Jahon | 08:59 / 26.07.2020
58543
14 daqiqa o‘qiladi

Bo‘g‘ilgan Nil: Efiopiya Misrni suvsiz qoldirishga qodir megato‘g‘onni qurib bitkazdi

Qohira bombalash bilan tahdid ham qilib ko‘rdi, tinchgina kelishishni ham taklif qildi, biroq bukilmas Addis-Abebaning parvoyi falak, deb yozadi jurnalist Aleksandr Artamonov.

Ko‘k Nildagi Hidase suv elektr stansiyasi: wikipedia.org

2020 yilning yoziga kelib, Efiopiya (Habashiston) energetiklari Ko‘k Nil daryosida «Hidase» gidroelektr stansiyasi qurilishining asosiy bosqichini yakunlashdi. U Afrika qit'asidagi eng kattasi, jahonda yettinchi o‘rindagi bo‘ladi, bu GES Efiopiyani iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqishi mumkin. Biroq, mamlakatning kutilayotgan gurkirashi, daryoning quyi oqimida yashovchi 160 million kishi uchun ulkan muammolar yaratishi ham mumkin.

Gap Misr haqida bormoqda. Efiopiyadagi yangi GES Nildagi suv miqdorini kamaytiradi, bu esa Afrikaning buyuk daryosiga necha asrlardan buyon bog‘liq bo‘lib kelayotgan fir'avnlar yurti uchun koni zarar bo‘lishi tayin. Qurilishning boshlanish onlaridan buyon muammoni hal qilish borasida muzokaralar o‘tkazib kelinmoqda, biroq ularning barchasi natijasiz yakunlangan.

Birovning hisobiga ravnaq topish

«Hidase» GES qurilishi 2011 yilda boshlangan. Balandligi 560 metr, kengligi 1700 metr bo‘lgan to‘g‘on Efiopiyaning eng g‘arbiy qismida Sudan chegarasiga 7 km yetmasdan Ko‘k Nilning suvini to‘sgan. To‘g‘ondan 800 km quyi qismida Ko‘k Nil Oq Nil bilan qo‘shiladi va yerda Sudan poytaxti Xartum joylashgan.

Hidase suv ombori to‘g‘oni qurilishi. Foto: Tiksa Negeri / REUTERS

«Hidase» amhar tilida «yangilanish» ma'nosini beradi. Stansiyaning ikkinchi nomi ham bor «Tayhige» — «Efiopiyaning buyuk qayta tug‘ilishi to‘g‘oni» rasmiy nomining abbreviaturasi. GES chindanam mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishini jadallashtirishi mumkin.

Uning quvvati 6450 MVt bo‘lib, Efiopiyaning ayni damdagi jami elektr stansiyalari quvvatidan bir yarim baravar ko‘proq.

«Hidase» sharofati bilan mamlakat elektr energiyasi taqchilligidan butunlay xalos bo‘lishi ko‘zlangan — ayni paytda 100 million nufusga ega Efiopiyaning 65 foiz aholisi kechasi chiroqsiz o‘tiribdi. Yomg‘irlar mavsumida GES ortiqcha elektr energiyasi ishlab chiqaradi va uni Efiopiya qo‘shni davlatlarga eksport qilmoqchi.

To‘g‘on 74 ⁠km³ hajmli suv omborini hosil qiladi, u yerda 7 ming tonnagacha baliq yetishtirish mumkin, dalalar uchun suv tanqisligini esa endi unutaversa bo‘ladi.

Bundan tashqari, efiopiyalik mulozimlar «Hidase» milliy birlik timsoliga aylanishi va ko‘plab etnik va diniy qarama-qarshiliklarga chek qo‘yilishiga ham ishonishmoqda.

To‘g‘on Efiopiyaga 5 milliard AQSh dollarga tushgan, ularning katta qismini hukumatdan maqsadli qarz obligatsiyalarini xarid qilgan oddiy efiopiyaliklar to‘lashgan (Tojikistondagi «Rog‘un» GESi sahmiyalari kabi — tahr.).

Quriyotgan Misr

Misr tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy «Hidase»ni butun mamlakat uchun «uzoq muddatli tahdid» deb atagan. Albatta, to‘g‘on Misr hududiga yetib borayotgan suvning miqdorini kamaytirmay qolmaydi. Mamlakat o‘zi ishlatadigan suvning 90 foizini Nildan oladi — o‘zi shundoq ham dam-badam ro‘y berib turgan qurg‘oqchiliklar va suv ta'minotidagi uzilishlar misrliklarning qishloq xo‘jaligi va kundalik hayotiga ziyon yetkazib turibdi.

Misrda suvsizlikdan qaqlay boshlagan fermer dalasi.

Misr iqtisodiyotiga yetkaziladigan ziyon to‘g‘on ortidagi suv ombori qancha muddatda to‘lishiga bog‘liq. Uning hajmi Ko‘k Nilning shu nuqtadan bir yarim yilda oqib o‘tadigan suv hajmiga qariyb teng.

«Al-Jaziyra» telekanali ekspertlarining fikricha, agar suv ombori 10 yilda to‘lsa, Misrning Nildan olishi mumkin bo‘lgan suv hajmi 14 foizga qisqaradi va mamlakat o‘z unumdor yerlarining 18 foizidan foydalana olmay qoladi. Agar suv ombori 7 yilda to‘lsa, Misr dalalarining uchdan bir qismidan ayriladi. Nazariy jihatdan, Efiopiya bu vazifani uch yilda ham bajarishi mumkin. Efiopiya hukumati shu yil oxirigacha suv ombori 10 foizga, 2021 yilning so‘ngiga borib esa 23 foizga to‘lishini va'da qilmoqda.

Vaziyatni yechilmaydigan, deb atab bo‘lmaydi. Misrda Asuan to‘g‘oni ham bor bo‘lib, undan hosil bo‘lgan Nosir ko‘li (Asuan suv ombori) «Hidase»dan ikki barobar katta. Uning yordamida Misr bir necha yil mobaynida suvning o‘tkir tanqisligini ham osongina qoplay oladi. Lekin bu holda mamlakat elektr energiyasining 15 foizini ishlab chiqarayotgan Asuan GESining quvvatlarini qurbon qilishga to‘g‘ri keladi. Agar Habashiston Misrning xarajatlarini minimallashtirib, ortiqcha elektr energiyasini tekin yoki arzon narxda berganida bu o‘zini oqlagan qurbonlik bo‘lar edi.

Misrdagi Nosir ko‘li — Asuan suv ombori. Foto: Florentina Georgescu / Getty Images

Yana bir muammo — Misr aholisi soni shiddat bilan ko‘payib borayotganidir. Hozir Misrda 98 million kishi yashaydi va aholi soni yiliga 2 milliondan ko‘paymoqda. Ba'zi baholashlarga ko‘ra, 2025 yilga borib mamlakatda suv tanqisligi hech bir to‘g‘onsiz ham o‘tkirlashadi.

Jangovar Nil diplomatiyasi

Afrikaning shimoli-sharqida yashayotgan davlatlar Nil suvini qanday taqsimlashi kerakligi haqidagi masala ular mustaqillikka erishganidan buyon murakkab diplomatik bahslarning bosh mavzusi bo‘lib kelmoqda. 1929 yilda de-yure mustaqil bo‘lgan Misrga homiylik qilishda davom etgan britaniyaliklar Misr qiroli bilan shartnoma tuzishadi va unga ko‘ra Qohiraning butun Nil suviga «tabiiy va tarixiy haqi» qayd etiladi, mamlakat hukumatiga esa oqim yuqorisidagi loyihalarning barchasiga veto qo‘yishga eksklyuziv imkoniyat beriladi.

1959 yilda Misr bu huquqini Sudan bilan bo‘lishadi, biroq veto huquqini o‘zida saqlab qoladi hamda Nil bo‘yidagi boshqa davlatlarning manfaatlariga ko‘z yumadi. Efiopiya doimo Misrning Nilga bo‘lgan eksklyuziv huquqini savol ostiga olib kelgan, biroq natijasiz. 1978 yilda Efiopiya rahbari Mengistu Hayle Maryam Ko‘k Nilda to‘g‘on qurishga harakat qilgan, lekin Misr prezidenti Anvar as-Sadat tomonidan to‘xtatilgan — u «misrliklar o‘z zaminida suvga tashnalikdan o‘lgandan ko‘ra, Efiopiya tuprog‘ida qahramonlarcha o‘lishga tayyorligi»ni aytgan.

Misrning 1970-1981 yillar oralig‘idagi prezidenti Anvar as-Sadat

Misr hukumati xalqaro huquq nuqtayi nazaridan to‘g‘on qurish mumkin emasligi haqida gapirar ekan, aynan o‘sha 1959 yilgi bitimga tayanadi.

Efiopiya hukumati misrliklarning vajini inkor etar ekan, kelishuv adolatsiz bo‘lganini ta'kidlashadi — to‘g‘on bo‘yicha diplomatik jarayonlarda ishtirok etayotgan Efiopiya TIV xodimi Zerihun Abibe uni «mustamlakachilik sarqiti», Misrning Ko‘k Nil suviga eksklyuziv huquqini esa «mustamlakachilik imtiyozi» deb ataydi. Dalillar adolatli — Ko‘k Nilning Nil daryosining 80 foiz suvini yetkazadi, o‘zi esa Efiopiyadagi kichik daryo va ko‘llardan hosil bo‘ladi; misrliklar chindan ham Efiopiyaning suvidan ichishadi va dalalarini sug‘orishadi.

Qohira va Xartumning e'tirozlari ham asoslidek ko‘rinadi. Sudanda suvsiz cho‘llar mamlakat hududining 50 foizini, Misrda esa 94 foizini tashkil etadi, Efiopiya esa kichik va katta daryolar basseyniga ega, shu sababli, ayrim sharqiy hududlari hisobga olinmasa, toza chuchuk suv bilan ajoyib ta'minlangan.

Misr va Sudan yetakchilari xalqaro muhokamadan o‘tmagan loyihani nayza bilan kutib olishdi. 2010 yilda — Efiopiya to‘g‘on qurishga endi kirishgan chog‘da Sudan prezidenti Umar al-Bashir misrliklarga mamlakat hududida kichikroq aviabaza qurishga ruxsat berdi. Misrliklar u yerdan uchoq uchirib, to‘g‘onga bomba yog‘dirishi va Efiopiyaga qo‘poruvchilar jo‘natishi mumkin edi. Biroq oradan bir yil o‘tib Misrda mashhur inqilob boshlanib qoldi va mamlakat xaos ichida qolib, uch yil diplomatik o‘yinlardan mahrum bo‘ldi. Paytdan foydalanib, Efiopiya to‘g‘onni hech qanday to‘siqlarsiz ko‘tara boshladi.

2014 yilda Misrga hokimiyat boshiga dunyoviy harbiy diktator Abdulfattoh as-Sisiy keldi. U mo‘'tadil pozitsiya tanladi — Efiopiyaning to‘g‘on qurishga bo‘lgan huquqini tan oldi, biroq Addis-Abebadan Misrda qurg‘oqchilik ro‘y beradigan bo‘lsa Ko‘k Nildan suv olishni bas qilib turish uchun yuridik kafolatlar berishni talab qildi. Bunday murosa pozitsiyasi Efiopiya rahbarlarini qoniqtirmadi — ular goh talablarni suverenitet buzilishi, deya rad etishadi, goh Qohiraga mujmal va'dalar berishadi.

Sudan rahbariyati ham to‘g‘onga to‘liq qarshi turish g‘oyasidan voz kechib qo‘ya qoldi — mamlakat Ko‘k Nil suviga Misrchalik zor emas, shu sababli hukumat «Hidase»dan foyda ko‘zlamoqda — u mamlakatni kutilmagan suv toshqinlaridan himoya qilibgina qolmasdan, arzon elektr energiyasi bilan ta'minlashi ham mumkin.

Sudan suveren kengashi raisi, general leyteneat Abdulfattoh al-Burhon va Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad. 2019 yil. Foto: AFP

2015 yilda uch mamlakat vakillari «Nil suvidan teng va o‘zaro foydalanish haqida» deklaratsiya imzolashdi. Biroq hujjatda hech qanday texnik detallar tilga olinmagan, strategik istiqbolda u navbatdagi diplomatik xurjun bo‘ldi-qoldi. Oradan bir necha yil o‘tgach, Efiopiya deklaratsiyada qayd etilgan infratuzilma loyihalarining mustaqil ekologik ekspertizadan o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvlardan bosh tortib qo‘yaqoladi.

2018 yilda vaziyatning yangicha keskinlashuvi ro‘y berdi — Efiopiya misrlik harbiylarni mamlakatda vaziyatni izdan chiqarish hamda qurilishga xalaqit berishni maqsad qilgan eritreyalik isyonchilarga harbiy yordam berishda ayblab chiqdi. O‘sha yili «Hidase»ning bosh muhandisi Simgenev Bikele sirli ravishda o‘ldirildi, buni ham Misr gapga ko‘nmaydigan Addis-Abebadan qasd oldi, deb tushuntirganlar bo‘ldi.

2019 yilda mamlakatlar AQSh va Jahon banki vositachiligida muzokaralarning yangi bosqichini boshlashdi.

Misr muzokarachilari AQSh moliya vazirligi qo‘llovida ishlab chiqqan kelishuvga ko‘ra, «Hidase»ning uch mamlakat uchun ham ziyon minimallashadigan qilib to‘ldirilishi va undan foydalanish qoidalari aniq qilib yozib qo‘yilgan. Msirning bosh talabi — mamlakat hududida qurg‘oqchilik ro‘y bersa, yetarli miqdorda suv olish kafolati bo‘ldi.

Bitimni Sudan vakillari ham imzolashdi, biroq Efiopiya bosh vaziri, 2019 yilda Efiopiya va Eritreya o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilgani uchun Nobel mukofoti olgan Abiy Ahmed Qohiraning takliflarini qabul qilishni istamadi va muzokaralardan chiqdi.

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy va Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmed. Foto: EPA

Joriy yilning aprelida Abiy Ahmed suv ombori to‘ldirilishi qo‘shnilarning roziligisiz iyul oyida boshlanishini e'lon qildi. Bu Misrga BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilish uchun sabab yaratdi, ular Addis-Abebani xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid yaratayotganlikda ayblashdi. Xavfsizlik Kengashining shoshilinch sammitida Misr TIV rahbari Shukriy agar xalqaro hamjamiyat qo‘shilmasa vaziyat harbiy mojaro bilan tugashiga shama qildi.

7 iyul kuni Abiy mamlakat parlamentida agar Efiopiya suv omborini hozir to‘ldirishni boshlamas ekan, bu uning buzib tashlanishi bilan teng bo‘lishini aytib o‘tdi. Shundan bir hafta o‘tar-o‘tmas Sudan va Misr gidrologlari Nil sathi pasayganini qayd etishdi. Efiopiya suv ombor to‘ldirilayotganini tan oldi, biroq buni uzoq vaqtdan buyon yog‘ayotgan yomg‘irlar bilan tushuntirdi.

Bu orada uch mamlakat vakillari yana muzokaralar stoliga o‘tirishdi — bu safar Afrika ittifoqi va JAR prezidenti Siril Ramafosa ko‘magida. As-Sisiy va Abiy «umumiy murosaga kelingani» haqida umid uyg‘otuvchi, lekin nihoyatda mujmal bayonotlar bilan chiqish qilishdi, biroq texnik ikir-chikirlarni oshkor etishmadi. Demak, muzokaralar yana hech vaqo bilan tugashi ehtimoli saqlanib turibdi.

Mavzuga oid