O‘zbekiston | 16:34 / 01.08.2020
21218
2 daqiqa o‘qiladi

Bir martalik moddiy yordamni tarqatish tartibi haqida ma'lumot berildi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Ahror G‘ulomov «temir daftar»ga kiritilgan oilalarni bir martalik pul tarqatish yo‘li bilan moddiy qo‘llab-quvvatlash tartibi haqida ma'lumot berdi.

Foto: Telegram /Paytaxt_City

«Barcha sektor va mahallalarda shtablar tuziladi. Tuman va shaharlardagi 4ta sektor rahbarlari o‘zlarining shtab a'zolari va mahalla raislari bilan birga har bir mahalla kesimida «temir daftar»ga kiritilgan muhtoj oilalarning haqqoniy ro‘yxatini yana bir bor qayta ko‘rib chiqadi. Karantin vaqtida haqiqatan muhtojlarning ro‘yxatini shakllantiradi.

To‘lovlarni amalga oshirish uchun mahallalar kesimida mablag‘ tarqatiladigan kun, soati va joyi aniq ko‘rsatilgan holda grafiklar tasdiqlanadi. To‘rtta sektor rahbari tomonidan oluvchilarni xabardor qilish uchun grafiklar mahallalar va tijorat banklariga yetkazib beriladi.

Mahalla raisi va sektor rahbarlarining ishchi guruhi uyma-uy yurish va telefon orqali har bir oluvchiga moddiy yordam beriladigan vaqt va joyi to‘g‘risida shaxsan xabardor qiladi. Tijorat banklari mablag‘larni o‘z muddatida to‘lash uchun grafik asosida xodim va transport vositasi ajratadi.

Mablag‘lar belgilangan vaqt va joylarda to‘lov vedomostlariga asosan naqd pulda har bir moddiy yordam oluvchiga pasport asosida to‘lab beriladi», – dedi Ahror G‘ulomov 1 iyul kuni AOKAdagi brifingda.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan, «temir daftar»ga kiritilgan va a'zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilaga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan.

Mavzuga oid