ingliz fizigi Jyeyms Maksvell tomonidan tushirilgan «Tartan tasmasi» fotografiya tarixidagi ilk rangli surat hisoblanadi. Maksvell London qirollik institutida rangli ko‘rishning o‘ziga xosliklari haqida ma’ruza o‘qish chog‘ida rangli tartan tasmasining o‘zi tushirgan suratini namoyish qiladi.

Inson aks etgan ilk surat

1838 yilda fotografiya asoschilaridan biri Lui Dager Parijdagi dyu Tampl bulvarini suratga tushiradi. 10 daqiqa davomida tushirilgan bu suratda ko‘chadagi odam tasvirlangan (pastki chap burchakda).

Ilk fotomontaj

1858 yilda Genri Pich Robinson beshta negativdan foydalangan holda bemor qizning o‘pka silidan vafoti akslantirilgan suratni tushiradi. Bu fotomontaj qo‘llanilgan ilk surat hisoblanadi.

Ilk avtoportret

Amerikalik fotograf Mettyu Bred ilk avtoportret muallifi sanaladi. Fotograf 1875 yilda o‘zini o‘zi suratga tushirgan.

Havodan tushirilgan birinchi surat

Havodan tushirilgan ilk surat mualliflari – kabutarlardir. 1903 yilda Yulius Noybronner fotokamera va taymerni birlashtirib, kabutarlarning bo‘yniga o‘rnatadi. Keyinchalik bunday usuldan nemis armiyasida harbiy razvedka maqsadida ham foydalanilgan.

Suv ostida tushirilgan ilk surat

Ilk bor suv ostidagi rangli surat Meksika ko‘rfazida tushirilgan. Surat 1926 yilda doktor Uilyam Longli va National Geographic fotografi Charlz Martin tomonidan ishlangan.

Koinotdan tushirilgan birinchi tasvir

1946 yilda V-2 raketasiga o‘rnatilgan 35 millimetrli kamera Yer sayyorasini 105 km uzoqlikdan suratga tushirdi.

Mavzuga oid