Jamiyat | 17:26 / 17.08.2020
5179
7 daqiqa o‘qiladi

Volontyorlik faoliyatini rivojlantirish zaruriyati: tahlil va tavsiyalar

Pandemiya mamlakatimizda volontyorlik rivojiga turtki bo‘lib, sohani qo‘llab-quvvatlash zarurati borligini ko‘rsatib berdi.

Pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab vaziyatda volontyorlar guruhlarining Yagona muvofiqlashtiruvchi markaz, «Xavfsiz yordam» aksiyasi, «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati, «Sardoba sari saxovat karvoni» kabi xayriya aksiyalaridagi faol ishtirokini e'tirof etish lozim.

2019 yil 2 dekabrdagi «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning amaliyotga tatbiq etilgani karantin sharoitida dolzarb ahamiyat kasb etdi. Qonunga muvofiq volontyorlik faoliyati – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bepul asosda amalga oshiriladigan, jamoat uchun foydali bo‘lgan ixtiyoriy faoliyat hisoblanadi.

Volontyorlik faoliyatini tashkil etishga qaratilgan fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ya'ni fuqarolarni aholining turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan turli xil jamoat faoliyatiga jalb etish mexanizmlarini shakllantirish muhimdir.

BMTning Volontyorlik dasturi 130ta mamlakatda keng ko‘lamli faoliyat olib bormoqda va 80ta mamlakatda hududiy vakolatxonalariga ega. Ushbu dastur asosida volontyorlar o‘zlarining hamkorlari bilan birga butun dunyo bo‘ylab ko‘ngillilarni birlashtirib, keng ko‘lamdagi loyiha va dasturlarda qatnashishi uchun yo‘l ochib berish orqali jahonda ko‘ngillilik harakatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Volontyorlik faoliyati quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

– yakka tartibdagi volontyorlik faoliyati;

– volontyorlar guruhi tarkibidagi volontyorlik faoliyati;

– volontyorlik tashkiloti orqali volontyorlik faoliyati.

Qonunga muvofiq, 18 yoshga to‘lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Volontyorlar bu faoliyat bilan oyiga 20 soatdan ko‘proq band bo‘lsa, volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi o‘rtasida yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Rivojlangan davlatlardagi volontyorlar faoliyati modellari

Germaniyada volontyorlikning Vürgerschaftliches Engagement fuqarolar faolligi modeli keng tarqalgan bo‘lib, bu model fuqarolarning barcha sohalardagi xatti-harakatlar yig‘indisi, ya'ni jamoat tashkilotlarida ishtirok etish, tashabbuskor bo‘lish, ijtimoiy foydali ishlar, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni bildiradi.

Anket-Komissiya ko‘ngillilar xizmatini formal majburiyat turi sifatida e'tirof etadi va uni uzoq vaqt davom etuvchi faoliyat shakli deb tan oladi. Anket-Komissiyaning Bundestagdagi faoliyati yakunlagandan so‘ng «Fuqarolar faolligi» quyi qo‘mitasini tuzishga qaror qilindi. 2002 yildan boshlab ushbu qo‘mita siyosat, jamoat arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, qolaversa oddiy fuqarolar uchun muzokaralar olib borish markaziga aylandi. Keyinchalik federal o‘lka ijtimoiy masalalar bo‘yicha vazirliklari qoshida maxsus muvofiqlashtiruvchi tuzilmalar ish boshladi.

Nemis modelida fuqarolar faolligi davlat subsidiarligiga asoslangan bo‘lib, u ijtimoiy xizmatlar va ko‘ngillilar faoliyatini nazorat qiladi va muvofiqlashtirib turadi.

Yoshlar hamkorligi markazi ma'lumotlariga qaraganda, Yevropada 52 foiz yoshlar u yoki bu ko‘rinishda volontyorlik bilan shug‘ullanadi. Ushbu ko‘rsatkich Polshada 22 foizni tashkil etadi. Faoliyat yuritayotgan jamoat tashkilotlari xodimlarining 50 foizi volontyorlar hisoblanadi.

Fransiyadagi Economie Sociale modeli davlat xizmatining ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi tarkibiy qismi hisoblanadi. Ko‘ngillilar faoliyatida ixtiyoriy ravishdagi volontyorlik, nodavlat sektori va jamoat tashkilotlaridagi fuqarolar faolligi elementlarini ko‘rish mumkin.

Buyuk Britaniyada, «National Trust UK» nodavlat tashkilotining 5,2 mln rasmiy a'zosi bo‘lib, unda 100 mingdan ziyod ko‘ngillilar faoliyat olib boradi. Ushbu tashkilot tarixiy obidalarni, bog‘larni saqlash, restavratsiya qilish, arxeologiya ishlarini amalga oshirish bilan shug‘illanadi. Bundan tashqari, tabiiy ko‘llar, o‘rmonlar, dengiz qirg‘oqlari sofligini saqlashga qaratilgan aksiyalarni tashkillashtiradi.

Shveytsariya modelida fuqarolar faolligi xalq harakati va davlatning ijtimoiy xizmatlar, dasturlarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilishini ko‘rish mumkin.

Shveytsariyada fuqarolar faolligi uch asosiy shakliga bo‘linadi. Bular quyidagilar:

  • Formal faoliyat, ya'ni ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda, ekologik harakatlar, jamoat tashkilotlarida ishtirok etish;
  • Noformal faoliyat, hudud (rayon, kvartal) miqyosida do‘stlarga, nochor oilalar, keksalar, nogironlarga yordam berish, holidan xabar olish va boshqa ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;
  • Ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun natural ko‘rinishda yoki moddiy hamda pul mablag‘lari orqali homiylik qilish.

Italiyada volontyorlik faoliyatini rivojlantirish uchun «Ijtimoiy ko‘ngillilar to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan. Nodavlat tashkilotlar, jamg‘armalar va ko‘ngillilar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi doimiy qo‘mita foliyat olib boradi. Volontyorlarning ko‘pchiligi ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi sohalarda faoliyat olib boradi. Hozirda Italiyada 5 mln fuqaro ijtimoiy xizmatlar bilan shug‘ullanadi.

Latviyada volontyorlik harakati 2003 yildagi «Jamoat birlashmalari va xayriya jamg‘armalari to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi. Qonunning 8-moddasida nodavlat tashkilotlari va xayriya jamg‘armalari o‘z faoliyatlaridagi ayrim vazifalarni bajarishga ko‘ngillilarni shartnoma tuzish orqali yollash hamda javobgarlik va yetkazilgan xarajatlarni qoplash bo‘yicha asosiy qoidalar berilgan.

Takliflar

Mamlakatimizda volontyorlik faoliyatini rivojlantirish davr talabidir. Yuqoridagi tahlillarimiz hamda xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, volontyorlik faoliyatini yanada rivojlantirish uchun quyidagi takliflarimizni beramiz:

Birinchidan, volontyorlik faoliyatida samarali ishtirok etuvchi fuqarolar, fuqarolik guruhlari va NNTlarni rag‘batlantirish tizimini joriy etish;

Ikkinchidan, davlat boshqaruvi organlarining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun volontyorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi NNTlarga budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmasini ajratish tartibini joriy etish orqali volontyorlikni rivojlantirish;

Uchinchidan, volontyorlik tashkilotlari va volontyorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik tartibini joriy etish;

To‘rtinchidan, aholining alohida qatlami (keksalar, ishlovchi pensionerlar, vaqtincha ishsizlar) bo‘yicha volontyorlikni muvofiqlashtiruvchi markazlarni tashkil etish;

Beshinchidan, volontyorlik faoliyatini hisobga olish tartibini yuritish;

Oltinchidan, volontyorlik xizmatlariga talab va mazkur xizmatlarni ko‘rsatadigan volontyorlar to‘g‘risida ma'lumotlar tarqatadigan internet-portalini yaratish, joylarda ijtimoiy sohalardagi xizmatlarga talab va volontyorlik xizmatlarini amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlar imkoniyatlarini aniqlash yuzasidan ma'lumot bazalarini shakllantirish.

Dildora Anvarova,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti mas'ul xodimie

 

Mavzuga oid