O‘zbekiston | 16:34 / 13.08.2020
9850
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek ixtirochilari yopiq binolarda havoni viruslardan tozalovchi qurilma ustida ishlamoqda

Koronavirusni ham o‘ldiruvchi bu qurilma bir nechta sinovlardan o‘tkazilmoqda. Hozir ixtiro ro‘yxatdan o‘tkazilgan va patent olish uchun hujjatlar topshirilgan.

Biz ixtiro mualliflaridan biri – Toshkent shahri Chilonzor tumani SEOM muhandisi Olimjon Yusupov bilan suhbatlashdik.

– Olimjon aka, qurilmaning ish prinsipi haqida so‘zlab bersangiz.

– Mazkur qurilmamiz yopiq inshootlar havosidagi turli mikroorganizmlar va viruslarni zararsizlantiruvchi universal qurilma hisoblanadi. Ayni paytdagi ahamiyati shundaki, u koronavirusga qarshi ham samarali ta'sir ko‘rsatadi.

Bundan tashqari:

– xavfli patogen viruslar, mikroblar, enterobakteriyalar, stafilokokklar, mog‘or va boshqa turdagi biologik va infeksion xarakterdagi mikroorganizmlarni qiradi;

– kimyoviy birikmalar: ammiak, dori va dezinfeksiyalovchi vositalar, fenol, formaldegid, atsetonli birikmalar (tutun), azot oksidlari va boshqa organik asosli moddalarni tutib qoladi;

– Havoni kimyoviy, biologik, mexanik jarayonlardan chiqqan hidlardan, chang, aerozollar, zamburug‘lardan tozalaydi.

Ish prinsipi eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan va havoni xavfsiz tarzda tozalaydi. Mexanik, elektrostatik, fotokatalitik va xemosorbsion universal filtrlar yuqori samaradorlikni ta'minlaydi.

– Bu qurilmadan qayerlarda foydalanish mo‘ljallangan?

– Uning qo‘llanish doirasi juda keng. Shifoxonalar qabulxonalarida, palatalarda, yo‘laklarda va umuman kasallik tarqalishi mumkin bo‘lgan, odamlar gavjum bo‘ladigan barcha binolarda foydalanish mumkin.

Faol filtrlarda barcha patogen mikroorganizmlar tutib qolinadi va o‘ldiriladi. Bu zararli mikrofloraning xonalar ichida tarqalishining oldini oladi. Muhimi, qurilma foydalanishga qulay va portativ. Bemalol ko‘tarib yurib, kerakli joyga o‘rnatib ishlatilaveradi. Alohida qo‘llanmalarga hojat yo‘q.

Ayni paytda qurilmamiz bir bankda, tez tibbiy yordam mashinasida, laboratoriyalar va qator idoralarda foydalanilyapti.

– Tadqiqotlar qachon va qanday sharoitda olib borilgan?

Joriy yilning 31 martida bu texnologiya steril bakteriologik laboratoriyada sinab ko‘rildi va 15 daqiqa davomida havoda suzib yurgan 80 mingdan ortiq bakteriya va mikroblar tutib qolindi.

2020 yilning 9 aprelida bu ko‘rsatkich 100 mingtaga chiqdi.

2020 yilning 20 aprelida Gematologiya ilmiy tekshirish instituti va virusologiya laboratoriyasida ijobiy natijalar olindi.

Bundan tashqari, qurilma orqali inaktivatsiya qilingan havo inson organizmiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi aniqlandi. Asab, qon aylanishi tizimi, nafas olish, moddalar almashinuvi, tana haroratiga ijobiy ta'siri o‘rganildi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid