Jahon | 07:25 / 17.06.2020
5732
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Lotin Amerikasida koronavirus sababli “ocharchilik pandemiyasi” boshlanishi mumkinligidan ogohlantirdi

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturida koronavirus bilan bog‘liq inqiroz Lotin Amerikasida ocharchilikka olib kelmasligi uchun xalqaro hamjamiyat tezroq harakat qilishga chorlandi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.  

“Biz u yerdagi sog‘liqni saqlash sohasidagi holatdan xavotirdamiz. Afsuski, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat borasidagi ham yangiliklar yaxshimas. Biz u yerda ocharchilik pandemiyasi oldini olishimiz uchun tezroq harakat qilmog‘imiz lozim”, deb aytgan Jahon oziq-ovqat dasturining Lotin Amerikasi va Karib havzasidagi bo‘limi boshlig‘i Migel Barreto.

Tashkilotning baholashicha, Janubiy va Markaziy Amerikada hamda Karib havzasi davlatlarida koronavirus inqirozi va u sababli kiritilgan cheklovlar oziq-ovqat yetishmovchiligiga olib kelishi, bundan 40 mlnga yaqin odam jabr chekishi mumkin.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu mintaqaning 11 ta davlatida yil boshida 3,4 mln kishi oziq-ovqat yetishmovchiligiga to‘qnash kelgan, yarim yil o‘tib esa ularning soni 14 mlnni tashkil qilmoqda.  

Avvalroq JSSTda ayni vaqtda koronavirus bilan bog‘liq eng xavotirli vaziyat Lotin va Markaziy Amerika davlatlarida vujudga kelayotgani, chunki u yerda kasallanganlar soni ortayotgani va yetarli miqdorda testlar o‘tkazilmayotgani aytilgan. 

Mavzuga oid