Jamiyat | 13:18 / 15.08.2020
30635
8 daqiqa o‘qiladi

Aydar-Arnasoydagi baliqchilar muammosi: kim yolg‘on gapiryapti?

Pandemiya davrida qiyin ahvolda qolgan Arnasoydagi baliqchilar ish samaradorligi tushib ketayotganidan norozi bo‘lyapti. Ularning aytishicha, bunga hukumat belgilagan tartib sabab bo‘lgan.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi – Aydarko‘l, Tuzkon va Sharqiy Arnasoy ko‘llarini o‘z ichiga oladigan turg‘un ko‘llardan iborat. Qizilqum cho‘lining sharqida, Chordara suv omborining janubi-g‘arbida joylashgan.

Ko‘llar tizimini «Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi» DUK boshqaradi. Bosh prokuratura tuzilmasida maxsus tashkil etilgan boshqarma tizimni rivojlantirishda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qiladi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tuzilmasida tashkil etilgan tegishli bo‘lim esa tizim resurslaridan foydalanish sohasida iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashadi.

Kun.uz tahririyatiga murojaat yo‘llagan baliqchilar va tadbirkorlar aynan mana shu ko‘llardan ijaraga joy olib, baliqchilik bilan shug‘ullanishadi. Ularni qiynab kelayotgan masala esa bir turdagi baliq to‘ridan foydalanishga taqiq qo‘yilgani ekan.

Murojaatni o‘rganish davomida baliqchilarning shikoyati, viloyat ekologiya boshqarmasi vakillarining javobi hamda direksiya rahbariyatining izohi o‘zaro zid kelayotganiga guvoh bo‘ldik.

«Ushbu masala bo‘yicha uch marta monitoring tashkil qildik. Unda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya bo‘limi hamda Ekologiya boshqarmasi xodimlari ishtirok etdi. Tegishli xulosalar qilindi. Baliqchilarning shikoyati asosida mutasaddilarga murojaatlar qildik. Hozircha me'yoriy ishlab chiqilgan hujjatlardan tashqari tartibga yo‘l qo‘yilmasligi bildirilgan javob xatlari oldik», — dedi direksiya boshlig‘i o‘rinbosari Ilhom Bekmirzayev.

Mahalliy baliqchilar ko‘ldan ijaraga yer olgan tadbirkorlar bilan ishlaydi. Tadbirkorlar ularga ish qurollari, ust-bosh va yemak olib keladi. Hududda toza ichimlik suv ham bo‘lmagani tufayli, baliqchilar oilalari tadbirkorning himmatiga qattiq bog‘lanib qolgan. Tadbirkor esa o‘z navbatida ko‘proq daromad qilsagina ularga moddiy yordam ko‘rsatishi mumkin.

«Direksiya tashkil etilganda, tenderda qatnashib, 2 ming gektardan yerni ijaraga oldik. 2017 yilda 5,5 million so‘m ijara to‘lagan bo‘lsak, 2018 yili esa 58 million so‘m haq to‘landi. Bundan tashqari, yiliga 30 million so‘mlik chavoq (yosh baliqlar) suvga tashlandi. Joriy yilda 50 million so‘mga teng chavoq tashlanishi talab qilindi», — deydi tadbirkor Mahbuba G‘ulomova.

Tadbirkor Qobil Rahimovning aytishicha, soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan tashqari, baliqchiga qayiq, to‘r, yotoq uchun sharoit tayyorlab berish ham katta mablag‘ talab etadi.

«Bu pullarni qayerdan olamiz? O‘sha yerdan ishlab topishimiz kerak. Baliqchilar tutgan baliqqa qarab maosh oladi, biz undan ortgan puldan daromad qilamiz. Yildan yilga talab oshyapti, sharoit esa og‘irlashyapti. Bizga kerakli, baliq tutish uchun qulay leskali to‘rdan foydalanishga taqiq qo‘yilgan», — deydi u.

Leskali to‘rdan foydalanishni taqiqlovchi tartib 2014 yili hukumat qarori bilan belgilangan. Ammo o‘tgan 6 yil mobaynida mahalliy mutasaddi tashkilot vakillari tadbirkor va baliqchilarning bir maromda ishlashi uchun yo‘l qo‘yib bergani aytildi. 

«Ular biroz ko‘z yumib turardi. Biz ham ehtiyotkorona ishlardik. Inspeksiya va prokuratura o‘z ishini qilyapti. E'tirozim yo‘q. Ammo ishlayotgan tadbirkorlar 42 nafar qoldi, xolos. Biz kamayib boryapmiz. Monitoring o‘tkazishdi. Ruxsat etilgan ipli to‘rga baliq tushmayapti, biz istagan leskali to‘rga tushyapti. Demak, leskali to‘rga taqiq qo‘yish kerakmi?», — deya fikr bildirdi tadbirkor Ruslan Uzoqov.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yildagi tegishli qarori bilan, O‘zbekiston Respublikasi hududida leskali baliq tutish to‘rlarini saqlash va tayyorlash taqiqlangan. Hujjatga ko‘ra, bu bilan brakonerlikka qarshi kurash maqsad qilingan. Ammo Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi vakillariga ko‘ra, leskali to‘rdan foydalanmaslikka boshqa sabab turtki bo‘lgan.

«Leskali to‘rlar tabiiy sharoitda 20-30 yilgacha chirimaydi, ya'ni foydalanilgan leskali to‘rlar baliqchilik xo‘jaliklari yoki brokonerlar tomonidan suvga tashlab ketilganda, u suv ostida chirimaydi. Shu tufayli, baliqlar doimiy ravishda to‘rga ilinib, nobud bo‘lishi kuzatiladi», — deydi viloyat Ekologiya boshqarmasi vakili Tolib Normatov.

Ajablanarlisi, Ekologiya boshqarmasi vakillari ushbu masalada direksiya tomonidan baliqchilar shikoyatiga asoslangan murojaat kelib tushmaganini bildirdi.

Masaladan asosiy jabr ko‘rayotgan baliqchilarning yashash punktida bo‘lib, ular bilan muloqotda bo‘ldik. Haqiqatan, oqar suv ham mavjud bo‘lmagan sharoitda yashayotgan arnasoylik baliqchilar oilalari na tomorqa, na ekin bilan dehqonchilik qilish imkoniyatiga ega. Muntazam ichimlik suvi ta'minoti va gaz ham bo‘lmagandan keyin, odam shu sharoitga ham ko‘nib yashayotganidan badan seskanib ketadi. Ularning yorug‘lik tomoni birdan-bir yo‘li faqat baliqchilik hisoblanadi.

«Leskali to‘rdan 30-40tasini tayyorlab, baliq oviga chiqamiz. Kim shuni suvga tashlab ketadi? Baliqchi ipli to‘rni tashlab ketishi mumkin, chunki uning narxi ham arzon, sifati ham past. Leskali to‘r uchun ishlatiladigan xom-ashyoning 1 kilogrammi 20 dollar atrofida narxlanadi. Bu qimmatni kim tashlab ketadi?», — deydi baliqchilardan biri.

Mahalliy aholining aytishicha, inspeksiya xodimlari leskali to‘r bilan baliq tutayotgan baliqchini aniqlasa, har bir tutilgan baliq boshi uchun bir bazaviy hisoblash miqdorida (223 ming so‘m) jarima yozmoqda. Baliqchining qo‘lidagi 6-7 million so‘mlik to‘r esa yoqib yuboriladi.

«Masalan, bir to‘rdan 30 dona baliq chiqsa, 30 BHM (6 million 690 ming so‘m) jarima yozadi. Ba'zan baliq ko‘p bo‘lgani uchun, jarima ikki baravar ham yoziladi», — deya qo‘shimcha qildi baliqchi.

Ishsiz qolgan ayollarning aytishicha, bir necha marta hokimiyatdan tikuvchilik sexi tashkil qilib berish yo parrandachilik uchun kredit berishni so‘rab ommaviy murojaatlar qilingan. Hozircha ushbu so‘rovlardan ijobiy natija bo‘lmagan.

Qishloqda 50dan ortiq xo‘jalik, 300ga yaqin kishi yashaydi. Mikrofonsiz gapirgan baliqchilardan biri shu kunlarda yuz berayotgan vaziyatga alohida to‘xtaldi. Uning aytishicha, jarima miqdori juda baland bo‘lgani, iqtisodiy ziyon ko‘payib, ipli to‘rda ish qilib bo‘lmayotgani uchun inspeksiya xodimlari ma'lum bir «uzr» puli evaziga leskali to‘rdan foydalanishga ko‘z yumadi.

Biz bir murojaatni o‘rganib, Toshkentga qaytdik. Yuqorida aytganimizdek, hech kimning gapi bir-biriga tushmadi: direksiya murojaat qilyapmiz, deydi, ammo Ekologiya boshqarmasi buni bilmaydi. Hujjatda brokonerlikka qarshi kurash uchun leskali to‘r taqiqda, lekin u suv ostida chirimasligi uchun taqiqlangan, deyishadi. Baliqchilar esa uni tashlab ketmaymiz, o‘zlari tavsiya etganni esa tashlab ketamiz, deydi. Xullas, bitta qishloq, uning ortidan Aydar-Arnasoy baliqchiligi va tadbirkorlar shunday «koptok bo‘layotgan muammo» bilan yashab kelmoqda.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid