O‘zbekiston | 12:58 / 09.07.2020
199609
3 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillarning maxsus ruxsatnomasiz harakatlanish vaqtlari bo‘yicha ma'lumot berildi

Kuchaytirilgan karantin sharoitida avtotransport vositalarida maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida, ya'ni ertalab 07:00dan – 10:00gacha va 17:00dan – 20:00gacha tegishli xudud doirasida ruxsat beriladi.

YHXBB boshlig‘i Olim Saidov  9 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Maxsus komissiyaning ushbu qarorini izohlab o‘tdi.

«Respublika Maxsus komissiyasi qarori bilan 2020 yil 10 iyuldan e'tiboran Respublika miqyosida avtotransport vositalarining harakatini cheklashni nazarda tutuvchi bir qator tartiblar joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalarining kirishi va chiqishi to‘xtatiladi. Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno.

Jamoat transporti harakati to‘xtatiladi. 

Avtotransport vositalarida maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida, ya'ni, ertalab 07:00dan – 10:00gacha va 17:00dan – 20:00gacha tegishli xudud doirasida ruxsat beriladi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida fuqarolarning ish joyiga borib kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birlamchi mahsulotlarni xarid qilishi uchun harakatlanishga ruxsat beriladi. Avtotransport vositalarining harakatlanishi davomida esa sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etish talab etiladi», deb tushuntirdi Olim Saidov.

YHXBB boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, 10 iyuldan boshlab viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari atrofidagi yo‘l patrul maskanlari xizmatlari, blokpostlar va to‘siq postlari faoliyati Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi kuchlari hamda Sanitariya epidimologiya nazorati davlat inspeksiyasi vakillari jalb qilingan holda kuchaytiriladi. 

Karantin davrida shuningdek, fuqarolarning mototransport, skuter hamda velosipedda harakatlanishi bo‘yicha ham ma'lum tartiblar amal qiladi.

Jumladan, bunda faqatgina tibbiy niqobdan foydalangan holda, hayotiy zarur extiyojlari (dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi darajadagi vositalarni xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat qilish) uchun ruxsat beriladi.

«Shuningdek, transport vositalarining harakatlanishi uchun Adliya vazirligi, DXA tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnomalar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llaniladi.

Ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan holda harakatlanayotgan avtotransport vositalari egalariga esa ma'muriy javobgarlik choralarini qo‘llash va avtotransport vositalarini jarima maydonchalariga joylashtirish nazarda tutilgan», deb Olim Saidov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid