O‘zbekiston | 17:23 / 23.06.2020
24384
2 daqiqa o‘qiladi

Turkish Airlines’ga O‘zbekistonga parvozlarni tiklashga ruxsat berilmagan – Transport vazirligi

Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Turkish Airlines O‘zbekistonga muntazam reyslarni tiklashini e'lon qilgani, ammo bu amalga oshmagani bo‘yicha izoh berdi.

Foto: Head Topics

«Xorijiy davlatlar aviakompaniyalarining O‘zbekistonga doimiy qatnovlarini yo‘lga qo‘yish masalasi epidemiologik vaziyatga bog‘liq bo‘lib, qaysi davlatlar bilan aviaqatnovlar tiklansa, bu haqda rasmiy xabar beriladi.

Turkish Airlines va Air Astana 1 iyuldan O‘zbekistonga muntazam parvozlarni tiklash bo‘yicha o‘zlarining rejalarini e'lon qilishdi. Lekin ayni paytda O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha birorta aviakompaniyaga rasman ruxsat etilmagan», deydi vazirlik rasmiysi.

Ayni vaqtda yuqorida nomlari keltirilgan aviakompaniyalar O‘zbekistonga aviaqatnovlar haqidagi e'lonlarini o‘chirib tashlagan.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyun kuni Turkiyaning Turkish Airlines xalqaro aviakompaniyasi saytida 1 iyuldan Istanbul–Toshkent aviareyslari qayta yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, samolyotlar haftasiga to‘rt marta: Istanbuldan Toshkentga seshanba, chorshanba, shanba va yakshanba kunlari, Toshkentdan Istanbulga esa dushanba, seshanba, juma va shanba kunlari qatnovlarni amalga oshirishi aytilgandi.

Ma'lumot uchun, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan (qizil reyslar — evakuatsiya reyslari) davlatlar, shu jumladan, BAA, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida karantin nazoratida saqlanadi.

22 iyun kuni Transport vazirligi xorijdagi fuqarolarni O‘zbekistonga olib kelish uchun yana 21ta reys amalga oshirilishini ma'lum qildi. Jumladan, 26 va 29 iyun kunlarida Toshkent–Istanbul–Toshkent yo‘nalishida parvozlar amalga oshiriladi.

Mavzuga oid