Jamiyat | 16:30 / 26.06.2020
3498
2 daqiqa o‘qiladi

Orolbo‘yidagi ommaviy qabullarda qator muammolar hal etildi  

Orolbo‘yining janubiy nuqtasi – Beruniy tumanidan boshlangan muloqotlar Mo‘ynoq, Sho‘manay va Kegeyli tumanlarida davom etdi. 

To‘rt kun davom etgan ommaviy qabullarda 1233 nafar fuqaroning 1258 murojaati tinglandi. Shundan 567 murojaat joyida ijobiy hal etildi. 213 nafar murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, 478 ta murojaat ijrosi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, nazoratga olindi.

Maktabgacha ta'lim vazirligiga 66 nafar fuqarodan murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 50 tasiga joyida yechim topildi. Amudaryolik tadbirkor Rasul Ametov tumanda nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasini qurish uchun subsidiya so‘rab murojaat qildi. 

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi vakillari tomonidan ko‘rib chiqilgan 120 dan ziyod murojaatning 64 tasi joyida ijobiy hal etildi. Shular qatorida ishlab oilasiga daromad kiritish niyatidagi xotin-qizlarning 15 nafariga tikuv mashinalari, 13 nafariga non pechi topshirildi. 

Ommaviy qabulda Ichki ishlar vazirligi mas'ullari 86 ta masalaning 33 tasiga, Oliy sud rahbarlari va sudyalari esa 190 ta masalaning 82 tasiga joyida yechim topishga erishdi.

Qabul jarayonida elektr energiyasi bilan bog‘liq 28 ta murojaat ko‘rib chiqildi, ularning 53 foizi joyida hal qilib berildi. Buning natijasida qisqa vaqt ichida 3 ta transformator, 2.1 kilometr elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilindi. 

Ommaviy qabullar jarayonida ish masalasida murojaat qilgan 102 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilib, ularni amaliy hal etish choralari ko‘rildi. 

Ommaviy qabullarda Orolbo‘yi aholisining ana shunday katta-kichik muammolari ich-ichidan o‘rganilib, ularni imkon qadar shu joyning o‘zida hal etishga harakat qilindi. Ijrosi katta mablag‘ va muayyan vaqt talab etadigan  masalalar ro‘yxati har bir tuman-shahar kesimida shakllantirilib, respublika darajasida hal etiladigan muammolar yechimi bo‘yicha vazifalar belgilandi, tegishli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Mavzuga oid