Jamiyat | 11:44 / 03.07.2020
10832
3 daqiqa o‘qiladi

Xayriya: endigina navqiron yoshga kirgan yigit davolanishga muhtoj

Kun.uz tahririyati xodimlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga tashkil etgan mehnat safari yakunida Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidan bo‘lgan murojaatni ham e'tiborsiz qoldirmadi. Sababi bu murojaat boshqalaridan tubdan farq qilib, unda ijro hokimiyati bilan emas, balki endigina o‘n gulidan bir guli ochilayotgan navqiron yigitning salomatligi bilan bog‘liq masala diqqat markazida edi. 

Biz yo‘l-yo‘lakay, so‘rab-so‘rab, Paxtachi tumani, Do‘ng mahallasi, 84-xonadonda istiqomat qiluvchi O‘rol aka oilasiga yetib keldik. 

Hol-ahvol so‘ragach, 2006 yil may oyida dunyoga kelgan Eshniyozov Avazbekning onasi Nurimova Oydin opa bilan so‘zlashamiz. 

“Yangi tug‘ilgan chaqaloq vaqtida 2 oy shifoxonada davolanganmiz. Yaqinda, Samarqand bolalar shifoxonasida yotib davolanib chiqdik. Shifokorlarning aytishicha, o‘sha vaqtda davolangan xastalik asorati bo‘lishi ham mumkin. Avazbek yo yiqilganida yoki tug‘ilganidagi noto‘g‘ri muolaja oqibatida chap oyog‘ining son suyagi tosga noto‘g‘ri joylashgan. Oqibatda u yillar davomida yemirilib kelgan”, - deydi Oydin opa. 

Gapning qisqasi, bola sog‘lom, ayni kuchga to‘lib borayotgan norg‘ul yigit, ammo mablag‘ yo‘qligi bois, ota-ona uni mutaxassislarga ko‘rsata olmayapti. Ota ustachilik bilan shug‘ullansa-da, karantin davrida yollanma ish topishning o‘zi bir muammo bo‘lganidan davolatishga imkon topa olmayapti. Onda-sonda chiqib turgan ustachilik uchun ish haqi oiladan ortmaydi, bolam tezroq oyoqqa turib, o‘ynab-kulib yursa”, - deya yozg‘iradi onaizor. 

Aziz vatandoshlar! Karantin chog‘ida ko‘pchilikka oson bo‘lmayapti. Ammo, oramizda duosi qabullar bor, shu navqiron yosh yigit haqiga duo qilsalar, Alloh komil shifo bersa, moddiy imkoniyati yetadigan, xayr-saxovatni hayotining shioriga aylantirganlar bor, ular mablag‘dan qarashib yuborsalar, Yaratganning inoyati bilan bu yigit ham vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan vatandoshlarimiz safiga qo‘shilsa! O‘ylaymizki, bizning ushbu xayriya aksiyamizga ko‘pchilik “labbay” deb javob qaytaradi. 

Saxovatpesha vatandoshlar, keling, farzandini davolatish uchun mablag‘ga muhtoj bo‘lib qolgan oilaga yordam qo‘lini cho‘zaylik! Alloh qilayotgan xayrli ishlaringizni oxiratga zaxira qilsin, bu dunyoda ham mol-mulkingizni ko‘paytirib bersin! 

+99897891 2077 O‘rol aka (otasi)

Bank kartochkasi: 8600 0417 2108 9556 (Agrobank) 
Nurimova Oydin (onasi) nomida

Hisob raqam:  2261 8000 4646 5380 8500

MFO:  00297

Mavzuga oid