Jahon | 21:01 / 15.06.2020
5611
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda yadro quroli kamayayotgani ma'lum qilindi 

Dunyoda yadro quroli Rossiya va AQSh sa'y-harakatlari evaziga kamaymoqda, biroq bunday qurolga ega davlatlar uni modernizatsiya qilishni davom ettirmoqda. Bunday ma'lumotlar Stokholm xalqaro tinchlikni tadqiq qilish instituti (SIPRI) e'lon qilgan ma'ruzada keltirilgan.

Institut mutaxassislarining ta'kidlashicha, 2020 yil boshida yadro quroliga ega 9 ta davlat – AQSh, Rossiya, Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreyada 13,4 mingta yadroviy jangovar kallak bo‘lgan. Bu esa 2019 yil boshidagidan deyarli 500 taga kamroqdir. O‘shanda “yadro klubi” davlatlarida deyarli 13,9 mingta yadroviy zaryad bo‘lgan.  

“Umuman olganda, yadroviy jangovar kallaklar soni qisqarmoqda. Bu avvalambor, AQSh va Rossiya qurollanish tarkibidan chiqarayotgan jangovar zaryadlarni bartaraf etayotgani bilan bog‘langan. Shu bilan birga, AQSh va Rossiyada yadroviy jangovar kallaklar, raketalarni yetkazish tizimlari va samolyotlar hamda qurol ishlab chiqarish obektlarini almashtirish va modernizatsiyalash bo‘yicha katta ko‘lamli va qimmat dasturlar amalga oshirilmoqda”, deyilgan ma'ruzada.

Tahlilchilarning ta'kidlashicha, boshqa yadro davlatlarining yadro quroli Rossiya va AQShnikidan ancha kamroq, biroq bu davlatlar yadro qurolini yetkazishning yangi tizimlarini yo rivojlantirishni, yo joylashtirishni boshlagan, yoxud bu haqidagi rejalarini e'lon qilgan. Ekspertlarning ta'kidlashicha, Xitoy “o‘z yadro qurolini katta ko‘lamda modernizatsiyalash va kengaytirish” yo‘lining o‘rtasida turibdi. 

“Hindiston va Pokiston ham o‘z quroli hajmini ko‘paytirmoqda. Shimoliy Koreya o‘z yadro dasturiga o‘z milliy xavfsizlik strategiyasining markaziy elementi sifatida ustuvor e'tibor ajratishni davom ettirmoqda, biroq 2019 yilda u yadro quroli va katta masofalarga mo‘ljallangan ballistik raketalarni yetkazish vositalari sinovlariga e'lon qilgan moratoriysiga amal qilgan”, deb ta'kidlab o‘tishgan mutaxassislar.

SIPRI 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi ixtiloflar, qurollanishlar, qurollanish va qurolsizlanish ustidan nazorat bo‘yicha tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi mustaqil tahliliy markaz hisoblanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid