O‘zbekiston | 18:04 / 23.06.2020
13284
4 daqiqa o‘qiladi

Bu yil Hajga borishi rejalashtirilgan o‘zbekistonliklar navbati keyingi yilga o‘tkazildi

Hukumat huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlar idorasi Saudiya Arabistoni podshohining bu yilgi haj mavsumini xorijliklar uchun bekor qilish qarorini qo‘llab-quvvatladi.

Bugun, 23 iyun kuni Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabariga ko‘ra, yig‘ilish Saudiya Arabistoni podshohligi tomonidan Haj-2020 mavsumi xorijliklar uchun bekor qilingani muhokamasiga bag‘ishlangan.

Koronavirus tarqalishi sababli podshohlikka kirish 27 fevraldan boshlab taqiqlangan edi. Ma'lum qilinishicha, 14 martda Tashqi ishlar vazirligi orqali Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirining Haj-2020 mavsumining tashkiliy ishlarini kechiktirib turish to‘g‘risidagi rasmiy xati olingan.

Ayni paytda podshohlikdagi jiddiy epidemiologik vaziyat saqlanib qolmoqda: har kuni o‘rtacha 4 mingga yaqin virus bilan kasallanish, 35-40ta o‘lim holati kuzatilmoqda.

«Saudiya Arabistoni qiroli – Ikki Muqaddas Haram xizmatchisi qirol Salmon bin Abdulaziz ana shunday inson salomatligi uchun murakkab vaziyatni inobatga olib, Haj-2020 mavsumi uchun chet eldan ziyoratchilarni qabul qilmaslik haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatladi hamda joriy yilning 22 iyun kuni mamlakat ichida bo‘lib turgan cheklangan miqdordagi ziyoratchilar uchun ichki haj mavsumini tashkil etish bo‘yicha barcha tegishli choralarni ko‘rish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Saudiya hukumatining ushbu qarori Saudiya ulamolari Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Islom olami uyushmasi, Misrdagi Al-Azhar majmuasi hamda «Dorul ifto» fatvo hay'ati va boshqa ko‘plab ilmiy markazlar tomonidan ma'qullandi.

Yuqoridagilarga asoslangan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi,  Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni qiroli – Ikki Muqaddas Haram xizmatchisi qirol Salmon bin Abdulazizning hojilar manfaatlari, ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishni ta'minlash nuqtayi nazaridan qabul qilgan ushbu qarorini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, Jamoatchilik kengashi joriy yilgi haj safariga borishni rejalashtirgan fuqarolarimizning navbati to‘liq saqlangan holda keyingi yilga o‘tkazilishini eslatib o‘tadi.

Insoniyat boshiga tushgan bu sinovli kunlar tezda o‘tib ketishini Yaratgandan so‘rab qolamiz», – deyiladi qo‘mita bayonotida.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni podshohining yuqoridagi qaroriga Islom hamkorlik tashkiloti, Butun jahon islom uyushmasi, Fors ko‘rfazi davlatlari (BAABaxrayn, Quvayt va Ummon Sultonligi), Saudiyaga qo‘shni davlatlar (Misr, Sudan, Yaman, Iroq va Iordaniya) munosabat bildirib, unda ziyoratchilarning salomatligini e'tiborga olingan holda haj bo‘yicha eng to‘g‘ri xulosa qilingani qo‘llab-quvvatlangan.

Mavzuga oid