Jahon | 20:32 / 18.06.2020
7856
1 daqiqa o‘qiladi

Daniyadagi fermada qorako‘zanda koronavirus aniqlandi

Daniyadagi fermalardan birida qorako‘zan (norka)da koronavirus aniqlandi. Shu sababli mahalliy veterinar xizmatlari koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida fermadagi 11 mingta qorako‘zanni yo‘q qilishga qaror qilgan. 

Foto: AFP

Qorako‘zanlar koronavirusga chalingani ferma xodimlaridan birida koronavirus aniqlangandan keyin ma'lum bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, Daniya dunyoda qorako‘zan mo‘ynasining eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanib, unga dunyo bozorining 40 foizga yaqini to‘g‘ri keladi. Veterinar xizmatlarda ma'lum qilinishicha, fermadagi barcha qorako‘zanlarning yo‘q qilinishi “xavfsizlik masalasi” bilan bog‘langan. 

Bu Daniyada norkalarning koronavirusga chalinishi qayd qilingan ilk holatdir. Aprelda Niderlandiyadagi qorako‘zan fermalarida ham koronavirus aniqlangan. “Bizning holatda gap virusning odamdan hayvonga o‘tishi haqida bormoqda, chunki fermaning bir necha xodimida koronavirus alomatlari kuzatilmoqda”, deb aytgan o‘shanda Niderlandiya qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit va oziq-ovqat mahsulotlari sifati vaziri Karola Sxauten.

Avvalroq koronavirus mushuklar va itlarga yuqishi holati qayd etilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid