Jahon | 21:30 / 26.07.2020
48435
10 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Yevropa yangi cheklovlar joriy etdi, KXDR xavotirda

Yakshanba kuni butun dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 16 milliondan oshdi; Germaniyada va Fransiyada kasallanish holatlari soni yana o‘sdi, Shimoliy Koreyada esa janubdan kelgan qochqinda kasallik aniqlandi. 

Foto: AFP

Britaniya infeksiya kirib kelishidan xavotirda

Britaniya hukumati Ispaniyada kasallar soni keskin o‘sishiga tezkor reaksiya qildi, yakshanba kuni hukumat rasmiylari Ispaniyadan (Balear va Kanar orollaridan ham) keluvchilar uchun 14 kunlik o‘zini yakkalash tartibini qayta joriy etishdi.

Bu qoida nafaqat Angliya va Uels uchun, balki Shotlandiya va Shimoliy Irlandiya uchun ham taalluqli bo‘ladi. 

Yangi choralar Britaniya turoperatorlari va aviakompaniyalarining tanqidlariga sabab bo‘ldi. Xususan, British Airways cheklovlar «minglab britaniyaliklarning ta'til rejalarini chippakka chiqarishini» aytdi. 

Britaniya turoperatorlari assotsiatsiyasi (Abta) vakili «Britaniyadagi ichki va tashqi turizmdagi vaziyat yanada yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun» choralarni bekor qilinishiga yoki qisman yumshatilishiga umid qilishini aytdi.

Avvalroq, Ispaniya rasmiylari Covid-19 koronavirusining tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar ko‘rilishini e'lon qilgandi.

Britaniyadagi Tui turoperatori 9 avgustgacha Ispaniyaga yo‘llanmalar sotishni to‘xtatgan. Bu ushbu mamlakatda juma kuni infeksiya yana avj olgani bilan bog‘liq - bir kunda bu yerda 900dan ortiq yangi holat qayd etilgandi.

El Pais nashri xabariga ko‘ra, Ispaniyaning 52 provinsiyasidan kamida 30tasida kasallanish holatlari soni o‘sgan. Karantin cheklovlari bekor qilinganidan bir oy vaqt o‘tib Barselona, Madrid va Saragosa hududlarida bemorlar soni keskin oshgan.

Ispaniyada ikkinchi to‘lqinmi?

Barselonada kasallik yana avj oldi / EPA

Agar iyun oyida Ispaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi har kuni 250ga yaqin yangi holatlarni qayd etgan bo‘lsa, so‘nggi haftada bunday holatlar soni kuniga 1,5 mingga yaqin tashkil etmoqda.

Our World in Data ma'lumotlar portalida e'lon qilingan tadqiqotda aytilishicha, iyun oyida mamlakatda Covid-19'ni aniqlash uchun o‘tkazilgan PZR testlarining atigi 1 foizi musbat natijani ko‘rsatgan, iyul oyidagi ko‘rsatkichda esa ular 2,6 foizgacha ko‘tarilgan.

Kataloniya ma'murlari kelgusi ikki hafta davomida mintaqadagi barcha tungi klublar va barlar yopilishini e'lon qilishdi. Barselonada plyajlarga tashriflarga cheklovlar qo‘yildi, madaniy va sport tadbirlari bekor qilindi, 10 kishidan ko‘p inson yig‘ilishi taqiqlandi.

Andalusiyada ham tungi klublarga cheklovlar qo‘yildi, mamlakatning ko‘plab viloyatlarida niqob taqish yana majburiy bo‘ldi.

BBC muxbiri xabar berishicha, hukumat yoshlar orasida kasallik avj olishidan xavotirlanmoqda, karantin yumshatilgach yoshlar yana tungi klublarga ommaviy ravishda tashrif buyurishni boshlagandi.

Epidemiolog Daniel Lopes-Akuna bu yoshlar oila a'zolariga, xususan keksa yoshli kishilarga virus yuqtirishidan xavotirlarini bildirgan.

Yevropa xavotirda

Ispaniyadagi vaziyat Yevropaning boshqa mamlakatlarida xavotirlarni kuchaytirdi. Buyuk Britaniyadan tashqari, Norvegiya ushbu mamlakatdan tashrif buyuruvchilar uchun karantin joriy etdi, Fransiya hukumati fuqarolarga Kataloniyaga tashrif buyurmaslikni maslahat berdi. 

Belgiya esa o‘z fuqarolariga Ispaniyaning Ueska va Leyda shaharlariga borishni taqiqlab qo‘ydi, shuningdek, mamlakatning boshqa viloyatlariga tashrifdan tiyilish tavsiya qilingan. 

Britaniya TIV fuqarolariga Ispaniyaga borishdan tiyilishni tavsiya qilmoqda. Ispaniyadagi britaniyaliklardan karantin qoidalariga rioya qilish so‘ralgan.

Fransiyada shanba kuni yangi kasallanish holatlari soni qatorasiga ikkinchi kun mingdan ortiq bo‘lgani xabar qilindi - bu karantin yechilishidan oldingi holatga - may oyidagi holatga qaytilishidir. 

Shu munosabat bilan, mamlakat bosh vaziri Jan Kasteks epidemiologik vaziyat og‘ir bo‘lgan 16 mamlakatdan qaytuvchi har bir shaxs koronavirusga tahlildan o‘tishi majburiyligini ma'lum qildi.

Yevropaning boshqa mamlakatlarida ahvol qanday?

Germaniyada juma va shanba kunlari mos ravishda 815 va 781tadan yangi holatlar qayd etildi - bu may oyidan buyon eng yuqori o‘sish holatlaridir.

Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligi vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlardan, jumladan, AQSh, Braziliya va Turkiya kabi davlatlarda ta'tilda bo‘lib qaytgan barcha fuqarolar majburiy koronavirus testi topshirishi mumkinligini ma'lum qildi. 

Dushanba kunidan boshlab Avstriya ham  noqulay epidemiologik vaziyatga ega bo‘lgan mamlakatlardan tashrif buyuruvchilar uchun kirish qoidalarini qat'iylashtiradi: 32 davlatdan keluvchilar koronavirus uchun manfiy PZR testi natijasini taqdim etishlari kerak. 

Belgiya Milliy xavfsizlik kengashi cheklovlar bekor qilinishining beshinchi bosqichini keyinga qoldirdi, shuningdek, tibbiy niqob taqish majburiy bo‘ldi.

Italiya Ruminiya va Bolgariyadan keluvchilar uchun karantin joriy etdi.

Erondagi vaziyat

Eronda barcha bozorlar va savdo markazlari aprel oyida ochilgandi / REUTERS

Yakshanba kuni Eronda yana 2333ta yangi holat qayd etildi, shuningdek, 216 o‘lim holati tasdiqlandi; jami holatlar soni 291 ming 172taga, jami o‘lim holatlari soni 15,7 mingtaga yetdi.

Aprel oyida mamlakatda karantin yumshatilgan, masjidlar va savdo markazlari ochilgandi, ammo hozirda hukumat ommaviy tadbirlarni chekladi va aholini jamoat transportida hamda ko‘pchilik to‘planadigan joylarda niqob taqishga chaqirmoqda.

AQShda yanada ko‘proq o‘lim

So‘nggi uch kunda dunyoda har kuni yangi holatlar soni 280 mingtaga ortishda davom etyapti.

Ushbu global statistikadagi taxminan har to‘rtinchi holat AQShga to‘g‘ri keladi. Texas shtatidagi Starr Country kasalxonasida shifokorlar birinchi bo‘lib qaysi kasalni qutqarishi kerakligini hal qiluvchi «o‘lim komissiyasi» tuzildi. 

Meksikaning Lacero Kardenas shahridagi ArcelorMittal po‘lat fabrikasida 21 ishchi Covid-19 tufayli vafot etdi. Po‘lat quyuvchi ishchilar uyushmasi ma'lumotlariga ko‘ra, ular orasida xodimlar, vaqtinchalik ishchilar va yetkazib beruvchilar bor. Zavodda umumiy hisobda 7 mingdan ortiq ishchi ishlaydi. 

Meksikada Covid-19’dan o‘lim darajasi eng yuqori ko‘rsatkichlaridan biri qayd etildi: 43,5 ming kishi. Umumiy hisobda tasdiqlangan holatlarning umumiy soni 385 ming kishidan oshgan. 

KXDRda birinchi holat
Shimoliy Koreya «mamlakatda koronavirusga gumon qilingan birinchi holat» haqida xabar berdi. KCNA agentligining xabar berishicha, ushbu kasallik aniqlangan shaxs uch yil oldin Janubiy Koreyaga qochib ketgan, ammo o‘tgan haftada demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tib, vataniga qaytgan. 

KXDR rahbari shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi AFP/GETTY

Mamlakat rahbari Kim Chen In shu kuni vazirlar mahkamasi a'zolari bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi va chegaradagi Keson shahrida karantin choralarini joriy etdi.

KXDR hukumati bungacha mamlakat hududida Covid-19 yo‘qligini bildirgan, lekin tahlilchilar mamlakatga virus kirib kelganiga ancha vaqt bo‘lgan degan fikrda. 

KCNA'ning qo‘shimcha qilishicha, Kim Chen In ushbu qochoqning qattiq qo‘riqlanuvchi chegarani qanday kesib o‘tganini tekshirishni buyurgan va aybdorlar qattiq jazoga tortilishidan ogohlantirgan. 

Shu bilan birga, Janubiy Koreya tomoni so‘nggi kunlarda chegarani noqonuniy kesib o‘tish holatlari haqida birorta ham xabar bermagan.

Janubiy Koreya: rossiyalik dengizchilar kasallandi

Janubiy Koreyada modalar namoyishi o‘tkazildi, unda dizaynerlar o‘ziga xos niqobni taqdim etishdi

Janubiy Koreyada so‘nggi ikki kunda 113 va 58tadan yangi holatlar qayd etildi - juma kuni so‘nggi uch oydagi eng yuqori kunlik o‘sish kuzatilgan. Yangi holatlarning aksari - «tashqaridan», 113 holatdan faqat 27tasi so‘nggi haftalarda xorijda bo‘lmagan.

Pusanda turgan rossiyaliklarning baliq ovlovchi «Pyotr Birinchi» kemasidagi 23 dengizchi Covid-19 yuqtirgan.

Rossiyaning Janubiy Koreyadagi konsulxonasi rossiyalik dengizchilar shifoxonaga yotqizilishini ma'lum qildi. Shuningdek, ushbu kemani ta'mirlashda ishtirok etgan janubiy koreyalik ishchida ham koronavirus testi musbat natija bergan.

Yakunlangan haftada Iroqdan Janubiy Koreyaning 293 fuqarosi vatanga qaytgan. Ularning ko‘pchiligida Covid-19 tasdiqlangan.

Rossiya: tuzalganlar soni 600 mingdan oshdi

Rossiyada so‘nggi bir kunda yana 5765 holat qayd etildi, bu esa aprel oyidan buyon eng past kunlik o‘sishdir.

Jami holatlar soni 812 485taga yetgan.

So‘nggi kunda mamlakatning 83 regionida yangi holatlar aniqlangan. Moskvada 683, Sverdlovsk oblastida - 241, Xanti-Mansiysk avtonom okrugida - 192, Ijyegorodsk oblastida - 177, Sankt-Peterburgda 175, Krasnoyarsk o‘lkasida - 175 holat qayd etilgan.

So‘nggi bir kunda 77 kishi koronavirus qurboni bo‘lgan va jami o‘lim holatlari soni 13 ming 269taga yetgan.

Shuningdek, 3 110 bemor tuzalib, pandemiya davrida kasallikdan sog‘ayganlar soni - 600 ming 250 nafarga yetgan.

Dunyo bo‘ylab virus tarqalishi davom etmoqda
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolayotganidan ogohlantirmoqda. 

Tashvishli vaziyat ayniqsa Hindistonda rivojlanmoqda, u yerda 1,3 millionta shikastlanish holatlari qayd etilgan bo‘lib, 100 mingtasi so‘nggi ikki kunga to‘g‘ri keladi. 

Epidemiologlar, shuningdek, pandemiya susaymagan AQSh va Braziliyadagi vaziyatdan xavotirda.

Pandemiya Afrika mamlakatlarida ham tobora kuchayib bormoqda: eng yomon holat Janubiy Afrikada bo‘lib, u yerda 420 mingdan ortiq zararlanish holatlari qayd etilgan. Bundan tashqari, JSST ma'lumotlariga ko‘ra, qit'ada epidemiya tarqalishi boshlanganidan beri 10 mingga yaqin tibbiyot xodimlari koronavirus bilan kasallangan. 

Mavzuga oid