Prezident Sanitariya-epidemiologiya xizmatining asosiy vazifalarini belgilab berdi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari qabul qilindi.
Prezident “O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining (Sanitariya-epidemiologiya xizmati) asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:
sanitariya-epidemiologiya sohasida potensial xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, respublika hududidagi yuqumli kasalliklar tabiiy o‘choqlari ustidan epidemiologik monitoring va epidemiyaga qarshi profilaktik tadbirlar majmuini amalga oshirish;
sanitariya-gigiyena, radiatsion gigiyena, fizik omillar, bakteriologiya, virusologiya, parazitologiya va o‘ta xavfli kasalliklar tashxisi bo‘yicha laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
inson salomatligiga ta'sir etuvchi xavfli omillarni boshqarish, tizimli monitoringini olib borish va tahlil qilishning yangi shakl va usullarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish;
jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish, mazkur yo‘nalishda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar amalga oshirish, bu boradagi ilmiy izlanishlarni muvofiqlashtirish, soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va ular bilan hamkorlik qilish, oziq-ovqat xomashyosi va iste'mol mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish faoliyati ustidan belgilangan tartibda nazorat qilish;
sohaga oid davlat va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, mahsulot, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga qo‘yiladigan majburiy talablarga taalluqliligi bo‘yicha maxsus ekspertizalar tayinlash va o‘tkazish;
sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish va tibbiy profilaktika bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda ularning amalga oshirilishini ta'minlash;
davlat va idoraviy tibbiyot statistikasini yuritish, to‘plash, tahlil qilishiga uslubiy rahbarlik qilish, aholi salomatligiga salbiy ta'sir qiluvchi omillarni aniqlash maqsadida zarur tekshirishlar va so‘rovlar o‘tkazish;
xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi ustidan davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish va qonunbuzilish holatlari aniqlanganda qonunchilikda belgilangan choralarni qo‘llash.
Belgilanishicha, Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning tizimidagi tashkilotlar o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash;
yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan tibbiy-sanitariya chora-tadbirlarini amalga oshirish;
inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishi yoxud texnogen yoki tabiiy xususiyatga ega halokat sodir bo‘lishi real xavfi vujudga kelganda mulkchilik shaklidan qat'iy nazar obektlarda tekshirishlar o‘tkazish;
sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari buzilganligi aniqlangan holatlarda litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish masalalarini hal qilish yuzasidan tegishli organlar va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish;
yuridik va jismoniy shaxslarga nazorat obektidagi huquqbuzarliklarni bartaraf qilish uchun mos ravishda, ammo oltmish kundan ortiq bo‘lmagan muddatni belgilagan holda, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini laboratoriya-instrumental usulini qo‘llagan holda o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatgacha tekshiruvdan o‘tkazish hamda tekshiruvdan o‘tkazishga beg‘araz ekspert yoki mutaxassis sifatida laboratoriya xodimlarini jalb qilish;
favqulodda vaziyatlarda, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelganda, ommaviy zaharlanish va guruhli kasalliklar qayd etilganda (davolash muassasasi xabari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari va boshqa hollarda) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish;
budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan Sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyatiga shartnoma asosida qo‘shimcha xodimlar jalb qilish.
Belgilab qo‘yilishicha:
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati, hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlari xodimlarining umumiy cheklangan soni 17 554 nafar etib belgilanadi;
Sanitariya-epidemiologiya xizmati aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun javobgar bo‘lgan vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
Sanitariya-epidemiologiya xizmati Sog‘liqni saqlash vazirligining tarkibiga kiradi, Sanitariya-epidemiologiya xizmatining boshlig‘i bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari hamda Bosh davlat sanitariya vrachi hisoblanadi;
tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari o‘z faoliyatida tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari esa — Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga bevosita bo‘ysunadilar va ularning oldida hisobdordir;
Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalari o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradilar;
Sanitariya-epidemiologiya xizmati boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, uning o‘rinbosarlari esa sog‘liqni saqlash vazirining taqdimnomasiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning L.M. Isayev nomidagi filiali Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tadqiqot instituti hamda L.M. Isayev nomidagi tibbiy parazitologiya ilmiy-tadqiqot instituti negizida tashkil etiladi;
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barcha davlat yuqumli kasalliklar shifoxonalari va dispanserlari hamda davlat tibbiyot tashkilotlarining yuqumli kasalliklar bo‘linmalari faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti yuridik shaxs maqomi saqlangan holda — Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tashkiliy tuzilmasiga kiradi;
Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori bir vaqtning o‘zida Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining birinchi o‘rinbosari hisoblanadi;
L.M. Isayev nomidagi tibbiy parazitologiya ilmiy-tadqiqot institutining klinikasi yuridik shaxs maqomi saqlangan holda — Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining L.M. Isayev nomidagi filialining tashkiliy tuzilmasiga kiradi;
Milliy referens laboratoriya Laboratoriya kompleksi negizida tashkil qilinadi. Bunda, uni moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi va u respublika hududidagi barcha sanitariya-gigiyena, radiologiya, toksikologiya, bakteriologiya, parazitologiya hamda virusologiya laboratoriyalari natijalarini muvofiqlashtiradi va ularga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatadi.
Quyidagilar:
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida yuridik maqomiga ega bo‘lmagan Biologik xavfsizlik markazi hamda Gen texnologiyalari markazi;
Sanitariya-epidemiologiya xizmati markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalarida tegishlicha Sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlari tahlili va istiqbolni belgilash markazi va uning bo‘linmalari tashkil qilinadi.
Belgilanishicha:
sog‘liqni saqlash tizimi hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlarining tarkibiga kiruvchi tibbiyot va yordamchi tashkilotlardagi tibbiy statistika ma'lumotlarini to‘plash, umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek, aholi sog‘lig‘ining holatiga va kasalliklar tarqalishiga ta'sir qiluvchi tendensiyalar va qonuniyatlarni aniqlash Sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlari tahlili va istiqbolni belgilash markazining asosiy vazifalari hisoblanadi;
idoraviy mansubligidan qat'i nazar barcha davlat tibbiyot va yordamchi tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan muddatlar va shakllarda sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlariga oid ma'lumotlarni Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalariga taqdim etib boradi.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlari tahlili va istiqbolni belgilash markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qiladi.
Mavzuga oid
11:18 / 27.11.2024
Milliy simfonik orkestri xodimlari maoshi oshiriladi
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
07:16 / 20.08.2024
Sanoatni boshqarishning vertikal tizimi joriy etiladi
07:40 / 17.08.2024