O‘zbekiston | 08:03 / 20.06.2020
17787
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tgan OTMda to‘lov-kontrakt miqdori oshirilmaydi

Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, 2020/2021 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorini oshirmaslikka qaror qilindi.

Joriy yilning 19 iyun kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan 10ta OTM rahbarlari ishtirokida majlis o‘tkazildi. Majlisda to‘lov-kontrakt asosda o‘qitish qiymatini belgilash masalasi muhokama qilindi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, prezidentning 2020 yil 12 iyundagi “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-4749-sonli qarorida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta'lim muassasalariga o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta'minlash miqdoridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosda o‘qitish qiymatini belgilash huquqi berilgan.

Bunda o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta'lim muassasalari rektorlari bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha belgilangan to‘lov-kontrakt miqdori haqidagi ma'lumotlarni bir hafta muddatda ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘ida e'lon qilishi belgilandi.

“Muhokamalar yakunida pandemiya sharoitidan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyasini ta'minlash, talaba-yoshlarning tahsil olishi uchun qulay sharoitlarni yaxshilash maqsadida 2020/2021 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorini oshirmaslikka qaror qilindi.

Bir yillik shartnoma qiymati mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kelib chiqib belgilanishini inobatga olib, ushbu miqdor o‘zgarganda masalani qayta ko‘rib chiqishga kelishib olindi”, - deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 dekabrdagi 967-sonli qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan 10ta OTM tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilgan.

Mavzuga oid