Jahon | 19:14 / 22.07.2020
4178
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada karantin 31 avgustgacha uzaytirildi

Foto: RBK

Koronavirus tarqalishi kamaymagani sabab Ukraina karantin cheklovlarini 31 avgustgacha uzaytirdi. Bu haqda bugun o‘tkazilgan hukumat majlisida mamlakat bosh vaziri Denis Shmigal ma'lum qilgan.

Ukrainada ilk karantin cheklovlari mart oyida joriy etilgan edi. Koronavirus tarqalishi biroz sekinlashgandan so‘ng may-iyun oylarida karantin yumshatilgan va cheklovlar 31 iyul kuni tugashi kerak edi. Biroq karantin cheklovlari yumshatilgach, mamlakatda koronavirus tarqalishi yana keskin o‘sa boshladi.

Oxirgi bir necha kunda koronavirus infeksiyasi tarqalishining yangi holatlari soni kuniga 800 nafar kishidan oshib ketdi. Hozirgacha Ukrainada koronavirus yuqtirganlarning umumiy soni 60 995 nafarni tashkil etmoqda. Shundan 1534 kishi vafot etgan.

Iyun oyidan boshlab mamlakat hukumati hududiy rahbarlarga vaziyatga qarab karantin cheklovlarini yumshatish yoki keskinlashtirish bo‘yicha mustaqil qaror chiqarish huquqini bergan. Unga ko‘ra, turli mintaqalar o‘z hududidagi bolalar bog‘chalari, kinoteatrlar, sport inshootlari, bozorlar, plyajlar, sanatoriylarning ishlash yoki ishlamasligini hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lgandi.

Mamlakat bo‘ylab 1,5 metr oraliq masofani saqlash, jamoat joylarida niqob taqish majburiy. Shuningdek, kasallik yuqori darajada tarqalgan mamlakatlardan kelganlar ikki haftalik karantinda o‘tirishi yoki koronavirus testidan o‘tishi kerak.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid