Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Koronavirus: Janubiy Koreyada ikkinchi to‘lqin, dunyoda rekord o‘sish
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti so‘nggi bir kunda rekord darajada yangi kasallanish holatlari qayd etilgani haqida ma'lum qildi: butun dunyoda jami 183 ming kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan, shundan 50 mingdan ortiq holat Braziliyaga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Janubiy Koreya mamlakatda kasallik tarqalishining ikkinchi to‘lqini boshlangani haqida xabar berdi.
Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 9 milliondan oshdi (Worldometer portali hisoblariga ko‘ra, dunyo 21 iyun kuniyoq bu nuqtadan o‘tgan), 470 mingdan ortiq o‘lim holati qayd etilgan. Shu vaqtgacha 4,4 million kishi kasallikdan tuzalib chiqqan.
Ayni vaqtda Lotin Amerikasi kasallikning asosiy o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda, shuningdek, Hindiston va Pokistonda ham yangi bemorlar soni shitob bilan ortmoqda.
Braziliya va Hindistonda kasallanish holatlari soni yanada ko‘proq aniqlanmoqda
Braziliyada Covid-19 tufayli qayd etilgan o‘limlar soni 50 mingdan oshdi, shuningdek, Braziliya virusdan zararlanish holatlari soni 1 milliondan oshgan ikkinchi mamlakatga aylandi. Ekspertlar ushbu mamlakat pandemiyaning eng yuqori ko‘tarilish nuqtasidan o‘tishiga hali bir necha hafta borligini aytishmoqda.
Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru mamlakat iqtisodiyotini tiklash qat'iy karantin choralarini qo‘llashdan muhimroq ekanini yana bir bor ta'kidladi. Uni bu pozitsiyasi uchun ko‘p marta tanqid qilishgan - xalqaro ekspertlar ham, Braziliya aholisi ham.
Pandemiya boshlanganidan buyon Braziliyada ikki marta sog‘liqni saqlash vaziri iste'fosi kuzatildi - ularning ikkisi ham shifokordan chiqqan vazirlar edi. Birinchi vazirni Bolsonaru ishdan bo‘shatgandi, ikkinchisi esa ijtimoiy masofa saqlash tartibini joriy etishga ko‘nmagan prezidentdan norozi bo‘lgan holda iste'foga chiqdi.
Yakshanba kuni Braziliya shaharlari ko‘chalarida namoyishlar o‘tkazildi, ularning bir qismi Bolsonaru tarafdorlari bo‘lsa, qolgan qismi unga qarshilar edi.
Kasallanganlar va vafot etganlar soni bo‘yicha Braziliya faqat AQShdan ortda qolmoqda - Amerikada kasalligi qayd etilganlar soni 2,2 milliondan oshdi, 120 ming kishi Covid-19 qurboni bo‘lgan.
Hindistonda yakshanba kuni yana 15 ming kishida virus aniqlandi va jami holatlar soni 425 mingdan oshdi. Covid-19 bu mamlakatda shu vaqtgacha 13,2 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketgan. Hindiston hozirda jahon reytingida AQSh, Braziliya va Rossiyadan keyin to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.
Ikki hafta muqaddam hukumat karantin rejimi yumshatilgani haqida ma'lum qilgandi va shundan so‘ng kasallanish holatlari yana keskin o‘sa boshladi. Ekspertlar Hindistonda epidemiya cho‘qqisi iyuldan sentyabrga qadar davom etadigan yomg‘irlar mavsumiga to‘g‘ri kelishini prognoz qilishmoqda.
Hindiston: ayollar o‘limi nega ko‘p?
Statistikaga ko‘ra, Hindistonda Covid-19 tufayli ko‘proq ayollar vafot etishmoqda, holbuki boshqa mamlakatlarda bu nisbat butunlay boshqacha: dunyoning boshqa mamlakatlarida erkaklar kasallikni ayollarga qaraganda og‘irroq shaklda o‘tkazib, koronavirus qurboni bo‘lgan erkaklar soni ham ko‘proq bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, Hindistonda kasallikka chalingan erkaklar soni boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi ayol bemorlar sonidan ko‘proq.
Avvalroq, Jons Hopkins universiteti qoshidagi Blumberg sog‘liqni saqlash institutidan bo‘lgan Sabra Klyayn erkaklar uchun kasallikka chalinish xavfi keksa yoshdagilarda bo‘lgani kabi yuqori ekani haqida aytgandi.
Janubiy Koreyada ikkinchi to‘lqin
Janubiy Koreyada dushanba kuni Seul atrofidagi hududlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishining ikkinchi to‘lqini qayd etilgani haqida ma'lum qildi. Janubiy Koreya kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (KCDC) ma'lumotiga ko‘ra, ikkinchi to‘lqin may oyi boshidagi bir necha klastercha zararlanishdan kelib chiqdi.
KCDC rahbari Chon In Genning aytishicha, Seulga ikkinchi to‘lqin yetib keldi, buning manbasi esa tungi klublardir. U buni aksariyat yangi holatlar aynan poytaxtga to‘g‘ri kelishi bilan izohladi.
Tejon shahrida qat'iy karantin choralari joriy etilgan, shaharda sport zallari, muzeylar, kutubxonalar va cherkovlar yopilgan.
Hukumat kunlik kasallanish holatlari soni 30tadan oshsa cheklovlar yanada qat'iylashtirilishi haqida ma'lum qildi. Yakshanba kuni mamlakatda 17ta yangi holat qayd etildi, shundan 6ta holat xorijdan kelganlar bilan bog‘liq.
Janubiy Koreyada shu vaqtgacha 280 kishi Covid-19 tufayli halok bo‘ldi, jami holatlar soni 12 mingdan oshgan.
Jokovich turnirida koronavirus
Dunyoning birinchi raqamli raketkasi, serbiyalik tennischi Novak Jokovich tomonidan tashkillashtirilgan Adria Tour turnirida ishtirok etgan bir necha sportchida Covid-19 aniqlandi.
Bugun xorvatiyalik tennischi Borna Chorich ham test natijasi musbat chiqqanini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallik tashqi alomatlarsiz kechmoqda. Avvalroq bolgariyalik tennischi Grigor Dimitrov va Jokovichning fitnes-murabbiyi Dimitrovda ham Covid-19 aniqlangandi.
Ko‘rgazmali turnir Serbiya poytaxti Belgradda va Xorvatiyadagi kurort shahar Zadarda o‘tkazilgandi.
BBC nashrining Serbiyadagi muxbiri xabar berishicha, Jokovich va u taklif etgan tennischilar Zadardagi bahslar vaqtida ijtimoiy masofa saqlash qoidasiga amal qilishmagandi. Ular basketbol o‘ynashgan, mahalliy maktabga tashrif buyurishgan hamda restoranlarda ko‘ngilxushlik qilishgan.
Lissabonda cheklovlar qaytarilmoqda
Portugaliya hukumati yangi kasallanish holatlari avj olishi tufayli Lissabonda qator cheklovlarni qaytardi.
Mamlakat bosh vaziri Antoniu Koshtaning ma'lum qilishicha, 23 iyunga o‘tar kechasi kuchga kiradigan yangi tartibga ko‘ra, o‘ndan ortiq kishi bir joyda to‘planishi va jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichish taqiqanadi. Bundan tashqari, epidemiyadan nisbatan ko‘proq jabrlangan hududlardagi do‘konlarda ish soatlari qisqaradi.
Portugaliya Yevropada nisbatan erta cheklov choralari joriy etgan davlat bo‘lgandi, ayni vaqtgacha mamlakatda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 40 mingga yetgan, 1500dan ortiq kishi vafot etgan.
Boylar yanada boy, qashshoqlar yanada qashshoq
Britaniyadagi Resolution Foundation jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Britaniyada lokdaun vaqtida kam daromadli oilalar ulushi ortgan, shu bilan bir vaqtda nisbatan boy oilalar soni tejamkorlik tufayli o‘z boyligini ko‘paytirgan.
Kam daromadli oilalar esa lokdaun vaqtida o‘z jamg‘armalarini sarflab bo‘lishgan va qarzga botishgan.
Shu bilan birga, Britaniya davlat statistik byurosi so‘rovlariga ko‘ra, lokdaun aholining katta qismi ruhiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan.
Respondentlarning 40 foizi epidemiologik vaziyat tufayli o‘z hayotida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lganini ma'lum qilib, lokdaun davrida ayniqsa ruhiy tomondan qiynalishganini tan olishgan. So‘rovnomada qatnashgan 16-29 yoshlilarning 42 foizi, 30-59 yoshlilarning 25 foizi va 60dan oshganlarning 15 foizi ruhiy salomatligi yomonlashgani haqida bildirgan.
Mavzuga oid
20:40 / 27.05.2025
Hindiston xususiy firmalarga zamonaviy qiruvchi samolyotlarini yig‘ishga ruxsat berdi
11:37 / 26.05.2025
Dehlida O‘zbekiston-Hindiston ta’lim forumi o‘tkazildi
10:43 / 26.05.2025
“Koreyada olgan tajribani qishlog‘imda qo‘llamoqchiman” – bo‘sh yerlarni o‘zlashtirayotgan shahrixonlik yigit
00:47 / 24.05.2025